Ansoriy
Abdulloh Ansoriy | |
---|---|
Abuismoil Abdulloh ibni Abulmansur Muhammad Ansoriy Hiraviy | |
Tavalludi |
4-may 1006-yil |
Vafoti |
8-mart 1089-yil (82 yoshda) Hirot, Afg'oniston |
Fuqaroligi | Abbosiylar va Saljuqiylar imperiyasi |
Kasbi | shoir, soʻfi, yozuvchi |
Unvoni | Shayx ul-islom |
Abdulloh Ansoriy (forscha: خواجه عبدالله انصاری; toʻliq ismi: Abuismoil Abdulloh ibni Abulmansur Muhammad Ansoriy Hiraviy; 1006, Hirot — 1088) — fors-tojik shoiri, mufassir, faqih, tasavvuf shayxi[1].
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nasabi Ansorlarga borib taqalgani uchun ham „Ansoriy“ taxallusini olgan[2]. U „Piri Hirot“ va „Shayxulislom“ nomlari bilan katta shuhrat qozongan. „Nasoyim ul-muhabbat“da oʻz tilidan berilgan maʼlumotga koʻra, toʻrt yoshida maktabga boradi. 9 yoshida Abu Mansur va Joruziy asarlarini koʻchiradi. 14 yoshidan ilmiy davralarda ishtirok etadi. Maktab tahsili davrida sheʼr ham yoza boshlagan. Arab va fors sheʼriyatidan 100 ming bayt sheʼr, roviylar silsilasi bilan birga 300 ming hadis yod bilgan.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh Ansoriyning arab va fors-tojik tilida koʻplab asarlari mavjud:
- „Munojot“
- „Risolayi dilu jon“ („Dil va jon haqida risola“)
- „Ganjnoma“
- „Qalandarnoma“
- „Kanz ul-solikin“ („Soliklar xazinasi“)
- „Zod ul-musofirin“ („Sayr qiluvchilarning yoʻl ozigʻi“)
- „Haft hisor“ („Yetti qalʼa“)
- „Sad maydon“ („Yuz maydon“ (maqom maʼnosida)
- „Nasoeh“ („Nasihatlar“)
- „Muhabbatnoma“
- „Tabaqot us-soʻfiya“ („Tasavvuf tabaqalari“)
- „Manozil us-soyirin“ („Sayr qiluvchilarning manzillari“) va hokazo.
Arab tilida 6 ming baytdan ortiq sheʼr yozgan, bir qancha risolalarga sharh yozgan. Nasriy asarlari ichida kelgan 2000 ta ruboiy ham unga nisbat beriladi. Bundan tashqari, gʻazal, qitʼa va boshqa janrlarda ham ijod qilgan. Oʻzidan keyingi fors-tojik adabiyotiga kuchli taʼsir koʻrsatgan. Quyidagi adabiy hodiasalarning shakllanishi va taraqqiyoti uning nomi bilan bogʻlanadi:
- didaktik dostonchilik
- sajʼli nasr
- tasavvufiy sheʼriyat
„Yusuf va Zulayxo“ qissasini „Anis ul-muridin va shams ul-majolis“ („Muridlar doʻsti va majlislar quyoshi“) nomi bilan nasriy shaklga solgan. Jami 14 majlisdan iborat mazkur asarida tasavvufga oid ramzlarni badiiy shaklda dostonning asosiy obrazlari vositasida bayon qilgan. Bu yoʻlni keyinchalik Hakim Sanoiy va Nosir Xusrav kabi zabardast soʻz sanʼatkorlari ham muvaffaqiyat bilan davom ettirdi.
Navoiyning Abdulloh Ansoriyga ixlos-eʼtiqodi baland boʻlgan. „Nasoyim ul-muhabbat“da "har yerdakim Shayxulislom voqeʼdurur, mutlaq murod ondindur", deyiladi. Umrining oxirida barcha rasmiy mansab va lavozimlardan voz kechib, Abdulloh Ansoriy mozori jorubkashligini (supuruvchisi, xodimi) afzal bilgani ham bejiz emas.
Alisher Navoiy „Lison ut-tayr“da Abdulloh Ansoriy bilan bogʻliq „Koʻngilning xushligi — uning Haqqa mashgʻulligi“ mazmunidagi bir naqlni keltiradi. „Hayrat ul-abror“, „Majolis un-nafois“, „Mahbub ul-qulub“ asarlarida ham Ansoriy taʼrifi, u bilan bogʻliq naql va iboralar oʻrin olgan. „Nasoyim ul-muhabbat“ Abdulloh Ansoriyning "Tabaqot us-soʻfiya" tazkirasi asosida yozilganligi maʼlum. Jomiy uni keyingi toʻrt asrdagi yangi maʼlumotlar bilan toʻldirgan holda tarjima qilgan boʻlsa, Navoiy unga turkiy mashoyixlar haqidagi maʼlumotlarni qoʻshgan.
Alimulla Habibullaevning yozishicha, Alisher Navoiy ijodida uning Ansoriyga munosabati uch xil koʻrinishda namoyon boʻladi:
- Abdulloh Ansoriyning tarixiy shaxs, yaʼni shayx ul-islom sifatidagi faoliyati;
- Abdulloh Ansoriyijodkor sifatida; uning adabiy merosi, obrazlaridan oʻz gʻoyalarini ilgari surish uchun foydalanish;
- Abdulloh Ansoriy mutafakkir sifatida; uning falsafiy dunyoqarashiga boʻlgan munosabat alohida-alohida oʻz aksini topgan.
Oʻzbekiston Xalq shoiri, tarjimon Jamol Kamol Abdulloh Ansoriyning ruboiylarini oʻzbek tiliga oʻgirgan[2].
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xoja Abdulloh Ansoriy 1088-yili Hirotda vafot etadi[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
- ↑ "Alisher Navoiy: qomusiy lug'at", "Sharq" NMAK, 2016.
- ↑ 2,0 2,1 „Abu Abdulloh Ansoriy ruboiylari & Xoja Ansoriy munojoti“ (2022-yil 4-may). Qaraldi: 2022-yil 3-dekabr.
- ↑ „XOJA ABDULLOH ANSORIY (1006-1088)“ (2013-yil 26-oktyabr). Qaraldi: 2022-yil 3-dekabr.