Abdurrahim ibn Ahmad al-Buxoriy
Abu Zakariyo Abdurrahim ibn Ahmad ibn Nasr ibn Ishoq ibn Amr ibn Muzohim ibn Gʻiyos at-Tamimiy al-Buxoriy al-Hofiz | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 992-yil (hijriy 382-yil) |
Vafoti |
milodiy 1068-69-yil (hijriy 461-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | muhaddis, hadis hofizi |
Abdurrahim ibn Ahmad al-Buxoriy (arabcha: عبد الرحيم بن أحمد البخاري — Abu Zakariyo Abdurrahim ibn Ahmad ibn Nasr ibn Ishoq ibn Amr ibn Muzohim ibn Gʻiyos at-Tamimiy al-Buxoriy al-Hofiz, 382/992, Buxoro — 461/1068-1069, Misr) — muhaddis, hadis hofizi.
Abdurrahim ibn Ahmad al-Buxoriy so‘z va rivoyatlari ishonchli hofiz, muhaddis, imom-peshvolardan bo‘lib, milodiy yilning may-iyun (hijriy yilning rabi’ul-avval) oylarida tug‘ilgan va Misr viloyatlaridan hisoblangan Havro’da vafot etgan.
Taʼlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdurrahim ibn Ahmad al-Buxoriy sayyoh ham bo‘lib, hadis ilmi talabida Xuroson, Iroq, Shom, Yaman, Misr, Afrika, Andalusiya (Ispaniya) diyorlariga safar qilgan va u yerning shayx va olimlaridan taʼlim olgan.
Hadislari
[tahrir | manbasini tahrirlash]U Buxoroda Muhammad ibn Ahmad al-Gʻunjor al-Buxoriy, Abu-l-Fazl Ahmad ibn Ali as-Sulaymoniy al-Baykandiy va Abu Abdulloh al-Husayn ibn al-Hasan al-Halimiylarni, Xurosonda Abu Yaʼlo al-Muhallabiyni tinglagan, so‘ng Misrda yashab qolib, Abdulg‘aniy ibn Saʼid al-Azdiy al-Hofizdan, Damashqda Tammom ibn Muhammad ar-Roziydan, Bag‘dodda Abu Umar ibn Mahdiy va boshqalardan hadis rivoyat qilgan.
Shamsuddin az-Zahabiyning „Tazkira al-huffāz“ asarida Abdurrahim ibn Ahmad al-Buxoriyning tarjimai holida roviylar zanjirida hofiz ham ishtirok etgan hadislardan uchtasi keltirilgan bo‘lib, birinchi (isnodida noaniqlik mavjud, sahih bo‘lmagan hadis) va ikkinchisi (Imom Muslimning hadis to‘plamida kelgan hadis)ning sanadi Ibn Allon hamda al-Hasan ibn Alilardan Ali ibn Abu Tolibga, uchinchisi (sahih, g‘arib hadis)niki Abdulloh ibn Hofizdan an-Noʻmon ibn Bashirga yetib borganiga guvoh bo‘lish mumkin. Manbalarda olim, shuningdek, al-Hofiz Abdulg‘aniy ibn Saʼidning „Mushtabah an-nisba“ asarini ham rivoyat qilgani zikr qilinadi.
O‘z navbatida, hofizdan ustozi Abdulvahhob ibn Abdulloh ibn al-Habbob, shofeʼiy faqihi Abu-l-Fath Nasr ibn Ibrohim al-Maqdisiy, Musharraf ibn Ali at-Tammor, Jamil ibn al-Hasan al-Modroiy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ar-Roziy va boshqalar hadis rivoyat qilganlar.
Iqtibos
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yoqut al-Hamaviy «Mu’jam al-buldān»da olimning «Buxoroda mening o‘n to‘rt ming juz(li asarlar)im bor. Uni (u yerdan) olib ketib, bu yerga [Misrga] keltirishni xohlayman», – deb aytgan so‘zlarini naql qiladi.
Asari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Risāla ar-rihla va asbābuhā va qavlu lā ilāha illallāh va savābuhā“[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Yoqut. Mu’jam. -Misr: „As-Saʼoda“, 1906. II, 58;
- Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. — Bayrut: „Dor ihyo at-turos“, 1906. III, 1157;
- Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. — Damashq-Bayrut: „Dor Ibn Kasir“, 1991. V, 258;
- Kahhola. Mu’jam al-muallifӣn. — Damashq: „At-Turos“, 1957. V, 202;
- Imom Shamsiddin Zahabiy. Mashhur daholar siyrati. — T.: „Hilol-nashr“, 2017. 52-54.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |