Abis ibn Abu Shabib ash-Shuqayriy
Abis ibn Abu Shabib al-Shuqayriy عابس بن ابي شبيب الشاکري | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Vafoti | milodiy 680-yil 10-oktyabr (hijriy 61-yil Muharram oyining 10-kuni) |
Oʻlim sababi | Karbalo jangida shahid boʻlgan |
Dafn etilgan joyi | Karbalo, Iroq |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Husayn ibn Alining hamrohi |
Abis ibn Abi Shabib ash-Shuqayriy (arabcha: عابس بن ابي شبيب الشاکري) Siffin jangida ishtirok etib yaralangan, Karbalo jangida shahid boʻlgan.
Nasabi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abis ibn Abu Shabib buyuk Banu Hamdon qabilasining Banu Shokir boʻlimidan boʻlgan. Qabila odamlari urushlarda ishtirok etgan jasur kishilar boʻlgan va shu sababli arablar ularni „Fatayan as-Saboh“, yaʼni „Tong yoshlari“ deb atagan[1]. Manbalarda Abisning otasining ismi Shabib, Habib, Shibs yoki Lays sifatida qayd etilgan[2]. Abis shia zodagonlaridan va ularning boshliqlaridan biri boʻlgan. U, shuningdek, ahli-bayt ixlosmandlari va Ali ibn Abu Tolibning izdoshlaridan boʻlib, alohida hurmat-eʼtiborga sazovor shaxs boʻlgan[3].
Siffin jangi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abis Siffin jangida Ali ibn Abu Tolibning askarlari safiga qoʻshilgan. Jangda peshonasidan olgan jarohati butun umr iz boʻlib qolgan[4].
Muslim ibn Oqilga qoʻshilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muslim ibn Oqil Kufaga kirgach, Muxtor ibn Abu Ubaydning uyiga borgan. U yerda Kufa shialari toʻplanib turgan edi. Muslim ibn Oqil ularga Husaynning maktubini oʻqib bergan, maktubni eshitganlar yigʻlay boshlagan. Yigʻilishda birinchi boʻlib Abis oʻrnidan turib, Allohga hamd va tasbeh aytgan: „Bugundan boshlab men odamlarning nomidan gapirmayman, ularning qalblarida yashiringan narsadan xabardor emasman va shu sababli sizni aldashni xohlamayman. Allohga qasamki, men faqat yuragimdagini aytaman. Allohga qasamki, qachon chaqirsang, men senga javob beraman va dushmanlaringga qarshi yoningda turib jang qilaman. Sening huzuringda Allohga roʻbaroʻ boʻlgunimcha ularga qarshi qilich koʻtaraman. Allohning marhamatidan boshqa narsani niyat qilmayman“. Shundan keyin Habib ibn Muzohir ham oʻrnidan turib, Husaynga yordam berishga tayyorligini bildirgan. Bu ikki shaxsning nutqlari odamlarning bay’atiga zamin boʻlgan va 18 mingdan ortiq kishi Muslim ibn Oqilga bay’at qilgan[5].
Husayn ibn Alini qoʻllab-quvvatlashi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kufa ahlining koʻpchiligi Muslimga bay’at qilganlaridan soʻng, Muslim Husaynga maktub yozib, uni Kufaga taklif qilgan. Maktubni Abis ibn Abu Shabib va uning quli bilan joʻnatib yuborgan. Abis maktubni Makkada Husaynga yetkazib bergan[6]. Maktubni olgan Husayn ibn Ali va uning karvonini Makkadan Karbalogacha kuzatib borgan. Jangda Husaynning koʻp sahobalari shahid boʻlib, kamchilik boʻlib qolganini koʻrgach[7], Abis xizmatkori Shavzobga yuzlanib: „Endi nima qilmoqchisan?“ deb soʻraydi. Shavzob: „Men sen bilan birga paygʻambarning oʻgʻlini himoya qilaman“, deb javob beradi[8].
Umar ibn Saʼd qoʻshinida boʻlgan Rabi’ ibn Tamim al-Hamdaniy shunday deydi: "Abisning jang maydoniga kelayotganini koʻrib, uni tanidim, turli urushlarda uning janglariga guvoh boʻlganligim bois uni bilardim. Umar ibn Saʼdning qoʻshiniga: „Bu kishi Shabibning oʻgʻli“, deb aytdim. Abis uzoq baqirib, kimnidir u bilan jang qilishini soʻrar edi, lekin hech kim unga qarshi jang maydoniga borishga jur’at eta olmasdi. Abis hech kim u bilan jang qilmasligini koʻrgach, zirh va dubulgʻasini yechib, Kufa lashkariga hujum qildi va ularni birma-bir qira boshladi. Shundan keyin Umar ibn Saʼdning buyrugʻi bilan Abis toshboʻron qilindi. Rabiʼ ibn Tamim shunday deydi: „Xudoga qasamki, men uning 200 dan ortiq odamni yaralaganini va oʻldirganini koʻrdim, lekin oxir-oqibat, uni qamal qilib, boshini kesib olishdi. Men shohid boʻldimki, Abis ibn Shabibning boshini bir-birlariga uzatib berishayotgan edi“. Umar ibn Saʼd: „Bir-biringiz bilan bahslashmanglar! Xudoga qasamki, bu odamni hech kim oʻldira olmas edi“, deb aytgan[9]. Abisning boshsiz jasadi Husayn tomonidan shahidlar chodiriga koʻchirilgan va Ashuro voqeasidan keyin Banu Asad qabilasi tomonidan dafn etilgan.
Abis Husaynning hamrohlaridan boʻlib, uning nomi „Ziyorat Rajabiyya“ va „Ziyorat an-Nahiya al-Muqaddasa“da tilga olingan[10].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Maḥallī. al-Ḥadāʾiq al-wardīyya — 212-bet.
- ↑ al-Khwarizmi. Maqtal al-Husayn — 26-bet.
- ↑ Samāwī, Muḥammad ibn Ṭāhir. Ibṣār al-ʻayn fī inṣār al-Ḥusayn. Najaf, Iraq: al-Maṭbaʻah al-Ḥaydarīyah, 1922 — 127-bet.
- ↑ Samāwī, Muḥammad ibn Ṭāhir. Ibṣār al-ʻayn fī inṣār al-Ḥusayn. Najaf, Iraq: al-Maṭbaʻah al-Ḥaydarīyah, 1922 — 127-bet.
- ↑ Muhammad ibn Jarir al-Tabari. Tarih-i Tabari — 355-bet.
- ↑ Muhammad ibn Jarir al-Tabari. Tarikh Tabari — 210-bet.
- ↑ Samāwī, Muḥammad ibn Ṭāhir. Ibṣār al-ʻayn fī inṣār al-Ḥusayn. Najaf, Iraq: al-Maṭbaʻah al-Ḥaydarīyah, 1922 — 127-bet.
- ↑ Muhammad ibn Jarir al-Tabari. Tarikh Tabari — 443-444-bet.
- ↑ Muhammad ibn Jarir al-Tabari. Tarikh Tabari — 444-bet.
- ↑ Al-Sayyid Radi al-Din 'Ali b. Musa b. Tawus al-Hilli. Iqbal al-a'mal — 79-bet.