Kontent qismiga oʻtish

Abu Dovud Sulaymon ibn Najoh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Dovud Sulaymon ibn Najoh al-Qurtubiy al-Umaviy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 1022-yil (hijriy 413-yil)
Vafoti milodiy 1103-yil (hijriy 496-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi qiroat olimi

Abu Dovud Sulaymon ibn Najoh (arabcha: أبو داود سليمان بن نجاح — Abu Dovud Sulaymon ibn Najoh al-Qurtubiy al-Umaviy) — qiroat olimi. Hijriy 413-yil (milodiy 1022-yil)da Kardovada tugʻilib, 496-yil (milodiy 1103-yil)da Valensiyada vafot etgan.

Umar Rizo Kahhola va Ahmad Atiyyatullohlar Abu Dovud Sulaymon ibn Najohning otasi Andalus amiri Hishom ibn Hakam al-Muayyad-billahning ozod qilgan quli bo‘lgan, deb aytgan bo‘lsalar-da, qadimiy manbalarga ko‘ra, mazkur amir tomonidan ozod qilingan qul uning otasi emas, balki o‘zidir. Daniya va Valensiyada yashagani zikr qilingan Abu Dovud Sulaymon ibn Najohning hayoti haqida manbalarda yetarlicha maʼlumotlar yo‘q.

Qiroat ilmini Abu Amr ad-Doniydan o‘rgangan. Uning eng peshqadam shogirdlaridan bo‘lgan. Shuningdek, Ibn Abdulbar an-Namariy, Abu Abdulloh ibn Saʼdun, Abu-l-Valid al-Bojiy va Abu Shokir al-Xatib kabi ustozlardan tafsir, hadis va fiqh ilmlarini taʼlim olgan. Undan qiroat ilmini o‘rgangan ko‘plab shogirdlari orasida Abu Abdulloh ibn Saʼid ad-Doniy, Abu Ali as-Sadafiy, Ahmad ibn Sahnun al-Mursiy, Abu Dovud Sulaymon ibn Yahyo al-Qurtubiy va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Xattotlikda ham mohir bo‘lgan Abu Dovud Sulaymon ibn Najoh „Sahӣh al-Buxārӣ“ni o‘n, „Sahӣh Muslim“ni esa, olti jild holida ko‘chirgani zikr qilinadi.

Abu Dovud Sulaymon ibn Najoh yigirma oltita asar yozgan bo‘lib, ularning baʼzilari quyidagilar:

  • „At-Tanzӣl fӣ hijā al-masāhif“;
  • „Taʼlӣf fӣ usӯl az-zabt va kayfiy­yatih ’alā jihati-l-ixtisār“;
  • „Bayān al-jāmi’ li-’ulӯm al-Qur’ān“ (300 jilddan iborat);
  • „Al-I’timād fӣ usӯl al-qirāa va-d-diyāna“;
  • „As-Salāt al-vus­tā“ va boshqalar[1].
  1. Az-Zahabiy. Siyar. XIX, 168-170;
  2. Az-Zahabiy. Maʼrifa al-qurrā. I, 450-451;
  3. Kahhola. Mu’jam al-muallifӣn. IV, 278;
  4. Brockelmann. GAL. Suppl., II, 349;
  5. Al-Qāmӯs al-islām. II, 340;
  6. Abdurrahman Çetin. „Ebû Dâvûd, Süleyman b. Necâh“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 119.
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.