Ashxoboddagi Oʻzbekiston elchixonasiga bosqin
Ashxoboddagi O‘zbekiston elchixonasiga bosqin | |
---|---|
Koordinatlar | 37°56′39″N 58°21′32″E / 37.94417°N 58.35889°E |
Sana |
2002-yil 16-dekabr Kechqurun |
Nishon | O‘zbekiston Respublikasining Ashxoboddagi elchixonasi |
Hujum turi |
Bosqin |
Halok boʻlganlar | 0 |
Jarohat olganlar |
0 |
Tajovuzkorlar | Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligi xodimlari va maxsus kuchlari |
Maqsadi | Boris Shixmurodov va prezidentga suiqasd hamda davlat to‘ntarishiga uringan boshqa ishtirokchilarni qidirish. |
Ashxoboddagi O‘zbekiston elchixonasiga bosqin — 2002-yil 16-dekabrda Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligi maxsus kuchlari va xodimlarining Ashxoboddagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasiga bostirib kirishi Turkmanistonda davlat to‘ntarishini amalga oshirishdagi muvaffaqiyatsiz urinish hamda mamlakatning o‘sha paytdagi prezidenti Saparmurot Niyozovning hayotiga qilingan muvaffaqiyatsiz suiqasd tufayli sodir bo‘lgan. Turkmaniston hukumati O‘zbekistonni „isyonchilarni qo‘llab-quvvatlashda“, mamlakat prezidentiga suiqasd uyushtirishda va davlat to‘ntarishi ishtirokchilarini elchixonada yashirganlikda ayblaydi. Bu eng yangi davrda Diplomatik munosabatlar toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasining qo‘pol ravishda buzilishiga yorqin misollaridan biri. Ushbu hodisaning bir-biriga qarama-qarshi versiyalari va sabablari hali ham mavjud[1].
2002-yil 16-dekabr kuni kechqurun Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligining maxsus kuchlari guruhi Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi hududga hujum uyushtirishdi. Elchixona xodimlarining noroziligiga qaramay, Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligining maxsus kuchlari va boshqa xodimlari O‘zbekiston elchixonasi binosiga bostirib kirib, diplomatik vakolatxonalar va elchilarning daxlsizligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasini qo‘pol ravishda buzishgan. Elchixona binosi ichida esa Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligining maxsus kuchlari va boshqa xodimlari yashirinib yurgan Boris Shixmurodovni qidira boshlashgan. O‘zbekistonga tegishli suveren va daxlsiz hududga bostirib kirishni Turkmaniston hukumati „elchixonada yashiringan terrorchilarni qidirish“ bilan izohlashadi[2].
Elchixonaga bostirib kirish paytida O‘zbekiston elchisi Abdurashid Qodirov rafiqasi bilan Qozog‘iston Respublikasi elchixonasida Qozog‘iston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda bo‘lgan. Elchixonaga bostirib kirilganligi haqidagi xabar O‘zbekiston elchisiga darhol xabar qilingan va elchi elchixonaning boshqa xodimlari bilan birga sodir bo‘lgan voqea haqida tadbirda ishtirok etayotgan boshqa davlatlarning elchilariga maʼlum qiladi. O‘zbekiston elchisi bilan birga boshqa davlatlarning bir qancha elchilari, jumladan, YXHT vakilligi rahbari voqea joyiga jo‘nab ketishadi. Bu vaqtga kelib Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligining maxsus kuchlari va xodimlari elchixona hududidan birorta ham „terrorchi“ni topa olmay chiqib ketishgandi, biroq ketishdan oldin ular nomaʼlum shaxsning „iqror“ini videotasvirga olishgan. Oʻzbekiston elchixonasi oldida kamera qarshisida turgan Turkmaniston fuqarosi „boshqa sheriklari“ bilan bir necha kun davomida ushbu elchixonada uni qidirayotgan Turkmaniston huquq-tartibot idoralaridan yashiringanini aytadi. Bosqin paytida elchixonada bo‘lgan O‘zbekiston elchixonasi xodimlari barcha elchilarga bo‘lib o‘tgan voqeani aytib berishadi[2].
Bosqinga munosabat
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yuz bergan voqealarning ertasiga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Turkmanistonni „Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasining xalqaro huquq normalari va tamoyillari hamda qoidalarini, shuningdek ikki tomonlama davlatlararo shartnomalarni qo‘pol ravishda buzganlikda“ ayblab, rasmiy norozilik bildiradi. Turkmaniston elchisi Soltan Pirmuhammedov O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga rasmiy ravishda „bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan zudlik bilan tushuntirish berishni, shuningdek, aybdor shaxslarni aniqlash va ularni jiddiy javobgarlikka tortish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirish“ talab etilgan norozilik notasi topshiriladi. Shuningdek, mavjud voqea yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining bayonoti OAVda chop etiladi[3]. Ayni paytda O‘zbekiston-Turkmaniston chegarasida keskinlik paydo bo‘lib, hujjatlarni tekshirish kuchaytiriladi. Natijada Turkmaniston O‘zbekiston bilan chegarasini bir tomonlama yopadi. Ikkala tomonda ham qoʻshimcha postlar oʻrnatiladi. Garchi yaqinda mamlakatlar oʻrtasida har ikki mamlakat fuqarolari uchun maxsus doʻkonlar va chegara savdo nuqtalarini tashkil etish haqida muzokaralar boʻlib oʻtgan boʻlsa-da, Turkmaniston zudlik oʻz hududiga Oʻzbekistonning ehtimoliy „intervensiya“si boʻlgan taqdirda uni himoya qilish uchun chegaraga oz sonli qoʻshinini joylashtira boshladi. Turkmaniston prezidenti Saparmurat Niyozovga elchixonadagi voqealarga javoban Oʻzbekiston tomonidan harbiy agressiya amalga oshirilishi, yaʼni uning rejimi agʻdarilishi va keyinchalik oʻz mamlakatining Oʻzbekistonga qoʻshib olinishiga ishonchi bordi, ammo bu aslida mutlaqo asossiz edi[2].
Daxlsiz hisoblangan diplomatik vakillikka bostirib kirish xalqaro hamjamiyatning deyarli barcha aʼzolari, jumladan, BMT, YXHT, Yevropa Ittifoqi, AQSh va boshqalar tomonidan keskin qoralandi. O‘zbekistonning Ashxoboddagi diplomatik vakilligi va savdo vakolatxonasi xodimlari voqeani „ochiq provokatsiya“ deb atagan. Baʼzi turkman rasmiylari o‘z ismini oshkor qilmaslik sharti bilan bo‘lib o‘tgan hodisa bo‘yicha xorijiy nashrlarga intervyular berishgan. Xususan, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlaridan biri „Kommersant“ gazetasiga bergan intervyusida shunday deydi[2]:
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlarda katta muammolar borligi anchadan beri maʼlum. Buning so‘nggi tasdig‘i sifatida, dushanba (16-dekabr) kuni ro‘y bergan voqeadan tashqari, bosh vazir O‘tkir Sultonov boshchiligidagi O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining yaqinda Ashxobodga tashrifi hisoblanadi. Bu tashrif chog‘ida o‘zbekistonlik mehmonlar ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilish o‘rniga turkmanistonlik hamkasblarining pand-nasihatlarini, Turkmanistonga neft-gaz sohasida imtiyozlar berish bo‘yicha „talab-tavsiya“larini tinglashga majbur bo‘ldilar. Aytishlariga qaraganda, Sultonov muzokaralar muhitidan shunchalik g‘azablanganki, tom maʼnoda „eshikni tars yopib“, uchrashuvning rasman tugashini kutmasdan, Toshkentga uchib ketgan. Shundan soʻng ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar sezilarli darajada sovuqlashadi.
Turkmaniston rasmiylari O‘zbekistonni prezident Saparmurat Niyozovga muvaffaqiyatsiz suiqasd uyushtirib, davlat to‘ntarishini amalga oshirgan Boris Shixmurodov boshchiligidagi turkman muxolifatini qo‘llab-quvvatlashda ayblaydi. O‘zbekiston barcha ayblovlarni rad etadi va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov Saparmurat Niyozovga qo‘llab-quvvatlash so‘zlari bilan telegramma yo‘llaydi: „Terror xuruji — hayotingizga suiqasd qilinganligi haqidagi xabar O‘zbekistonda chuqur xavotir va g‘azabni uyg‘otdi. O‘zbekiston terrorizmni doimo har qanday shaklini qoralab kelgan va qoralaydi hamda bu illatga qarshi kurashda har tomonlama hamkorlik qilishga tayyor“. Saparmurat Niyozov bu soʻzlarning samimiyligiga ishonmaydi va prezidentlar hamda davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar juda sovuqlashib, chuqur inqirozga yuz tutadi[2]. Tovar ayirboshlash ko‘p marotaba kamayadi, ikki davlat chegarasida tartib kuchaytiriladi, davlatlar o‘rtasida viza rejimi saqlanib qolinadi, ikki davlat fuqarolari viza olishda katta qiyinchiliklarga duch kelishadi. Saparmurat Niyozov O‘zbekistonni o‘z hokimiyatiga tahdid sifatida ko‘rib, ochiqchasiga qo‘rqishni boshlagan. Ayni paytda Qozog‘iston, Rossiya, Eron va Turkiya ikki prezidentni yarashtirishga harakat qila boshladi. Oradan ikki yil o‘tib, Turkmaniston va O‘zbekiston prezidentlari o‘rtasida ilk telefon muloqoti bo‘lib o‘tadi. Saparmurat Niyazovning matbuot xizmati xabariga koʻra, „prezidentlar bugungi kunda uzoq va chuqur tarixiy anʼanalarga ega boʻlgan ikki xalq oʻrtasida hal etib boʻlmaydigan nizolar yoʻqligini, hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligini taʼkidlaydilar. Ushbu salohiyatni ishchi guruhlar tomonidan amalga oshiriladi va tegishli hujjatlarni tayyorlaydilar. Suhbatdan so‘ng ikki prezident zudlik bilan ushbu guruhlarni tuzish bo‘yicha ko‘rsatma berishadi“[4]. 2006 yil dekabrida Saparmurat Niyazov vafoti va uning oʻrniga Gurbanguli Berdimuhamedov kelishi tufayli mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar yaxshilanib, doʻstona va ittifoqchilik xarakteriga ega boʻldi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „2002: Туркманбошига суиқасд, Юртбошига янги муҳлат“. // BBC.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 „Туркмения вторглась на территорию Узбекистана“. «Коммерсантъ».
- ↑ „„Xalq so‘zi“ gazetasi. №274 (3102)“ (2002-yil 18-dekabr). Qaraldi: 2022-yil 23-iyul.
- ↑ „В минувшую пятницу впервые за несколько лет состоялся телефонный разговор президентов Узбекистана и Туркмении“. ИА «Фергана.Ру».