Kontent qismiga oʻtish

Foydalanuvchi:Abbos1202/Gametogenez

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

GAMETOGENEZ (gametalar va… genez) — jinsiy hujayralar — gametalarning rivojlanishi. Hayvonlarda Gametogenez diffuz va lokal boʻladi. Gametalar diffuz Gametogenezda tananing istagan qismida (gʻovaktanlilar, ayrim boʻshliqichlilar, yassi chuvalchanglar), lokal Gametogenezda maxsus jinsiy bezlar — gonadalarda (koʻpchilik hayvonlarda) hosil boʻladi. Umurtqali va koʻpchilik umurtqasiz hayvonlarda gametalar birlamchi jinsiy hujayralar (gonotsitlar)dan vujudga keladi. Gonotsitlar ekto yoki endoderma hisobidan birinchi meyotik boʻlinishdan soʻng yoki embriogenezning dastlabki davrlarida hosil boʻladi. Umurtqali va ayrim umurtqasizlar murtagida sodir boʻladigan ilk Gametogenezda gonotsitlar gonadalar shakllanishi lozim boʻlgan joydan uzoqroqda paydo boʻladi va qon, toʻqima plastlari orqali yoki faol harakatlanib gametalar ixtisoslashgan joyga koʻchib oʻtadi. Gametogenez kechroq roʻy beradigan hayvonlarda (gidralar, lishankalar, qobiklilar) paydo boʻladigan va ular ixtisoslashadigan joy oʻzaro moye keladi. Gonotsitlar jinsiy determinatsiya boʻlganidan soʻng spermatogenez (urugʻ hujayralarning koʻpayib, ixtisoslashuvi) va oogenez (tuxum hujayralarning koʻpayib ixtisoslashuvi) boshlanadi. Sut emizuvchilarda spermatogenezning ayrim bosqichlari va umuman barcha jarayonlari muddati qatʼiy belgilangan boʻlib, ularning tezligi gormonal omillarga bogʻliq boʻlmaydi. Oogenezda esa tuxum hujayralarning yetilishi ancha uzoq davom etadi va gormonlar taʼsirida boʻladi. Gametogenezga ontogenezning ilk bosqichi sifatida qaraladi. Gametogenezning buzilishi urugʻlangan tuxum va boʻlajak organizmning rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatishi mumkin. Gametogenez oʻsimliklarda megasporagenez va mikrosporagenez deb ataladi.

Manba

https://qomus.info/oz/encyclopedia/g/gametogenez/