Kontent qismiga oʻtish

Fuqaro mudofaasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fuqaro mudofaasi - aholini dushmanning ehtimol tutilgan havo hujumidan himoya qilish va xalq xoʻjaligining barqaror ishlab turishini taʼminlash uchun oʻtkaziladigan umumdavlat tadbirlari tizimi. XX-asrning 50—60-yillarida yirik davlatlarda tashkil etilgan. Fuqaro mudofaasining maxsus boshqaruv organlari, qoʻshinlari, harbiylashtirilgan va harbiylashtirilmagan qismlari (bu qismlar mehnatga yaroqli aholi hisobidan tuziladi) boʻlgan. Oʻzbekiston Respublikasi hukumati 1991-yilda Turkiston harbiy okrugi Fuqaro mudofaasi shtabi va uning joylardagi boʻlinmalari boʻlmish ilgarigi Fuqaro mudofaasi tizimini qayta koʻrib chiqib, uni fuqaro muhofazasi tizimiga aylantirdi. Ushbu tizimdan harbiy va militarizatsiya yoʻnalishi chiqarib tashlandi. Ayni paytda uning inson xavfsizligini taʼminlash, hayoti va sogʻligʻiga taxdidning oldini olish borasidagi vazifalari kengaytirildi. Bu tizim Mudofaa ishlari boʻyicha vazirlik tarkibiga Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi sifatida kiritiddi. Prezident I. A. Karimov soʻzlariga koʻra, Fuqaro mudofaasi birinchidan, faqat xabardor qilish bilan shugʻullanib qolmay, balki ilmiy maʼlumotlardan, tarixiy tajribalardan, gidrometeomarkaz axborotlaridan, Oʻzbekiston hududining geologik oʻziga xos tomonlaridan foydalangan holda favqulodda vaziyatlarni bashorat qila olishlari, odamlar xavfsizligini taʼminlash va obyekt lar barqarorligini oshirish borasida tavsiyalar berishlari darkor. Ikkinchidan Fuqaro mudofaasi tashkilotlarining koʻrsatmalari barcha vazirliklar, boshqarmalar, mahalliy hokimiyat tizimlari, fuqarolar tomonidan bekamu koʻst bajarilishi lozim. Uchinchidan, Fuqaro mudofaasi tizimlari faqat koʻrsatmalar berish bilan chegaralanib qolmay, balki harbiylar sifatida rahbarlarni, fuqarolarni taklif etilgan muhandisliktexnik va profilaktik tadbirlarni bajarishga majbur etishlari va ushbu ishlarni tashkil etishlari lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 4-martdagi farmoniga binoan, aholini va xalq xoʻjaligi obyektlarini tabiiy ofatlardan muhofaza qilishning samarali tizimini tashkil etish, respublikada tabiiy va texnogen tusdagi favqulodsa vaziyatlarni oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligining Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil qilingan.

Islom Inoyatov.