Golji kompleksi
Eukaryotik hujayra organellalari:
|
Golji kompleksi, Golji apparati, plastinkasimon apparat — hamma eukariot hujayralar uchun xos organoid. Golji kompleksini Golji (1898) nerv hujayralarida kashf qilgan. Strukturaviy va funksional birligi — diktiosoma. Hujayra sitoplazmasida birbiri bilan umumiy toʻr orqali bogʻlangan 20 ga yaqin diktiosomalar boʻladi. G.k. koʻpincha sentriollarni oʻrab turadi, hujayraning G.k. joylashgan qismida ribosomalar deyarli boʻlmaydi. Sekretor hujayralarda G.k. hujayraning apikal qismida joylashadi. Funksiyasi — oqsillarni modifikatsiyalash (glyukozalash, sulfatlash, fosforlash, qisman polipeptid zanjirni parchalash va b.), ajratiladigan mahsulotlarni granulalar holida taxlash, ayrim polisaharidlarni sintezlash, hujayra membranasini hosil qilish, lizosomalarni sintezlash. Oqsillar membranali pufakchalar ichida endoplazmatik toʻrdan G.k. ga oʻtadi. G.k.da ulardan murakkab oqsillar (lipoproteidlar, mukoproteidlar, mukopolisaharidlar) hosil boʻladi. Tayyor mahsulotlar pufakchalarda toʻplanadi. Pufakchalar diktiosomalar uchidagi xaltachalardan sitoplazmaga chiqib, u yerda toʻplanadi yoki mikronaychalar orqali hujayradan tashqariga chiqariladi. Oʻsimlik hujayralarida G.k. hujayra devori tarkibiga kiradigan gemitsellyuloza va pektinni sintezlaydi, polisaharidli shilimshiq modda sintezida ishtirok etadi. Bir hujayrali hayvonlarda G.k. elementlari qisqaruvchi vakuollar hosil qiladi. G.k. granulotsitlar uchun granulalarni va spermiylar akrosomalarini shakllantiradi.
Hujayra boʻlinishida G.k. alohida diktiosomalarga ajralib ketib, yangidan hosil boʻladigan hujayralar oʻrtasida tasodifan taqsimlanadi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |