Kontent qismiga oʻtish

Immunologik tolerantlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tolerantlik (immunologik tolerantlik — barcha antigenlarga immunoreaktivlik xususiyatini saqlagan holda organizmning muayyan antigenga nisbatan immunologik javobining yoʻqolishi yoki susayishi. "T." termini ingliz olimi P. Medavar (1953) tomonidan koʻchirib oʻtqazilgan begona toʻqimaga nisbatan organizm immun sistemasi "chidamliligini" koʻrsatish maqsadida taklif etilgan. "Immunologik falajlik", "areaktivlik", "antigen ogʻirligi" kabi terminlar T. ning har xil shakllariga moye keladi. Sogʻlom organizmning immun tizimi oʻzining antigenlariga nisbatan tolerant boʻlishi tufayli organizm toʻqima va hujayralariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan antitelolarni ishlab chiqarmaydi. Homilaning alloantigenlarga nisbatan tolerantligining fiziologik holati homiladorlik paytida vujudga keladi, degan taxminlar mavjud. Kon hosil qiluvchi (plazmatik) hujayralarning ona qornida boʻladigan almashinuvlari natijasida har xil tuxumli egizaklarda ham qonning guruhlangan (qarang Qon guruhlari) antigenlariga nisbatan oʻzaro fiziologik T. paydo boʻlishi mumkin.

Bakteriya va viruslarga nisbatan T. latent, yaʼni yashirin infeksiya yuqqanida (mas., odamda zardob gepatiti virusi) kuzatiladi. Organ va toʻqimalar transplantatsiyasi (koʻchirib oʻtqazish) da transplantantning takdiri retsipiyentda donorning gistooʻrindosh antigenlariga nisbatan hosil qilinayotgan T.ning qanchalik toʻliq va uzoq boʻlishi bilan aniklanadi. Xususiy antigenlarga nisbatan T.ning buzilishi avtoimmun kasalliklarni keltirib chiqaradi. T. toʻliq yoki immun javobning biron shakliga taallukli boʻlishi mumkin (mas., antigenlar hosil qilish qobiliyatini yoʻqotganda hujayra immunitetini saqlab qolish). T.ning murakkab tabiati, bu holatni oʻrganish uchun tajribalar oʻtkazish vaqtida ochiladi. Immunokompetent hujayralar maʼlum klonlari hayot faoliyatining pasayishi yoki butunlay toʻxtashi natijasida qaytmas T. vujudga kelishi kuzatilgan. Bunday holat immun sistema pishib yetilmagan davrda, ayniqsa, organizmga koʻp miqsorda antigenlar kiritilganda paydo boʻladi (homilaning ona qornida rivojlanishi davrida yoki bola tugʻilgandan keyingi dastlabki kunlarda).

Voyaga yetgan organizmlarda T.ni, ionlovchi nurlar yoki immunodepressantlar yordamida immunokompetent hujayralarni toʻliq boʻgʻish bilan vujudga keltirish mumkin. Organizmga kichik dozadagi eruvchan antigenlar kiritib, qaytar T. hosil qilsa boʻladi. Bunday antigenlarning molekulalari limfotsitlar membranasiga joylashgan immunoglobulinlarning molekulalari bilan birikib, ularni toʻsib qoʻyadi, deb taxmin qilinadi. Qaytar T.ni antigenantitelo kompleksi ham hosil qiladi. T. V limfotsitlar hamda fagotsitlarning immun javobini toʻxtatib turuvchi maxsus Tlimfotsitlar mavjud. Bunday Tlimfotsitlar (supressorlar) xususiy antigenlarga nisbatan fiziologik T.ni saqlab turishi mumkin. Antitelolarning bir meʼyorda hosil boʻlishini amalga oshiruvchi T. shakli ham mavjud; bu jarayonda vujudga kelgan barcha antitelolar toʻqimalardagi antigenlar bilan bogʻlanadi. T.ni organizmga koʻp miqdorda antitelolar kiritish orqali ham hosil qilish mumkin. Bu antitelolar antigen molekulalarini limfotsitlarga yetkazmasdan ushlab qoladi yoki antigenni immunokompetent hujayralardan toʻsib turadi. Organizmning tashqi muhitning noqulay sharoitlariga chidashi ham T. deb ataladi.

Oʻsimliklarda T. himoya reaksiyasining bir turi, yuqtirilgan kasallikka javoban oʻziga xos chidamlilikning namoyon boʻlishi. Turda T.ning paydo boʻlishi tanlash natijasi bilan bogʻliq boʻlib, tabiiy populyatsiyalardagi evolyutsion jarayonda oʻsimlik bilan patogen oʻrtasida uzoq vaqt davom etgan oʻzaro taʼsirlar natijasida vujudga keladi. Madaniy oʻsimliklar T. tufayli epifitotiya (yoppasiga zararlanish) sharoitida qam qoniqarli hosil beradi. T.ning namoyon boʻlishi ekologik sharoitlarga (harorat, havo, tuproq), yosh oʻsimlik ontogenezi fazalariga va boshqalarga bogʻliq. Barcha navlarga mansub boʻlgan oʻsimliklar T.i qulay sharoitlarda oʻstirilganda (oziklantirish, agrotexnika) oshadi. Tolerant navlardan keng mikyosda foydalanish xavfli, chunki ular boshqa oʻsimliklarni zararlovchi manba boʻladi; kasallik qoʻzgʻatuvchi yangi mikroorganizmlarning paydo boʻlishiga qulay sharoit yaratadi.

Farmakologiya va toksikologiyada T. zaharli va farmatsevtik moddalar (mas., narkotiklar)ga nisbatan sezuvchanlikning pasayishini anglatadi. Uzoq vaqt davomida organizmga kichik dozalarni kiritish natijasida kuchli taʼsir etuvchi zaharlarga koʻnikish mitridatizm deb ataladi (qarang Immunitet, Immunologiya). Abdukarim Zikiryoyev.