Lothar Meyer
Julius Lothar Meyer (19-Avgust 1830 – 11-Aprel 1895) Nemis kimyogari. Birinchilardan boʻlib kimyoviy elementlar davriy jadvalini rivojlantirgan. Rus kimyogari – Dmitriy Mendeleyev (uning asosiy raqobatchisi) va Lothar Meyer Robert Bunsen bilan birga ishlashgan. U hech qachon toʻliq ismini ishlatmagan va Lothar Meyer sifatida tanilgan.
Julius Lothar Meyer | |
---|---|
Tavalludi |
1830-yil 19-avgust Varel, Quyi Saksoniya |
Vafoti |
1895-yil 11-aprel Tübingen, Baden-Württemberg |
Fuqaroligi | Germaniya |
Sohasi | Kimyo |
Institutlar | Tübingen universiteti |
Taʼlimi | Würzburg universiteti, Berslau universiteti |
Taʼsir koʻrsatgan | Davriy qonun, kimyoviy elementlarni sinflash |
Mukofotlari | Davy medali (1882) |
Turmush oʻrtogʻi | Johanna Volkmann |
Karyerasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Meyer Germaniyadagi Varel shahrida, fizik – Friedrich August Meyer oilasida tugʻilgan. Oldenburgdagi Altes Gymnasiumni tamomlaganidan keyin, Zurich universitetining tibbiyot yoʻnalishiga qabul qilingan. Universitetni tamomlab Würzburg universitetida patologiya yoʻnalishida tahsil olgan. Würzburgni Tibbiyot Doktori sifatida tamomlab Heidelberg universitetiga, Robert Bunsen yoniga boradi. 1858-yilda is gazining qonga taʼsiri haqidagi tezisi orqali Berslau universitetida Ph. D. darajasini oladi. Nafas olish fiziologiyasiga boʻlgan qiziqishi uni kislorod qondagi gemoglobin bilan birikishini aniqlashiga sabab boʻladi[1][2].
1872-yilda 6 ta uglerod atomidan tashkil topgan benzol halqasining tuzilishini taklif etadi. Uning fikricha, har bir atom oʻzaro boshqa atomlar bilan oddiy bogʻ orqali birikadi, 4-valentligi esa halqa ichiga yoʻnaladi.
Fransiya-Prussiya urushi mobaynida Meyer faoliyat olib borayotgan Politexnika universiteti harbiy shifoxona sifatida foydalaniladi va Meyer jarohatlanganlarni davolashda faol ishtirok etadi. 1876-yilda Lothar Meyer Tübingen universitetida Kimyo Professori etib tayinlanadi. Bu lavozimda oʻz oʻlimigacha faoliyat olib boradi[3].
Davriy jadval
[tahrir | manbasini tahrirlash]Meyer asosan kimyoviy elementlarni davriy qonun asosida sinflashda erishgan natijalari tufayli dunyoga mashhur. U Angliyadagi John A. R. Newlands kabi, elementlar oʻz atom massasi boʻyicha tartiblansa kimyoviy va fizik xossalari bir-biriga yaqin elementlardan iborat guruhlarga tushishini payqagan. Uning soʻzlariga koʻra, atomlar massalari ordinatalar oʻqi boʻyicha, atomlar hajmi esa absissalar oʻqi boʻyicha taxlansa hosil boʻlgan egri chiziq maksimumlar va minimumlar qatorini koʻrsatadi. Yaʼni eng elektromusbat elementlar chiziqning yuqori uchiga, atom massalari tartibida toʻgʻri keladi[3].
Meyerning 1862-yilda Berslauda yozilishi boshlanib, 2 yildan soʻng nashr etilgan „Die modernen Theorien der Chemie“ kitobida davriy jadvalning dastlabki shakli koʻrsatilgan. Jadvalda 28ta element valentligiga koʻra 6ta oilaga boʻlib koʻrsatilgan. Bu vaqtga qadar dunyo boʻylab elementlarning atom massalarida koʻra ularning ekvivalent ogʻirliklari koʻproq ishlatilgani tufayli, elementlarni atom ogʻirligiga koʻra sinflash toʻxtab qolgan edi[5].
U 1864-yilda elementlar davriy jadvalining gorizontal shakli haqida, 1870-yilda esa soʻngi qatori ishqoriy-yer metallari sirasiga kiruvchi elementlarni oʻz ichiga oluvchi vertikal shakldagi davriy jadval haqida maqolalar nashr etadi[6].
1864-yildagi jadval
[tahrir | manbasini tahrirlash]IV | III | II | I | I | II | Massa farqi | |
I qator | Li | Be | ~16 | ||||
II qator | C | N | O | F | Na | Mg | ~16 |
III qator | Si | P | S | Cl | K | Ca | ~45 |
IV qator | As | Se | Br | Rb | Sr | ~45 | |
V qator | Sn | Sb | Te | I | Cs | Ba | ~90 |
VI qator | Pb | Bi | Tl | ~90 |
1870-yildagi jadval
[tahrir | manbasini tahrirlash]1869-yilda Dmitriy Mendeleyev oʻsha vaqtda maʼlum boʻlgan elementlarni tartibga keltirib davriy jadval yaratadi. Bir necha oydan soʻng Meyer chop etgan maqolada Mendeleyevning jadval bilan oʻxshash boʻlgan, 1864-yildagi jadvalning vertikal holatga keltirilib tuzatilgan shaklini koʻrsatib oʻtadi[7]:
I | II | III | IV | V | VI | VII | VIII | IX |
B | Al | In | Tl | |||||
C | Si | Ti | Zr | Sn | Pb | |||
N | P | V | As | Nb | Sb | Ta | Bi | |
O | S | Cr | Se | Mo | Te | W | ||
F | Cl | Mn Fe Co Ni |
Br | Ru Rh Pd |
I | Os Ir Pt |
||
Li | Na | K | Cu | Rb | Ag | Cs | Au | |
Be | Mg | Ca | Zn | Sr | Cd | Ba | Hg |
Meyer oʻz jadvalini Mendeleyevdan mustaqil ravishda rivojlantiradi. Shuningdek maqolada atomlar hajmining atom massasiga koʻra nisbatini koʻrsatuvchi diagramma keltirilgan. Diagrammada elementlarning bu koʻrsatkichlarga koʻra davriyligi yaqqol koʻrsatilgan. Jadval huddi Mendeleyevniki kabi kelajakda kashf etilishi mumkin boʻlgan elementlar keltirilgan, lekin Mendeleyevdan farqli ravishda Meyer bu elementlarga kuchli eʼtibor qaratmaydi va fizik va kimyoviy xossalarini koʻrsatmaydi[8].
1882-yilda Lothar Meyer va Dmitriy Mendeleyev Davriy qonun ustidagi ishlari uchun London qirollik jamiyati tomonidan Davy medali sovriniga sazovor boʻlishadi.
Shaxsiy hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Meyer 1866-yilda Johanna Volkmannga uylanadi. 1895-yil 11-aprel sanasida yurak xuruji natijasida vafot etadi.
Bagʻishlovlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Meyerning Davriy qonun ustida amalga oshirgan ishlari sharafiga 1893-yilda, Ojuela koni, Mapimí, Durango va Meksikada uchrovchi CaZn2(AsO4)2 · 2H2O formulasiga ega boʻlgan mineralga „lotharmeyerite“ nomi beriladi[9]. 1893-yildan beri yana 4 ta mineral: ferrilotharmeyerite (1992)[10], cobaltlotharmeyerite (1997)[11], nickellotharmeyerite (1999)[12] va manganlotharmeyerite (2002)[13] Lothar Meyer sharafiga nomlangan.
2020-yil 19-avgust Googleda Lothar Meyerning 190 yilligiga atab Google Doodle yaratilgan[14].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Sergei Vinogradskii and the Cycle of Life: From the Thermodynamics of Life …, Lloyd Ackert
- ↑ The Disappearing Spoon…and other true tales from the Periodic Table, Sam Kean
- ↑ 3,0 3,1 „Lothar Meyer“. Encyclopædia Britannica.
- ↑ Meyer, Julius Lothar; Die modernen Theorien der Chemie (1864); 137-sahifadagi jadval,
- ↑ Rocke, Alan J.. Chemical Atomism in the Nineteenth Century: From Dalton to Cannizzaro. Ohio State University Press, 1984.
- ↑ Makeyev, A.K. (2013). „Julius Lothar Meyer was first to build the periodic table of elements“. European Applied Sciences. 4-jild, № 2. 49–61-bet.
- ↑ Meyer, Lothar (1870). „Die Natur der chemischen Elemente als Function ihrer Atomgewichte“. Justus Liebigs Annalen der Chemie. 7-jild, № 3. 354–364-bet.
- ↑ Scerri, Eric. The Periodic Table: Its Story and Its Significance. Oxford University Press, 2006.
- ↑ „Lotharmeyerite“. mindat.org. Hudson Institute of Mineralogy. Qaraldi: 13-noyabr 2024-yil.
- ↑ „Ferrilotharmeyerite“. mindat.org. Hudson Institute of Mineralogy. Qaraldi: 13-noyabr 2024-yil.
- ↑ „Cobaltlotharmeyerite“. mindat.org. Hudson Institute of Mineralogy. Qaraldi: 13-noyabr 2024-yil.
- ↑ „Nickellotharmeyerite“. mindat.org. Hudson Institute of Mineralogy. Qaraldi: 13-noyabr 2024-yil.
- ↑ „Manganlotharmeyerite“. mindat.org. Hudson Institute of Mineralogy. Qaraldi: 13-noyabr 2024-yil.
- ↑ „Julius Lothar Meyer's 190th Birthday“. Google. Qaraldi: 13-noyabr 2024-yil.