Kontent qismiga oʻtish

Mahmut posho masjidi

Koordinatalari: 41°00′41″N 28°58′16″E / 41.011354°N 28.971235°E / 41.011354; 28.971235
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Masjid
Mahmut posho masjidi
turkcha: Mahmut Paşa Camii
Mahmut posho masjidi
Mamlakat  Turkiya
Istanbul Fotih tumani
Koordinatalar 41°00′41″N 28°58′16″E / 41.011354°N 28.971235°E / 41.011354; 28.971235
Yoʻnalishi sunniy
Masjid turi masjid
Meʼmoriy uslub Islom meʼmorchiligi
Binokorlik sanasi 1464 yil
Gumbazlar soni 2
Gumbazlar soni 2
Minoralar soni 1
Minoralar soni 1
Qurilish materiali ashlar
Holati amaldagi

Mahmut posho masjidi (turkcha: Mahmut Paşa Camii) – Turkiyaning Istanbul shahri, Fotih tumani, Katta bozor yaqinida XV asrda qurilgan Usmonli masjidi.

Sulton Mehmet II Fotihning vaziri, asli yunon millatiga mansub, keyinchalik Islom dinini qabul qilgan Mahmud posho tuman hududida masjid qurishni buyurgan[1]. 1464-yilda qurib bitkazilgan ushbu masjid shahar devorlari ichkarisida bunyod etilgan ilk inshootlardan biri boʻlgan[2]. Oʻsha vaqtga qadar shaharda bunyod etilgan masjidlarning aksariyati Vizantiya cherkovlari boʻlgan.

Masjid va unga tegishli xayriya binolari vaqfi juda keng boʻlib, yodgorlik tuman boʻylab bir qancha boshqa binolarni ham qamrab olgan. Bu esa sulton Mehmet II Fotih Mahmud poshoga shaharning savdo markaziga yaqin, Buyuk bozorga aylanuvchi hududning sharqiy va shimoliy qismida joylashgan ushbu tumanni rivojlantirishni ishonib topshirganligini koʻrsatadi. Mahmut posho masjidining qurilishi esa hududni rivojlantirishda amalga oshirilgan ilk amaliy ishlardan biri boʻlgan[3].

Masjidni toʻliq taʼmirlash ishlari oʻz nihoyasiga yetgach, 2021-yilda qayta ochilgan. Qabrni tiklash ishlari esa 2022-yilda ham davom etgan.

Arxitekturasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mahmut poshi masjidi Usmonli meʼmorchilik sanʼatining Bursa uslubi asosida yaratilgan.

Masjidning kirish eshigi Vizantiya cherkovlarinikiga oʻxshash usulda qurilgan, tashqi ayvon (eksonarteks) va ichki ayvonlarning (esonarteks) har biri beshta kichik gumbaz bilan qoplangan. Tashqi ayvonni ushlab turgan ustunlar dastlab marmardan qurilgan edi, ammo XVIII asrda yuz bergan zilzila natijasida vayron boʻlganidan keyin ular hozirgi tosh ustunlar bilan almashtirilgan. XIX asrda masjid hududida mahfil (sheʼr, musiqa, raqs kabi yopiq dam olish tadbirlari oʻtkaziladigan joy) qurilgan, binoning mehrob va minbari qayta qurilgan. Shu sababli ham minbar va mehrob masjidning boshqa qismlaridan ajralib turadi.

Masjid hududida joylashgan Mahmud poshoning sakkiz burchakli maqbarasiga kiraverishdagi yozuvlar hijriy 878-yilga (milodiy 1473–1474) tegishli[2]. Uning tashqi koʻrinishi turkuaz va indigo ranglarida geometrik naqshlar hosil qiluvchi kafellar bilan bezatilgan boʻlib, bunday uslub Istanbuldagi Usmonli meʼmorchiligining noyob xususiyatlaridan biri hisoblanadi[3]:191.

Majmuaning boshqa binolari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bugungi kunda Kürkçü Hanning (talaffuzi: Kurkchu Xan) asosiy hovlisi

Boshqa koʻplab Usmonli masjidlari singari, Mahmut posho masjidi ham vaqf (turkcha: vakıf) orqali birgalikda boshqariladigan bir nechta binolardan tashkil topgan yirik xayriya majmuasi – kulliyaning bir qismi boʻlgan. Mahmut posho kulliyasiga masjid va maqbaradan tashqari, hammom, xon saroyi yoki karvonsaroy, madrasa, oshxona, sud, maktabxona (boshlangʻich maktab) kirgan[2]. Shuningdek, vaqfga 27 ta uy, 100 ga yaqin doʻkon va boshqa turli turar-joylar, omborxonalar va otxonalarning boshqaruvi ham belgilab qoʻyilgan[3]. Bugungi kunga kelib, ushbu binolardan faqatgina hammom, karvonsaroy hamda madrasaning bir qismi saqlanib qolgan. Hammom va karvonsaroydan olingan daromad masjidning taʼmirlanishi va faoliyatiga sarflangan[3][2][4].

Masjidning shimoli-gʻarbiy qismida joylashgan hammom milodiy 1466-yilda qurib bitkazilgan va shahardagi eng qadimiy hammomlardan biriga aylangan. Bino arxitekturasi Mehmet II tomonidan qurdirilgan Tahtakale hammomiga juda oʻxshaydi. Hammom dastlab ikki kishilik boʻlgan, yaʼni erkaklar va ayollar uchun alohida (lekin qoʻshni) binolarga ega edi, biroq keyinroq ayollar boʻlimi buzib tashlangan. Erkaklar hammomining oʻzi ham 1755-yilda sodir boʻlgan yongʻin oqibatida vayron boʻlgan, 1953-yilga kelib esa qayta tiklangan. Binodan birmuncha vaqt omborxona sifatida foydalanilgan, hozirgi kunga kelib savdo markazi sifatida xizmat qilmoqda[3][2][4].

Hammomning shimoliy qismida joylashgan Mahmut posho majmuasi karvonsaroyi bugungi kunda Kürkçü Han („Moʻynali kiyimlar sotuvchi savdogarlar karvonsaroyi“) nomi bilan mashhur. Karvonsaroy 1467-yilda qurib bitkazilgan, vaqt oʻtishi bilan olib borilgan baʼzi rekonstruksiya va restavratsiya ishlariga qaramay, bino Istanbulda saqlanib qolgan eng qadimgi karvonsaroy hisoblanadi. Masjidning koʻplab xonalarida joylashgan doʻkon va idoralardan ijara haqi yigʻib, masjidning vaqf jamgʻarmasiga qoʻshilgan (bir paytlar ular 167 tani tashkil etgan). Bugungi kunda ham koʻplab doʻkon va korxonalar karvonsaroydan foydalanadi[2][4][5].

  1. Freely, John. Istanbul : the imperial city, Internet Archive (en), London ; New York : Penguin Books, 1998 — 185-bet. ISBN 978-0-14-024461-8. 
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 Goodwin 2003.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 Kuban, Doğan. Ottoman Architecture. Antique Collectors' Club, 2010 — 189-191-bet. Kuban, Doğan (2010). Ottoman Architecture. Antique Collectors' Club. pp. 189–191.
  4. 4,0 4,1 4,2 Sumner-Boyd, Hilary. Strolling Through Istanbul: The Classic Guide to the City, Revised, Tauris Parke Paperbacks, 2010. Sumner-Boyd, Hilary; Freely, John (2010). Strolling Through Istanbul: The Classic Guide to the City (Revised ed.). Tauris Parke Paperbacks.
  5. Yaşar, Ahmet (2018). "The Construction Of Commercial Space In Eighteenth-Century Istanbul: The Case Of Büyük Yeni Han". Middle East Technical University Journal of the Faculty of Architecture 35 (1): 183-200. https://metujfa.arch.metu.edu.tr/index.php/jfa/article/view/2018.1.8. 
  • Goodwin, Godfrey. A History of Ottoman Architecture. London: Thames & Hudson [1971], 2003. ISBN 978-0-500-27429-3.