Kontent qismiga oʻtish

Mathias Rust

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mathias Rust

Matias Rust, 2012-yil
Tavalludi 1-iyun 1968-yil (56 yosh)
Fuqaroligi Germaniya
Kasbi uchuvchi, poker oʻyinchisi, urushga qarshi aktivist

Mathias Rust – 18 yoshida Gamburgdan Reykyavik va Xelsinki orqali Moskvaga oʻz yengil motorli samolyotida parvozni amalga oshirgan nemis havaskor uchuvchisi. U 1987-yil 28-mayda (SSSR chegara qoʻshinlari kunida) hech qanday toʻsqinliklarsiz katta Moskva koʻprigiga qoʻnishga muvaffaq boʻlgan[1][2].

Rust 1968-yil 1-iyunda AEG konsernida injener-elektrik hisoblangan Karl-Xayns Rust va Monika Rustlar oilasida dunyoga kelgan. Otasi uni 5 yoshida ilk marotaba aerodromga olib kelganidan boshlab Mathias parvoz qilishni orzu qila boshlagan. U 1986-yilda Gamburg aeroklubida uchuvchilik litsenziyasini olgan.

1987-yilda u butun dunyoda shov-shuv boʻlgan Moskva parvozini amalga oshirgan. Ushbu harakatlar uchun SSSR sudi tomonidan bezorilikda ayblanib 4 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 1988-yilda amnistiya tufayli ozod qilingan va shundan soʻng GFRga qaytgan. Germaniyaga qaytishi bilan uni uchuvchilik guvohnomasidan mahrum qilishgan.

1989-yil noyabr oyida Mathias Rissen kasalxonasidagi koʻngilli xizmat davomida u bilan uchrashuvga chiqishni rad etgan xamshiraga pichoq bilan jarohat yetkazgan. Buning uchun 1991-yili 4 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, lekin 15 oydan soʻng qamoqdan ozod qilingan. Keyinchalik oyoq kiyim savdosi bilan shugʻullangan. Bolalar uyiga ehsonlar qilib turgan.

1994-yilda u yana Moskvaga borgan. 3 hafta davomida Mixail Gorbachyov bilan uchrashishga harakat qilgan, lekin uchrasha olmagan.

Uzoq muddat davomida u Trinidadda yashagan. 1997-yilda Bombeylik choy savodagirining qizi boʻlgan Gira ismli hind qiziga uylangan. Nikoh toʻyidan soʻng xotini bilan Germaniyaga qaytib kelgan.

2001-yil aprel oyida Rust univermagdan sviter oʻgʻirlaganlikda gumonlanib sud qilingan. Buning natijasida 10 000 nemis markasi miqdoridagi jarimaga tortilgan. Yashash uchun poker oʻyini orqali pul topgan. Shuningdek, 2012-yildagi intervyusida yoga boʻyicha instruktor va bank analitikasi sohalarida ham ishlaganligini aytib oʻtgan.

Rustning memuarlari 2012-yilda, mashhur parvozining 25 yilligida chop etilgan[3].

Rustning samolyotiga 2008-yilga qadar boy yapon biznesmeni egalik qilgan (samolyot qay tariqa unda boʻlgani haqida hech qanday maʼlumot mavjud emas). U „Sesna“ni vaqt oʻtishi bilan qimmatlashadi degan fikrda omborda saqlagan[4][5]. 2008-yilda samolyot Germaniya texnika muzeyi tomonidan sotib olingan. Hozirda samolyotni muzeyning fayesida koʻrish mumkin.

Moskvaga parvoz

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boshlangʻich yoʻnalish

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Parvoz yo‘li.

1987-yil 13-mayda Mathias Rust Iterzen (nemischa: Uetersen ) shahri aeroportidan, arendaga olingan va 2 qator oʻrindiqlari oʻrniga yoqilgʻi baklari qoʻyish orqali modifikatsiya qilingan „Sesna-172 Skayxok“ samolyotida, Shimoliy dengiz orqali dastlab Shetland orollaridagi aerodromlardan biriga qoʻngan. Keyingi kuni Rust Vagarga (Farer orollari) yoʻl olgan.

15-may kuni Rust Islandiyaga (Keblavik aeroporti) parvozni amalga oshirgan. U yerda Xovdi –1986-yilda Ronald Reagan va Mixail Gorbachyov uchrashuvi boʻlib oʻtgan joyga borgan.

22-may kuni Rust Bergen shahriga (Norvegiya), u yerdan esa 25-may kuni Xelsinki (Finlandiya) shahriga parvoz qilgan. Gamburgdan deyarli 2600 mil masofani bosib oʻtgan Mathias aynan oʻshanda oʻz maqsadiga yetish uchun yetarli koʻnikmalarga ega ekanligini tushunib yetgan.

28-may tongida u aeroportga kelib samolyotini yoqilgʻisini tekishganidan soʻng dispetcherga Stokgolm sari 2 soatlik parvozni amalga oshirishi haqida maʼlumot bergan. Rustning soʻzlariga koʻra, agar Moskva sari parvozdan voz kechgudek taqdirda u dispetcherga aytgan yoʻli orqali ortga qaytgan boʻlardi.

Soat 13:21 da Rust parvozini boshlagan. 20 minutdan soʻng uning samolyoti aeroport nazorati ostidagi hududdan chiqqan. Rust barcha aloqa vositalarini oʻchirgan holda yoʻnalishni va eshelonni oʻzgartirgan, 200 metr balandlikda Boltiq dengizi sohil chizigʻi boʻylab uchib oʻtgan. Dispetcherlar Rust bilan aloqani tiklay olmagach qidiruv-qutqaruv operatsiyasini boshlagan. Fin qoʻltigʻi sohilboʻyi chizigʻidan 40 km uzoqlikda qutqaruvchilar suvda yoqilgʻi dogʻini koʻrishgan va Rustning samolyoti aviahalokatga uchragan deb tahmin qilishgan; haqiqatga yetish uchun qoʻshimcha kuchlar jalb qilingan. Bu vaqtda Rust Koxtla-Yarve shahri oldida SSSR chegarasini kesib oʻtgan va Moskva tomon yoʻl olgan.

Rustning motivi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dunyoning turli xil OAVlari Rustning parvozi haqida turli xil versiyalarni aytishgan, ularning ichida vaʼdani bajarish, qizga yoqish kabi versiyalar ham bor edi.

Rustning oʻzi esa 20 yildan soʻng, 2007-yil bergan intervyusida oʻzining motivlarini quyidagicha ifodalaydi:

U paytda men moʻjizalarga ishonardim. Hamma narsaning iloji borligiga, amalga oshishiga ishonardim. Mening parvozim Sharq va Gʻarb oʻrtasida koʻrinmas koʻprik yaratishi kerak edi[6].