Nasiba Mamaraimova
Nasiba Yadgarovna Mamaraimova (1973-yil 3-iyun, Surxondaryo viloyati) – davlat va jamoat arbobi. 2023-yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi[1].
Tarjimai holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mamaraimova Nasiba Yadgarovna 1973-yili Surxondaryo viloyatida tugʻilgan. Millati oʻzbek, maʼlumoti oliy. 1996-yil Toshkent davlat universitetini, 2005-yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini, 2009-yil Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlagan. Ixtisosligi – pedagog, siyosatshunos, huquqshunos. 2004-yil „Shuhrat“ medali bilan taqdirlangan
Mehnat faoliyatini 1996-yilda „Kamolot“ jamgʻarmasi Surxondaryo viloyati boʻlimi boʻlimi mudiri lavozimidan boshlagan. 1996—2006-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi yoshlarining „Kamolot“ jamgʻarmasi Surxondaryo viloyati boʻlimi Maʼnaviyat maʼrifat fan va madaniyat masalalari boʻlimi mudiri, rais oʻrinbosari, Markaziy Kengashining tashkiliy kadrlar va axborot-tahlil boʻlimi yetakchi mutaxassisi, kadrlar bilan ishlash boʻyicha inspektori, yosh xotin-qizlar va oila masalalari boʻlimi mudiri lavozimlarida ishlagan.
Shuningdek, 2006—2007-yillarda „Kamolot“ yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari Bolalar tashkiloti raisi, 2011-2012-yillarda Surxondaryo viloyati hokimligining Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish masalalari boʻyicha majmuasi bosh mutaxassis, 2012—2014-yillarda Madaniyat va sport ishlari vazirligining Madaniy-maʼrifiy muassasalar, kutubxonalar va muzeylar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, S.Borodin uy-muzeyi direktori, 2015—2016-yillarda Toshkent viloyati isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi rais oʻrinbosari-ijrochi direktor, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi markaziy apparati Matbuot va axborot boʻlimi bosh mutaxassisi vazifalarida mehnat qilgan.
2017—2018-yillarda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiatsiyasi mas’ul kotibi, bosh mutaxassis, 2020—2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri maslahatchisi[2] lavozimlarida ishlagan. 2023-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda[3].