Oʻzbekistonning choʻl oʻsimliklari
Choʻl (tekislik)dagi oʻsimliklar hayoti, asosan qum va gipsli tuproqlar hamda shoʻrxok bilan bogʻliq. Qumli choʻlga Qizilqum, Qashqadaryoning quruq oʻzani (Sandiqliqum), Surxandaryoning quyi qismidagi Kattaqum va Xorazm voxasidagi qumli massivlar kiradi. Aksariyat qumliklar oʻsimliklar bilan mustahkamlangan. Qum uyumlarida daraxt yoki yirik butalardan oq saksovul, juzgʻun (qandim), cherkez; butalardan oq boyalich, quyon suyak, qizilcha, gilos daraxt kabi oʻsimliklar oʻsadi.
Juzgʻun ildizlari yon tomonga 20 m gacha oʻsib qumlarni maʼlum darajada ushlab turadi. Qumlarni mustahkamlashda koʻp yillik oʻtlardan selen alohida ahamiyatga ega. U tarqoq ildizlari hamda yer ustki qismlari (poyalari) bilan qumlarning koʻchishiga toʻsqinlik qiladi va boshqa oʻsimliklar (juzgʻun, saksovul va boshqalar) urugʻini tutib qolib, oʻsishiga sharoit yaratadi. Shuningdek, qumda rivojlanishiga moslashgan koʻp yillik efemer oʻsimlik — iloq ildiz poyasi orqali ham koʻpayadi. Qisqagina bahor oylarida tez oʻsib, gullab, meva berishga ulguradi.
Gipsli choʻlga Ustyurt, janubiy-gʻarbiy va shimoliy-gʻarbiy Qizilqumda joylashgan ayrim hududlar (massivlar) kiradi. Gipsli choʻl florasi turlarga uncha boy emas. Oʻsimliklar formatsiyasi (jamoasi)ni shakllantirishda, asosan, shoʻradoshlarga mansub turlar ishtirok etadi. Jumladan, yarim but ava butalardan buyurgʻun, voyalich hamda bir yillik shoʻralar (baliqkoʻz), shuvoq turkumiga mansub oq jusan kabi turlar va efemerlarni koʻplab uchratish mumkin.
Shoʻrxok tuproqlar tarkibidagi tuzlar miqdoriga qarab oʻsimliklar turlicha boʻladi. Nam, qatqaloqli va mayin shoʻrxokli tuproqlar oʻsimlik rivojlanishi uchun juda noqulay. Lekin, shunga qaramay, ayrim joylarda sarisazan, qizilshoʻra, qorabaroq, shohilak, oqbosh, buzoqbosh, donashoʻr, shoʻra, ajriq kabi oʻsimliklar uchrab turadi. Umuman, bunday sharoitda oʻsadigan turlar soni 100 dan ortiq. Shoʻrxoklarda keng tarqalgan oʻsimliklarga saksovul (ikkala turi ham) kabi shoʻradoshlar oilasining juda koʻp vakillari (baliqkoʻz, quyonjun, qora shoʻra) kiradi. Ular choʻlning ogʻir (issiq va quruq) sharoitda oʻsishga turlicha shaklda moslashgan, yaʼni ayrimlarning bargi, poyasi seret boʻlsa, boshqalarining bargi tikanga aylangan yoki umuman yaprogʻi shakllanmagan.
Bir vaqtlar sayos suvlar ostida boʻlgan joylar — taqirlarda oʻsimliklar juda kamdan-kam uchraydi. Baʼzi hollardagina taqir yoriqlaridan chiqib turgan ayrim efemerlar va donni shoʻr kabi oʻsimliklarni koʻrish mumkin. Bunday taqirlar Qizilqum choʻllarda bor.
Toʻqaylar daryo (ayniqsa, Amudaryo va Sirdaryo) qirgʻoqlari boʻylab turlicha kenglik hamda uzunlikda joylashgan. Toʻqaylarda, asosan, daraxt, buta va koʻp yillik oʻtlar keng tarqalgan. Daraxtlardan turongʻil (teraklar turkumidan), kaptarjiyda, tol turkumining bir qancha vakillari; butalardan yulgʻun; koʻp yillik oʻtlardan shirin miyya, yantoqning ayrim turlari, qamish, erkakqamish, famatsiya kabilar oʻsadi.
Togʻ oldi tekisliklarini, asosan, bir yillik va koʻp yillik oʻtlar qoplagan. Bu yerlarda daraxtlar uchramaydi. Ayrim butalar esa bahordagi yomgʻir suvlari oqadigan oʻzanlar atrofida uchrab turadi. Togʻ oldi tekisliklarida efemer va efemeroid oʻsimliklar keng tarqalgan boʻlib, ular oʻziga xos guruh hamda assotsiatsiya (qavmlar)ni tashkil etadi.
Bir yillik oʻsimliklar (efemerlar) kuzda havo iliq va sernam boʻlgan paytlarda rivojlanib, qishda ob-havoga qarab turli darajada oʻsishda davom etadi. Janubiy viloyatlarda rivojlanish ancha jadal kechadi. Mart-Aprel oylaridayoq efemerlar nisbatan qisqa vaqt ichida gullab, meva tugashga ulguradi. Efemeroidlar (koʻp yillik oʻtlar) ham efemerlarga oʻxshab havoga mos ravishda kuzda, qishda va bahorda oʻsib rivojlanadi. Lekin piyozli va ildiz poyali efemeroidlar hayotiy jarayonlar kuz va qish fasllarida yer ostida davom etadi. Masalan, lolaning gʻunchalari tuproq ostidayoq shakllanadi.
Qoʻngʻirbosh va iloq turkumiga mansub qator turlar eng keng tarqalgan efemeroidlardir. Bulardan tashqari yana isriq, shuvoqlarning ayrim turlari va kovrakni uchratish mumkin.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ OʻzME. Oʻn ikkinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |