Kontent qismiga oʻtish

Abdulla Oripov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Oripov, Abdulladan yoʻnaltirildi)
Abdulla Oripov
Tavalludi 21-mart 1941-yil
Qashqadaryo viloyati Koson tumani, Nekoʻz qishlogʻi
Vafoti 5-noyabr 2016-yil(2016-11-05)
(75 yoshda)
Xyuston, Texas, AQSh
Fuqaroligi SSSR
Oʻzbekiston
Sohasi sheʼriyat
Taʼlimi Toshkent davlat universiteti, (hozirgi OʻzMU) „Oʻzbek filologiyasi“ fakulteti
Akademik rahbarlari Abdulla Qahhor, Oybek
Mashhur ishlari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi muallifi
Mukofotlari Oʻzbekiston QahramoniXalqlar doʻstligi ordeni

Abdulla Oripov (1941-yil 21-mart — 2016-yil 5-noyabr) — Oʻzbekiston Qahramoni unvoni sohibi, oʻzbek shoiri, tarjimoni va jamoat arbobi. XX asr oʻzbek adabiyoti va sheʼriyatining taniqli vakili hamda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi matni muallifi.

Abdulla Oripov 1941-yilning 21-martida Qashqadaryo viloyati, Koson tumanidagi Nekoʻz qishlogʻida tugʻildi. Qishloq Qoʻngʻirtov etagida joylashgan. Otasi Orifboy Ubaydulla oʻgʻli jamoa xoʻjaligi raisi boʻlgan. Onasi Turdixol uy bekasi boʻlgan. Oilada toʻrt oʻgʻil, toʻrt qiz boʻlib, Abdulla oʻgʻillarning kenjasi edi. 1958-yilda oʻrta maktabni oltin medal bilan tamomlagach, Toshkent Davlat universiteti oʻzbek filologiyasi fakultetining jurnalistika yoʻnalishiga oʻqishga kirib, oliygohni ham 1963-yilda imtiyozli diplom bilan yakunladi. Universitetdan soʻng 1963-1967-yillarda "Yosh gvardiya" nashriyotida muharrir, 1974-1976-yillarda „Sharq yulduzi“ jurnali boʻlim mudiri; 1976-1982-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi adabiy maslahatchisi; 1982-1983-yillarda uyushmaning Toshkent viloyati boʻlimi mas’ul kotibi; 1983-1985-yillarda "Gulxan" jurnali bosh muharriri; 1985-1996-yillarda Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi; 1996-2009-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi va bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish davlat agentligi raisi lavozimlarida faoliyat yuritdi. 2009-yildan umrining oxirigacha Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faxriy raisi lavozimini egallagan[1].Abdulla Oripov 1990-yilda Oʻzbekiston Oliy Kengashi, 1995-yilda Oʻzbekiston Oliy Majlisi deputatligiga saylandi. 2005-yilda Senat aʼzosi etib tayinlangan[2]. Abdulla Oripov 2016-yilning 5-oktyabrida uzoq vaqt davomidagi kasallikdan soʻng, AQShning Texas shtatida vafot etdi. U Toshkent shahridagi Chigʻatoy qabristoniga dafn etilgan[3].

Ijodi va faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulla Oripov talaba vaqtida respublika matbuotida „Qushcha“ deb atalgan ilk sheʼri chiqqan. Shundan keyin Abdulla Oripovning ketma-ket „Munojotni tinglab“, „Birinchi muhabbatim“, „Bahor“, „Kuz“, „Saraton“, „Oʻzbekiston“, „Otello“, „Sarob“, „Dengizga“, „Malomat toshlari“, „Oltin baliqcha“, „Yuzma-yuz“, „Genetika“ kabi sheʼrlari oʻsha davrda oʻzbek adabiyotining yorqin namunalaridan biriga aylangan. 1965-yilda Oripovning „Mitti Yulduz“ nomli ilk sheʼriy toʻplami oʻquvchilar qoʻliga yetib borgan. Bu Oripov ijodining boshlanishi edi. „Mitti yulduz“dan soʻng „Koʻzlarim yoʻlingda“, „Onajon“, „Ruhim“, „Oʻzbekiston“, „Qasida“, „Xotirot“, „Yurtim shamoli“, „Hayrat“, „Najot qal’asi“, „Yillar armoni“, „Ishonch koʻprigi“, „Munojot“, „Haj daftari“, „Saylanma“, „Ishonch koʻpriklari (1989)“ kabi bir qator sheʼriy toʻplamlari bosmadan chiqa boshlagan. Abdulla Oripov juda sermahsul ijodkor boʻlib dostonchilikda ham oʻzini koʻrsatgan. Xususan uning: „Jannatga yoʻl“, „Tabib va oʻlim“, „Ranjkom“, „Sohibqiron“ kabi dostonlari oʻzbek xalqi adabiyot muhlislariga juda manzur kelgan. Abdulla Oripovning Oʻzbekiston oldidagi xizmatlari cheksiz, u mustaqil Oʻzbekistonning madhiyasi muallifi hisoblanadi.

Abdulla Oripov Kaliforniyada joylashgan (AQSh) Fan, taʼlim, sanoat va sanʼat xalkaro akademiyasining chet ellik aʼzosi hisoblanadi. Yaponiyaning Soka universiteti professori. „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ bosh tahrir hay’ati aʼzosi, Hamza nomidagi hamda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari laureati hisoblanadi[4].

Abdulla Oripov Dantening „Ilohiy komediya“ asarini, Nekrasov, Ukrainka, T. Shevchenko, K. Kuliyev kabi dunyoga mashhur yozuvchilarning asarlarini oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan

2015-yilda Oripov Italiya yulduzi ordeni bilan taqdirlangan. Ordenni Oripovga Italiya prezidenti Serj Sotarelloning maxsus taklifiga binoan topshirilgan.

  1. „Abdulla Oripov“. https://oyina.uz/.
  2. „Abdulla Oripov“. https://prabook.com/.
  3. „Marhum shoir Abdulla Oripov hayoti va ijodi“. https://kun.uz/.
  4. https://kun.uz/uz/news/2016/11/05/marum-soir-abdulla-oripov-aeti-va-izodi
  5. „„Xalq so‘zi" gazetasi 1994-yil 26-avgust soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 25-avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi e`lon qilinganligining uch yilligi munosabat bilan mukofotlash to‘g‘risida» gi farmon“ (http://press.natlib.uz/).
  6. „Abdulla Oripovga "Italiya yulduzi" ordeni tantanali ravishda topshirildi“ (o'zbekcha). kun.uz (2015-yil 10-dekabr). Qaraldi: 29-avgust 2024-yil.
  7. „„Xalq so‘zi" gazetasi 1994-yil 5-fevral kungi soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni “Adabiyot, san’at va me’morchilik sohasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotini berish to‘g‘risi”da "gi Farmoni Qaralgan sana=17.10.2024“ (http://press.natlib.uz/).