Ramses I
Ramses I — Qadimgi Misr Firʼavni, XIX sulola asoschisi. Uning qisqa hukmronlik yillari aniqlanmagan — biroq, taxminan miloddan avvalgi 1292—1290 yoki 1295—1294[1] yillar deb hisoblanadi[2].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tugʻilganidagi ismi — Paramesu boʻlgan. Sobiq giksoslarning poytaxti Avariston yaqinidagi Nil deltasi hududidan shohlar sulolasiga tegishli boʻlmagan harbiy oilada tugʻilgan. Paramesu otryad komandiri Setining oʻgʻli, Amon haramidagi xizmatkor va Shoh oʻgʻli Kush lavozimini egallagan Xuining qarindoshi Tamuajesiga uylangan harbiy Xaemuasning jiyani edi[3].
Bunday qarindoshlik aloqalari Paramesu oilasining yuqori mavqesini koʻrsatgan. U, shuningdek, oldingi Firʼavn Xoremxebning vaziri va Oliy ruxoniysi lavozimlarida ishlagan.
Hokimiyatning Xoremxebdan Paramesga oʻtish sabablari aniq maʼlum emas. Taxminlarga koʻra, taxtning toʻgʻridan-toʻgʻri vorisi boʻlmagan va shu sabab Xoremxebning homiyligi hamkorini harbiy muhitdan olib chiqib taxtga oʻtqazishda hal qiluvchi rol oʻynagan.
Paramesuning Toj kiyishi, Ramses nomi va „Xoremxebning qirol oʻgʻli“ unvonini qabul qilish Xoremxebning oʻlimidan keyin sodir boʻlgan. Bu haqidagi maʼlumotlar, Ramses I sarkofagidagi yozuvlardan koʻrsatilgan. Uning oʻgʻli Seti I keyinchalik otasi hokimiyatga kelishidan oldin „Misrdagi qiyin vaziyatlarni“ qayd etgan. Ramsesning Amon ruhoniylari tomonidan qonuniy hukmdor sifatida tan olinishi Karnak ibodatxohasi ustunidagi yozuvda koʻrsatilgan.
Hukmronlik davri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ramses I tajribali askar va yaxshi tashkilotchi boʻlgan. Uning davrida Amarna krizisidan soʻng anʼanaviy Misr davlatchiligi va madaniyatining jonlanishi boshlangan. Manefon Ramses I — 16 oy hukmronlik qilgan.
Ammo Luvr stelasida Ptax ibodatxonasi uchun ruhoniylar va oziq-ovqat yetkazib berilgani haqidagi hujjatlashtirilgan yozuvlarda, bu davr 17 oydan kam boʻlmaganligidan dalolat bergan[4].
Armiya shakllanishi
Uning davrida Misr armiyasi qayta tashkillashtirilgan. Qoʻshinlarni yanada harakatchan va tez hujum qila olishi uchun armiya 3 korpusga boʻlingan, ularga aravalar otryadlari berilgan. Shuningdek, Firʼavnning shaxsini himoya qilish uchun maxsus gvardiya tashkil etilgan. Qoʻshni qabilalar orasida ham yoʻllanma askarlar soni koʻpaydi.
Nubiyaga yurish
Ramses hukmronligining ikkinchi yilida Nubiyaga yurish tashkillashtirgan degan tahmin bor. Vadi-Xalra (qadimgi Buxen) Nilning ikkinchi etagida Ramses I hukmronligining ikkinchi yili bilan belgilangan yodgorlik toshi topilgan. Yozuvga koʻra Firʼavn bu yerda oʻzining „ilohiy otasi Xor-Xem“ ibodatxonasi uchun zaxiralar omborini tashkil etgan. Soʻng maqbarani oʻzi jang qilgan yerlarda asir qilingan qullar va choʻrilar bilan toʻldirgan.
Qurilish faoliyati
Firʼavnning qisqa hukmronligi unga faol qurilish faoliyatini olib borishga hamda uni ajoyib yodgorliklar bilan eslashga imkon bermagan.
Ramses I hukmronligida Karnakdagi Gipostil zalida pardozlash ishlari boshlangan; xususan, u gipostil zaliga 2-kirish pilonini qurgan. Firʼavnning ismini esa bu zalning devorlaridagina uchratish mumkin.
Shuningdek, Sinay yarimorolida xarob holga kelgan Xator mahalliy ibodatxonasini tiklagani haqidagi yozuvlar ham mavjud. Abidos, Memfis, Geliopoldagi Ramses meʼmoriy inshootlarining parchalari saqlanib qolgan.
Ramses I keksa yoshida taxtga oʻtirgan va oʻgʻli Seti I ni hamhukumat sifatida tayinlagan degan gipoteza mavjud. Ushbu gipoteza foydasiga Ramses I tomonidan Medamudda asos solingan Koloss matnlari mavjud boʻlib, unda Firʼavnning oʻzi va oʻgʻlining unvonlari koʻrsatilgan:
"Ramses „Raga oʻxshash“, Seti esa „Yer yulduzi“
Oʻlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Misrshunos Yurgen Fon Bekerat, Seti I taxtga oʻtirgan shemu fasli 3 oyi 24 kuni sanasidan kelib chiqqan holda, Ramses I miloddan avvalgi 1290-yil iyun oyida vafot etgan degan fikrni olgʻa surgan. Otasi xotirasiga Seti Abidosda rasmlar chizdirgan va yodgorlik ibodatxonasini qurishni buyurdi. 1911-yilda D. P. Morgan shunday boʻlaklardan birini Nyu-Yorkdagi Metropoliten sanʼat muzeyiga sovgʻa qildi[5].
Maqbara
Ramses I maqbarasi Jovanni Beltsoni tomonidan Shohlar vodiysida 1817-yilda topilgan. Uning kichik oʻlchamlari, qurilish shoshilinch holda olib borilganini anglatgan. Ammo devordagi chizilgan rasmlar juda yaxshi saqlanib qolgan.
Mumiyo
XXI sulola davrida Ramses I va uning nevarasi Ramses II jasadlari qabr oʻgʻrilaridan himoya qilish maqsadida Seti I maqbarasiga koʻchirilgan. Siamon (XXI sulola) davrida moʻmiyoni DB-320 ga qayta koʻchirib yashirishgan.
Noqonuniy olib chiqilgan Ramses I mumiyosi Misrga qaytarilishidan oldin koʻp yillar davomida Kanadaning xususiy muzeyida namoyish etilgan. Mumiyoning Ramses I ga tegishliligi Emori Universiteti mutaxassislari tomonidan oʻtkazilgan kompyuter tomografiyasi, rentgen nurlari, bosh suyagini oʻlchash, radiouglerod tahlili, shuningdek Firʼavn oilasining boshqa vakillari bilan tashqi oʻxshashligi orqali aniqlandi.
Mumiyoning qoʻllari marhum firʼavnlarga xos boʻlgan anʼanaviy holatda koʻkragiga kesishgan holda yotqizilgan. Firʼavnning taxmin qilingan mumiyosi 2003-yil 24-oktyabrda Misrga sharaf va hurmat bilan qaytarilgan. 2004-yil 9-martda mumiyo XVIII sulola asoschisi Yaxmos I bilan birga Luksor muzeyida namoyish etildi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Michael Rice. Who's Who in Ancient Egypt. Routledge, 2002. ISBN ISBN 978-1-134-73419-1.
- ↑ „Chronologie des pharaonischen Ägypten : die Zeitbestimmung der ägyptischen Geschichte von der Vorzeit bis 332 v. Chr.“. Verlag Philipp von Zabern, Mainz am Rhein (1997). 2024-yil 29-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 29-may.
- ↑ Eugene Cruz-Uribe. The Father of Ramses I: OI 11456. Journal of Near Eastern Studies, 1978 — С. 237–244.-bet. ISBN ISSN 0022-2968.
- ↑ Peter J Brand. The monuments of Seti I: epigraphic, historical and art historical analysis. Leiden; Boston; Köln: Brill, 2000 — S. 148—149.-bet. ISBN ISBN 978-90-04-11770-9.
- ↑ Ranke, Hermann.. Review of The Temple of Ramesses I at Abydos // Journal of the American Oriental Society., 1939 — С. 272–274.-bet.