Kontent qismiga oʻtish

Rezinatexnika sanoati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Rezinatexnika sanoati — neft kimyosi sanoati tarmogʻi. Tarmoq korxonalarida sintetik va tabiiy kauchuk asosida turli rezina buyumlari tayyorlanadi. Asosiy mahsulotlari: avtomobil, mototsikl, traktor, velosiped va boshqa mashinalarga shinalar, rezina qoʻlpoqlar, transportyorlar, tashish lentalari, uzatma tasmalar, mashinalar va turli mexanizmlar uchun quyma va noquyma detallar, issiqlik va elektr izolyasiyasi materiallari va boshqalar kiradi. Bundan tashqari, rezinatexnika sanoati korxonalarida avtomobillar va qishloq xoʻjaligi mashinalari shinalari qayta tiklanadi, rezinali poyabzallar, rezina aralash gazmollar, sanitariya va gigiyena anjomlari, sport buyumlari, oʻyinchoqlar va boshqalar ishlab chiqariladi. Rezinatexnika sanoati mahsulotlari mashinasozlik, kimyo, koʻmir, metallurgiya va boshqa sanoat tarmoqlarida, transport va harbiy texnikada qoʻllanadi.

Oʻzbekistonda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonda bu tarmoqning ilk korxonasi Toshkent rezinatexnika mahsulotlari zavodi 1944-yilda ishga tushirildi va toʻla quvvat bilan ishlay boshladi. Ilgari, asosan, rezina mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan „Oʻzbekrezinatexnika“ birlashmasi (1975) 1987-yildan xalq isteʼmoli tovarlari ishlab chiqarishga oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan soʻng, Rezinatexnika sanoati korxonalari qayta jihozlanib, mashinasozlik korxonalariga butlovchi qismlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirildi. 1992-yildan „Oʻzbekrezinatexnika“ birlashmasida yengil avtomobil shinalarini tayyorlash oʻzlashtirildi. 1996-yilda yengil avtomobillar uchun yiliga 1,5 mln. dona, yuk avtomobillari uchun esa 200 ming dona shina ishlab chiqariladigan quvvatlar ishga tushirildi.

Bundan tashqari, „Oʻzbekrezinatexnika“ birlashmasi va kimyo sanoatining boshqa korxonalarida (Samarqand kimyo zavodi) kalishlar ishlab chiqarish 10 mln. juftga yetkaziladi (1995). Shuningdek, bu tarmoq korxonalari respublika avtomobil sanoati uchun turli xildagi rezinatexnika mahsulotlari ishlab chikaradi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil