Kontent qismiga oʻtish

Sangijumon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sangijumon- Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida joylashgan qishloq. Aslida, Sangijumon tosh nomi boʻlib, qishoq va mahalla nomi shundan kelib chiqqan. Tojikchada sang- tosh, jumon- qimirlovchi, silkinuvchi, tebranuvchi tosh degan maʼnoni bildiradi. Toshning ogʻirligi 280 tonnadan oshadi. Hajmi esa 75-78 kubdir. Balandligi qariyb 6 metr. Yoshi esa 250 dan 280 million yilgacha boʻlgan oraliqda. Tosh jarlik yoqasida joylashgan, lekin qimirlasa ham pastga tushib ketmaydi. Moʻjizaviy tomoni shundaki, toshni 10-12 yoshli bola ham bemalol qimirlata oladi. Manzilgohda qimirlaydigan toshdan tashqari yana koʻplab gʻayrioddiy toshlar mavjud. Ulardan biri Teshiktosh hisoblanadi. Bu ulkan toshda kichkina, bitta odam sigʻadigan teshik boʻlib, manzilgohga tashrif buyuruvchilar undan niyat qilib oʻtishadi. Teshik ham yildan yilga yemirilib bormoqda. Kimda kim gunohi kam boʻlsa, bu teshikdan bemalol oʻtib ketadi. Agar gunohi koʻp boʻlsa, tosh uni siqib qoʻyadi, degan afsona gaplar yuradi mahalliy aholi oʻrtasida. Qishloq joylashgan Nurota togʻ tizmasining Oqtov yonbagʻirlari bepoyon kengliklardan iborat. Yiliga yuzdan ziyod mahalliy va chet ellik sayyohlar tashrif buyuradi. Ayniqsa, bahor faslida togʻ yonbagʻirlarida dam oluvchilar soni mingdan ortiq boʻladi. Qishloqda ziyoratchilar uchun dam olish maskanlari tashkil qilingan. Tashrif buyuruvchilarga mahalliy aholi boʻlgan maxsus gid ziyoratgoh haqida batafsil maʼlumot beradi. Bu manzilgohda yana boshqa oddiy ulkan toshlar, niyat toshi, muqaddas daraxt va buloq ham mavjud. Sangijumon qishlogʻiga borish uchun yoʻlga maxsus belgilar ham oʻrnatilgan. Topib borish qiyinchilik tugʻdirmaydi. Betakror tabiat, toza havo, tashrif buyurishga arzirli qishloq doim turistlarni oʻziga jalb qila oladi.[1][2][3][4]