Kontent qismiga oʻtish

Shaytonning tangriga isyoni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shaytonning tangriga isyoni
Muallif(lar) Abdurauf Fitrat
Mamlakat O‘zbekiston SSR
Til oʻzbekcha
Nashr etilgan sanasi 1924
Nashriyot Oʻrta Osiyo davlat nashriyoti

Shaytonning tangriga isyoni – 1924-yil Abdurauf Fitrat tomonidan yozilgan drama. Ayrim mutaxassislar uni dramatik doston sifatida tavsiflaydi.

Asar Fitratning Moskvadalik vaqtida yozilgan boʻlib, 1924-yil Toshkentdagi „Oʻrta Osiyo davlat nashriyoti“da chop etilgan. 1967-yil 1924-yildagi nashri tabdil etilgan va „Qiyomat“ romani bilan bir muqova ostida qayta nashr etilgan. Asar 1997-yilda professor Ingeborg Baldauf tomonidan nemis tiliga tarjima qilinib, asl nusxasi bilan birga nashr etilgan[1].

Asar Islomdagi „ilk sujet“ asosida shakllanga. Birinchi sujet bu Qur’oni Karimda Odam Atoning yaratilishi va Allohning Odam Alayhissalomga bergan ilmi va Shaytonning bunga munosabati haqidagi voqealardir. Fitrat ilk sujet asosida XX asr ijtimoiy holati, siyosiy vaziyati, ijtimoiy gʻoyaning xalqqa va hayot tarziga taʼsiri, shuningdek, shunday vaziyatlarga nisbatan „elitar“ qatlam, yaʼni ziyolilarning munosabatini yaqqol yoritib bergan.

Fitrat turli dinlarga eʼtiqod qiluvchilar yashaydigan SSSR hayotini yoritib berishda Tangri, Farishtalar, Shayton, Odam kabi diniy obrazlarni ramzga aylantiradi. Dastlab, siyosiy hayotning islom dinidagi obrazlarda ochilishi xuddi shaklan islom dinini notogʻri ekanligini ilgari sursa-da, aslida, buni qilishga sabab shu davrda ateistik gʻoyalar avj olgani asarni shu ruhda yozilishiga koʻmakchi boʻlgan. Asli asar ijtimoiy hayotda millat va el birligini taʼminlashga chorlash, ateistik munosabatlarga qarashlari asosida dunyoga kelgan. Adabiyotshunos B. Qosimov „Shaytonning tangriga isyoni“ asari toʻgʻrisida toʻxtalib, „Ayrim tadqiqotchilar unda ateistik ohanglar koʻradilar. Bu, bizningcha, toʻgʻri emas. Uning hayoti ham, faoliyati ham bunday deyishga imkon bermaydi. U dinga emas, aksincha dinsizlikka, imonsizlikka, eʼtiqodsizlikka qarshi. Ayni paytda mutaassiblikning ham dushmani“, deydi. Bu olim hatto mazkur asarda yozuvchining Oktyabr inqilobiga munosabati aks etgan fikrni ham oʻrtaga tashlaydi. Bu olimning „Ayni paytda mutaassiblikning ham dushmani“ degan gapida jon bor. Fitrat islomga eʼtiqod qoʻygan, uning tarixini chuqur bilgan shaxs edi.

  1. Abdurauf Fitrat. Fitrat, Tanlangan asarlar. Naim Karimov: . Ma'naviyat, 2000 — 254-255-bet.