Kontent qismiga oʻtish

Boshlangʻich taʼlim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
("Boshlangʻich taʼlim"dan yoʻnaltirildi)

Boshlangʻich taʼlim – umumiy oʻrta taʼlimning dastlabki bosqichi. Oʻzbekiston Respublikasida Boshlangʻich taʼlim 1—4-sinflarda bolalarga ilk taʼlim berish, ularni maʼnaviy kamol toptirishning boshlanish davri hisoblanadi. U 1—4-sinflarni oʻz ichiga oladi va oʻqish 6—7 yoshdan boshlanadi. Bunda taʼlim mazmunini belgilash muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 29-avgustda qabul qilingan „Taʼlim toʻgʻrisida“gi qonunida Boshlangʻich taʼlim umumiy oʻrta taʼlim olish uchun zarur boʻlgan savodxonlik, bilim va koʻnikma asoslarini shakllantirishga karatilgan. Boshlangʻich taʼlim sinflari uchun oʻquv rejasi va dasturlari mavjud. Boshlangʻich taʼlimda oʻquv rejasi asosida ona tili, matematika, tibbiyot, tarix (tarixiy mavzulardagi matnlar asosida), rus tili, tasviriy sanʼat, jismoniy tarbiya boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Ona tili darsida xatsavod oʻrgatiladi, nutqni oʻstirish, oʻqish va yozishga oʻrgatish yuzasidan maxsus mashgʻulotlar oʻtkaziladi, dastur asosida imlo qoidalari va baʼzi grammatik vositalar toʻgʻrisida dastlabki maʼlumotlar beriladi. Matematika darsida 4 arifmetik amal ichida hisoblash (qoʻshish, ayirish, koʻpaytirish va boʻlish) oʻrgatiladi, algebra va geometriyaga oid ilk tushunchalar bilan tanishtiriladi. Boshlangʻich taʼlimda maktab dasturida belgilangan bilim, malaka va koʻnikmalarni oʻrgatish hamda hosil qilishga erishish uchun taʼlimning turli usullari, shakllari hamda vositalaridan foydalanish asosida ish olib borish talab qilinadi (yana qarang Boshlangʻich maktab[1].

  1. Abdullayev, Yoʻldosh. „Boshlangʻich taʼlim“ OʻzME. B-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil