Kontent qismiga oʻtish

Gʻulomiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
("G‘ulomiya"dan yoʻnaltirildi)

"GʻULOMIYA" — Oktabr toʻntarishigacha Toshkentda toshbosma usuli bilan mahalliy tilda kitob nashr etilgan bosmaxona. 1889-yil Gʻulom Hasan Orifjonov tomonidan dastlab muqovaxona, 1908-yil toshbosmaxona ochilgan. Gʻ.H.Orifjonov oʻzi ham oʻzbek klassiklari asarlarini keng yoyish va xattotlik sanʼati anʼanalarini taraqqiy ettirish tarafdori boʻlgan, xattotlik qilgan.

"Gʻ."da bosilib chiqqan dastlabki kitoblardan biri Firdavsiyning "Shohnoma"si boʻlgan ("Shohnomai Firdavsiy"). Soʻng Navoiy "Devon"i, Fuzuliy "Gʻazaliyot"i, Muqimiy "Bayoz"i, shuningdek, "Haftiyak", "Soʻfi Olloyor", "Chor kitob", "Qurʼ-on", "Nodir ul-meʼroj", "Tashih ul-imomiy" kabi turli mazmundagi kitoblar ham bosilib chiqqan. "Gʻ." nashrlari adadi 2—3 ming nusxa atrofida boʻlgan. Bu yerda jami yuzdan ortiq kitob va risolalar chop etilgan. "Gʻ." Turkistonda toshbosma kalligrafiyasining rivojlanishida muhim rol oʻynagan.