Sadoyi Turkiston
„SADOI TURKISTON“ („Turkiston ovozi“) – jadidlarning ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy gazetasi. 1914-yil 4-apreldan 1915-yil 10-aprelga qadar Toshkentda oʻzbek tilida nashr qilingan. Gazeta Ubaydulla Asadullaxoʻjayev (Xoʻjayev) tomonidan tashkil etilgan va uning muharrirligida faoliyat koʻrsatgan.
„Sadoyi Turkiston“ V. M. Ilinning xususiy bosmaxonasida, har bir soni oʻrtacha 1000 nusxadan chop kilingan, obuna va chakana savdo yoʻli bilan tarqatilgan. Gazetani haftada 2 marta chiqarish koʻzlangan boʻlsada, ammo bunga erishilmagan. Gazeta haftada 1 marta 4 sahifada bosilgan.
Gazeta tahririyatining oʻzagini XX asr boshidagi oʻzbek maʼrifatparvar adabiyoti va publitsistikasining yetakchi namoyandalari Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdurauf Muzaffarovlar tashkil etgan. Ular bosh muharrir U. Asadullaxoʻjayevga gazeta faoliyatini yoʻlga qoʻyishda faol koʻmaklashganlar. Gazeta qiyofasini belgilaydigan asosiy maqolalarni ham shular yozishgan. „Sadoyi Turkiston“ da davrning Toʻlagan Xoʻjamyorov (Tavallo), Abdulhamid Sulaymonov (Choʻlpon), Hamza Hakimzoda Niyoziy, Mirmuhsin (Shermuhamedov), Abdulla Qodiriy, Xolid Sayd, Saidnosir Mirjalilov, Moʻminjon Muhammadjonov, Abdulla Ergʻoziyev, Noʻshiravon Yovushev, Siddiqiy, Lutfulla Olimiy, Ibrohim Davron, Shokirjon Rahimiy kabi millatparvar adib va ziyolilari faol hamkorlik qilganlar.
Turkistonning maʼnaviy-maʼrifiy yuksalishiga koʻmaklashish maqsadida chiqarilgan bu gazetada milliy taʼlimni zamonaviylashtirish, millat dardini aks ettiruvchi adabiyot va sanʼat yaratish, millat ongini yuksaltirishga xizmat qiluvchi matbuotni rivojlantirish, ayollarni ijtimoiy hayotga jalb qilish, axloqiy tarbiyani kuchaytirish va boshqa davr uchun dolzarb muammolar keng yoritilgan.
„Sadoyi Turkiston“ yurtparvarlik, millatparvarlik, maʼrifatparvarlik kabi olijanob gʻoyalarni izchil targʻib qilgan, Turkiston istiqloli va istiqbolining maʼnaviyaxloqiy negizlariga daxldor muammolarni dadil koʻtarib chiqqan. Gazeta asosiy eʼtiborni milliy taraqqiyotni yuzaga chiqarishga qodir boʻlgan maʼrifatli, insofli, diyonatli insonlarni tarbiyalashga yoʻnaltirdiki, bu uning tarixiy xizmatidir. Milliy hislarni tarbiyalashdagi sobitligi jihatidan „Sadoyi Turkiston“ oʻsha davrdagi milliy matbuot nashrlari safida oldingi oʻrinda turadi. Gazeta faoliyati moddiy qiyinchiliklar tufayli toʻxtagan. Jami 66 soni chiqqan, xolos. U. Asadullaxoʻjayev 1916-yilda „Sadoyi Turkiston“ faoliyatini Andijon shahrida tiklamoqchi boʻlgan. Biroq Fargʻona viloyati harbiy gubernatori gazetani chiqarishga ruxsat bermagan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Abduazizova N. A., Turkiston matbuoti tarixi (1870-1917), T., 2000.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |