Kontent qismiga oʻtish

Sanʼat

Vikipediya, erkin ensiklopediya
("Sanʼat"dan yoʻnaltirildi)
Soat strelkasi boʻylab: Vincent van Goghning avtoportreti, Afrikaning Chokve xalqlari haykali, Sandro Botticellining „Veneraning tugʻilishi“ asaridan parcha va yapon Shisa sheri

Sanʼat — ijtimoiy ong va inson faoliyatining oʻziga xos shakli. Sanʼat qadimiy tarixga ega boʻlib, u jamiyat taraqqiyotining ilk bosqichlarida mehnat jarayoni bilan, kishilar ijtimoiy faoliyatining rivojlanishi bilan bogʻliq holda vujudga kela boshlagan. Ibtidoiy sanʼatning dastlabki izlari soʻnggi paleolit davriga, taxminan mil. av. 40—20-ming yillikka borib taqaladi. U davrda hali sanʼat inson faoliyatining mustaqil shakli sifatida ajralib chiqmagan edi. Chunki maʼnaviyat moddiyat bilan qorishiq holatda edi. Keyinchalik madaniyatning oʻsishi natijasida sanʼat alohida soha sifatida asta-sekin ajrala bordi.

Sanʼat odamlarning estetik talablarini qondirish bilan birga, oʻz taraqqiyotining turli davrlarida jamiyat aʼzolarini maʼlum ruxda tarbiyalash, ularni aqliy va hissiy jihatdan rivojlantirish vositasi sifatida xizmat qilib kelgan, ularning turli maqsad, his-tuygʻu, manfaat, ideallarini ifoda etgan. Sanʼat ijtimoiy ongning boshqa shakllaridan oʻzining predmeti, mazmuni, voqelikni ifoda etish usuli va uslubi, ijtimoiy hayotda tutgan oʻrni hamda vazifalari jihatidan farq qiladi.

Sanʼat insonning moddiy va maʼnaviy faoliyatidagi bilimi, tajribasi, mahorati va qobiliyatlarini namoyon etuvchi badiiy ijodiyot mahsulidir. Estetik tafakkur tarixida sanʼat narsa va hodisalarni qanday boʻlsa shunday aks ettirish va hayotni goʻzallik qonunlari asosida badiiy ifodalash gʻoyalari sari yuksalib bordi. Tabiat, jamiyat va insonning ijtimoiy, maʼnaviy, milliy dunyosi sanʼat predmeti hisoblanadi. Voqelik qaysi shaklda badiiy ifoda etilmasin, ijodkor unga maʼlum ijtimoiy-estetik ideal nuqtayi nazardan munosabat bildiradi va oʻz estetik bahosini beradi.

Sanʼatni tushunish, uning kishilar hayotidagi oʻrnini aniqlash masalasi butun madaniyat tarixi davomida jiddiy bahslarga sabab boʻlgan. Shunga koʻra, sanʼat mazmuni obyektiv va subyektiv, hayotiy va xayoliy omillar birligidan tashkil topadi. Sanʼatning ijtimoiyestetik vazifalari juda keng va xilmaxil. Sanʼat — inson uchun estetik zavqshavq manbai; inson hayotiga goʻzallik baxsh etadi; odamlarda voqelikka nisbatan hissiy munosabatni shakllantiradi; hayotni kuzatish, oʻrganish va bilish vositasi; hayotni inson orzu qilgan tomonga oʻzgartirishda yordam beradi; tarbiya vositasi; hayotdagi goʻzallikdan ilhrmlanishga, xunuklikdan nafratlanishga chorlaydi; odamlar s, orasidagi maʼnaviy koʻprik, muloqot ! vositasi; odamlarning badiiyestetik didini tarbiyalaydi, ularda maʼlum dunyoqarashni shakllantiradi va hokazo. Sanʼat jamiyat maʼnaviy hayotining boshqa hodisalari (fan, mafkura, axloq) bilan maʼlum darajada bogʻlikdir. Sanʼatning maqsadi dunyoni badiiy oʻzlashtirish, odamga lazzat baxsh eta oladigan, uni maʼnaviy boyita oladigan asarlar yaratish yoʻli bilan kishilarning estetik ehtiyojlarini qondirishdan iborat. Sanʼat asarlarining diqqat markazida insonlar, ularning ijtimoiy aloqasi va oʻzaro munosabatlari, muayyan tarixiy sharoitlardagi hayoti, faoliyati turadi. Shuning uchun ham sanʼat asarlari beradigan maʼrifiy bilim muayyan mamlakat, millat yoki bir tarixiy davr va shaxslar haqidagi ilmiy asarlardan olingan maʼlumotlardan farqqiladi. Sanʼatning tarbiyaviy kuchi unda ifoda etilgan kechinma va obrazlarning har bir oʻquvchi, tomoshabinning qalbiga kirib borishi, ularda zavqiy hissiyotlarni uygʻotishidadir.

S turli koʻrinishlari bilan oʻziga xos badiiyestetik qadriyatlarni toʻplash, saqlash va boshqalarga uzatish xususiyatiga ega boʻlgan estetik tizimni tashkil etadi. Sanʼat tasviriy sanʼat, meʼmorlik, rassomlik, haykaltaroshlik, musiqa, teatr, kino, sirk, badiiy adabiyot, xoreografiya va boshqalarni oʻz ichiga oladi. Sanʼatning turlari oʻz predmeti, tasvir vositalari va ifoda imkoniyatlari jihatidan birbiridan farq qiladi. Masalan, adabiyotda asosiy ifoda vositasi boʻlib til xizmat qiladi; tasviriy sanʼatda boʻyok/iap orqali konkrethissiy obraz gavdalantiriladi; teatrda pyesa qaxramonlarining siymosi aktyorlarda oʻz aksini topadi. Sanʼat barcha ijtimoiy ong shakllari singari oʻz taraqqiyot qonuniyatlariga ega. Bu qonuniyatlar sanʼatning oʻz ichki xususiyatlaridan kelib chiqsada, ijtimoiy taraqqiyot bilan bogʻliq boʻlgan xalq, millat, elat, mamlakat va jahon sivilizatsiyasi darajasi bu qonuniyatlarda oʻz ifodasini topadi. Sanʼat qonuniyatlarini estetika, sanʼatshunoslik oʻrganadi.

Koʻchma maʼnoda — faoliyatning barcha sohalariga xos yuksak mahorat "sanʼat" deb tushuniladi. Masalan, bahs yuritish sanʼati, urush olib borish sanʼati, rahbarlik sanʼati, notiqlik sanʼati va boshqalar hisoblanadi.

  • Aristotel, Poetika (ruschadan M. Mahmudov va U. Tuychiyev tarjimasi), T., 1980; Pugachenkova G. A., Rempel L. I., Istoriya iskusstv Oʻzbekistana, M., 1965; Mahmudov T., Estetika i duxovnie sennosti, T., 1992.

Tilab Mahmudov[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil