Kontent qismiga oʻtish

Abdurashid Mukomilov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Abdurashid Mukamilovdan yoʻnaltirildi)
Abdurashid Mukomilov
Abdurashid Mukomilov
Buxorodagi jadidchilik harakatining namoyandasi
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1901-yil
Karki bekligidagi Chaqir qishlogʼi
Vafoti 1937-yil

Abdurashid Mukomilov — (1901—1937) — Buxorodagi jadidchilik harakatining namoyandasi. Jamoat arbobi.


Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdurashid Mukomilov 1901-yilda Karki bekligidagi Chaqir qishlogʼida (hozirgi Turkmanistonning Lebop viloyati hududida) hunarmand Mukamil Maqsudov oilasida tugʻilgan. 1915-yildan Yosh buxoroliklar partiyasi faoliyatida qatnashgan. Karki shahridagi yangi usul maktabini bitirgan (1917). Yosh buxoroliklar firqasining Karki shuʼbasi boshligʻi (1919—1920). Buxoroda amirlik hokimiyati agʻdarib tashlangach, Аbdurashid Mukomilov 1920—1921-yillarda Karkida, 1921-yil Bosh konsul sifatida Toshkentda faoliyat koʻrsatgan[1].


Abdurashid Mukomilov faoliyati davomida BXSR Tashqi ishlar noziri (1922), BXSRning Moskvadagi favqulodda vakili (1922—1923), BXSR Xalq Nozirlar Shoʻrosi ish boshqaruvchisi (1924), Buxoro Kompartiyasi MK kotibi va boshqa lavozimlarda ishlagan. Oʻzbekiston SSR tashkil topgach, u Qashqadaryo va Zarafshon viloyatlari ijroiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari (1925-yildan), «Sredazselьxozsnab» aktsionerlik jamiyati raisi (1931—1936), «Uzglavmyaso» tresti boshqaruvchisi (1937) lavozimlarida ishlagan. Abdurashid Mukomilov 1920—1930-yillarda «Milliy Ittihod” tashkilotining faol aʼzosi boʻlgan. U Fayzulla Xoʻjayevning ishonchiga sazovor boʻlgan milliy rahbar xodimlardan biri edi. Zarafshon viloyati ijroiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan paytida Oʻn sakkizlar guruhi faoliyatida qatnashganligi uchun u keyinchalik jazolandi. A. Mukomilov 1937-yil 22-iyunda Toshkent shahrida qamoqqa olindi. U BXSRda faoliyat koʻrsatgan milliy rahbar xodimlar (Otaulla Xoʻjayev, Muinjon Aminov, Muxtorjon Saidjonov va b.; jami 17 kishi) qatorida 1937-yil 14-oktyabrda oʻlim jazosiga hukm qilindi. A. Mukomilov Toshkentda 1937-yil 25-oktyabrda otib tashlangan. 1961-yil 25-dekabrda u oqlangan[2].


  1. Inoyatov S, Rajabov Q. Buxoro tarixi. Toshkent: Tafakkur, 2015 — 460-bet. 
  2. Rahmonov K. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tarixi matbuot sahifalarida. Toshkent: „ABU MATBUOT — KONSALT“, 2012 — 175-bet. 

Qatagʻon qurbonlari