Kontent qismiga oʻtish

Agnostitsizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Agnostiklikdan yoʻnaltirildi)

Agnostitsizm (yunoncha Agnostosa — inkor qoʻshimchasi, gnosis — bilish) — borliqni, voqelikdagi narsa va hodisalarni, ularning mohiyatini bilish mumkinligini qisman yoki mutlaqo inkor etuvchi nazariya. Agnostitsizm vakillari borliqning cheksizligi, nihoyasizligi va murakkabligi, inson sezgi aʼzolari imkoniyatlarining cheklanganligiga asoslanib borliqni bilish mumkin emas deb hisoblaydi. Agnostitsizmning yirik vakillaridan biri ingliz faylasufi David Yum, inson aqli sezgilarimiz bergan maʼlumotlarga tayanib voqelikni biladi, lekin, sezgi aʼzolarimiz bizga toʻgʻri va toʻliq maʼlumot beradimi, sezgilarimiz aks ettirayotgan voqelikning oʻzi mavjudmi, degan masalalarni oʻrtaga tashlagan va shu asosda olamni bilish mumkinligini rad etgan, ob’ektiv voqelikning mavjud-ligiga shubha bildirgan (bu jihatdan Yum Agnostitsizmi skeptitsizmning bir koʻrinishi sifatida namoyon boʻladi). Agnostitsizmning ikkinchi bir yoʻnalishi nemis faylasufi Immanuil Kant falsafasida ifodalangan. I.Kant tashqi olamni ikkiga: „biz uchun narsa“ va „narsa oʻzida“ga ajra-tib tushuntiradi, olamning biz bilgan va bilib olishimiz mumkin boʻlgan qismini „biz uchun narsa“ deb ataydi. Olamning „narsa oʻzida“ qismining ay-rim jihatlarinigina bilish mumkin boʻlsa ham, uning asl mohiyatini bilish mumkin emas deydi. Bilish ob’ektining cheksizligini, nihoyasizligini, hodisalar ichki mohiyatining tubsizli-gini mutlaqlashtirish Agnostitsizmning gnoseologik ildizlariga kiradi. Haqiqatda, har qanday narsani bir qarashda, bir zumda har taraflama bilib boʻlmaydi, uni bilib olish uchun muayyan vaqt kerak boʻladi. Shuningdek, har qanday narsani va uning mohiyatini bilib olishimiz uchun yordamchi qurol va vositalarning qay darajada takomillashganligi jiddiy ahamiyatga ega. Bizga nisbatan keyingi avlodlarimizning tajribalari yanada boyib, takomillashib boradi va natijada ular bizlarga nisbatan koʻproq narsalarni biladi. Biz sezgi aʼzolarimizning bilish imkoniyati yetmagan ob’ektlarni aql va tafakkur kuchi bilan bilib boramiz. Bilish shu tarzda yaxlit va uzluksiz jarayondir. Inson aql-tafakkuri fan va amaliyetni taraqqiy ettirishga, bilish va izlanish vositalarini takomillash-tirishga yoʻl ochadi[1].

Agnostitsizm teologiya, oʻlimdan soʻnggi hayot, xudo kabi metafizik mavzularga oid maʼlum iddaolarning haqiqiy yechimini bilish ilojsiz ekanini taʼkidlovchi falsafiy dunyoqarashdir. Bunga sabab sifatida obyektiv reallikni oʻrganish doim subyektiv bilish orqali kechishi koʻrsatiladi. Odatda agnostitsizm xudoning mavjudligi yoki emasligi masalasiga oid dunyoqarashga aytiladi. Agnostitsizm dunyoqarashiga ega shaxs agnostik deyiladi. Aksar agnostiklar ateistlar bilan bir qatorga qoʻyilsada, baʼzi agnostiklar teist boʻlishlari ham mumkin.

Etimologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Agnostitsizm atamasi 1869-yili Thomas Henry Huxley tomonidan gnostitsizmni rad etuvchi falsafiy oqimni nomlash uchun oʻrtaga qoʻyildi.

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil