Kontent qismiga oʻtish

Axloq evolyutsiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Ahloq evolyutsiyasidan yoʻnaltirildi)

Axloq evolyutsiyasi tushunchasi odamzotning tadrijiy rivojlanishi jarayonida shakllangan xulq-atvor tizimini nazarda tutadi. Axloqni toʻgʻri va notoʻgʻri xatti-harakatlar haqidagi gʻoyalar tizimi sifatida taʼriflash mumkin. Kundalik hayotimizda axloq boshqa mavjudotlarga nisbatan, koʻproq inson xulq-atvori bilan bogʻlanadi. Evolyutsion biologiya, xususan, evolyutsion psixologiyaning rivojlanayotgan tarmoqlari bahsiga koʻra, odam ijtimoiy xulq-atvori murakkabligiga qaramay, axloqning rivojlanish jarayoni, koʻplab boshqa ijtimoiy hayvonlarning xulq-atvori bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Inson xulq-atvorini sotsiobiologik jihatdan tushuntirish esa hamon munozarali. Boshqalar, jumladan, faylasuf Sem Xarris axloqning ob’yektiv ilmi mavjudligi ustida bahs yuritsada, sotsiologlar, anʼanaviy ravishda, axloqni konstruksiya* sifatida talqin qiladilar, shuningdek, u madaniy jihatdan ham nisbiy hisoblanadi.

Hayvonotning ijtimoiylashuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Garchi, inson nazdidagi axloqiy xulq-atvorga ega boʻlmasa-da, barcha ijtimoiy hayvonlar toʻdada hayot kechirish uchun xulq-atvorini oʻzgartirishi yoki cheklashiga toʻgʻri keladi. Shu oʻrinda, chumolilar, asalarilar va termitlar jamoalarini misol keltirish mumkin. Birgina chumolilar koloniyasi millionlab individlardan tarkib topadi. E. O. Uilsonning taʼkidlashicha, steril (bepusht) ishchi kastasining mavjudligi chumolilar koloniyasining eng muhim muvaffaqiyat omili sanaladi. Urgʻochi ishchilar kastasi qirolichaning ehtiyojlariga boʻysunadi va shu tariqa, ular koloniyaning yangi aʼzolarini parvarishlash jarayonida oʻzining reproduktiv (nasl qoldirish) imkoniyatidan mahrum boʻladi. Steril kastalar, juftlashish raqobatiga ham sezilarli darajada barham beradi, natijada esa koloniyada oʻzaro birdamlik rivojlanadi.

Bu muhim ahamiyatga ega, boisi yolgʻiz chumoli uchun uzoq vaqt mobaynida jon saqlash va nasl qoldirishi imkonsiz. Birdamlik tufayli koloniyalar hatto oʻn yillar mobaynida rivojlanishi mumkin. Chumolilar sayyoradagi turlarning eng muvaffaqiyatlisi boʻlish bilan birga, odamzot bilan ham raqobatlasha oladigan biomassani tashkil qiladi. Toʻda boʻlib yashashning asosiy afzalligi shundaki, bunda aʼzolarning yashovchanligi va koʻpayish imkoniyati ham taʼminlanadi. Sut emizuvchilarning ijtimoiy xulq-atvori insoniyatga ancha yaqin boʻlib, bir vaqtlar faqat insongagina xos deb hisoblangan empatiya va altruizmni hatto primatlar va fillarda ham uchratish mumkin.

Primatlar ijtimoiylashuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Insoniyatning eng yaqin qarindoshlari shimpanze va bonobolar bundan 4-6 million yillar avval yashagan odamlar bilan umumiy ajdodga ega. Shu sababli, ular mazkur ajdod uchun eng yaxshi surrogat (oʻrnini bosuvchi) hisoblanadi. Barbara Kingning taʼkidlashicha, primatlar, inson nazdidagi axloqqa ega boʻlmasa-da, ularda axloq evolyutsiyasi uchun zarur boʻlgan baʼzi xususiyatlarni kuzatish mumkin. Bular yuqori intellekt, ramziy/ishoraviy muloqot qobiliyati, ijtimoiy meʼyorlarni his qilish, „men“ni anglash va uzviylik. Frans de Vaal va Barbara Kingning fikricha, inson axloqi aynan primatlarning ijtimoiylashuvi asosida shakllangan. Shuningdek, Maykl Shermer nazarda tutgan premoral mayllarni primatlar, delfin va kitlarda ham kuzatish mumkin. Olimning taʼkidlashicha, quyidagi xususiyatlar nafaqat odamlar, balki hayvonlar, asosan yirik maymunlarda ham mavjud:

bogʻlanish va munosabat oʻrnatish; hamkorlik va oʻzaro yordam; xayrixohlik va hamdardlik; toʻgʻridan-toʻgʻri va bilvosita munosabat; altruizm va ikki tomonlama altruizm; nizolarni hal qilish va tinchlik oʻrnatish; aldov va yolgʻonni aniqlash; jamoatchilik tashvishi va boshqalarning oʻzi haqidagi fikriga qiziqish; shuningdek, guruhning ijtimoiy qoidalaridan xabardorlik va ularga munosabat bildirish[1].

Shermerning taʼkidlashicha, bu premoral hislar, primat jamoalarida individual xudbinlikni cheklash va koʻproq hamkorlik guruhlarini tashkil etish usuli sifatida rivojlangan. Har qanday ijtimoiy tur uchun altruistik guruhning bir qismi boʻlish, individualizm afzalliklaridan ustun boʻlishi lozim edi. Guruhda oʻzaro birdamlikning yoʻqligi esa, tashqi xavflar taʼsirida tuzilmaning zaiflashuviga sabab boʻladi. Guruh tarkibida boʻlish, avvalo, ozuqa topish imkoniyatini oshiradi. Bu asosan, xavfli va katta oʻljani tutish uchun toʻda boʻlib ov qiladigan hayvonlarda yaqqol namoyon boʻladi.

Insoniyatning ijtimoiy evolyutsiyasi[2]
Yillar oldingi davr Jamiyat turi Jismoniy shaxslar soni
6 000 000 Ibtidoiy toʻda 10s
100 000–10 000 Urugʻ 10-100 s
10 000–5 000 Qabila 100-1000 s
5000–4000 Qabilalar ittifoqi 1000-10 000
4000–3000 Davlat 10 000-100 000
3000 – hozirgi kungacha Imperiyalar 100 000–1 000 000

Barcha ijtimoiy hayvonlar, har bir aʼzo oʻz oʻrnini biladigan, jamoalarga ega. Ijtimoiy tartib – oʻrnatilgan xulq-atvor qoidalari asosida taʼminlanadi, hukmron qatlam esa ijtimoiy tartib barqarorligini jazo vositalari orqali nazorat qiladi. Biroq, yuqori darajali primatlar ham oʻzaro munosabat oʻrnatish hissiga ega. Masalan, shimpanzelar kim ularga yaxshilik qilganidan tortib, zarar keltirganlargacha eslab qoladi va shu bilan birga, avval ularni parvarish qilganlar bilan ozuqa almashishi ham mumkin. Koʻrshapalaklar ham oʻzaro munosabat va altruizm hissini namoyish etadi. Ular qonni qayd qilish orqali turdoshlari bilan boʻlishadi, biroq bu barcha koʻrshapalaklarga nasib etadi, degani emas. Ular, odatda, ozuqaga muhtoj boʻlgan paytlarida koʻmak berganlar bilangina shunday munosabatda boʻladi. 

Kapuchin maymunlari va itlar ham adolat hissini tushuna olishi bilan birga, bir xil xulq-atvor uchun adolatsiz taqsimlangan ragʻbat evaziga hamkorlikdan bosh tortadi.

Shimpanzelar oʻrtacha 50 ta aʼzodan iborat jamoalarda yashaydi. Odamlarning dastlabki ajdodlari ham xuddi shunday yashagani taxmin qilinadi. Ovchi-termachilar jamoalarining hajmiga asoslanib, soʻnggi paleolit gominidlari bir necha yuz kishidan iborat toʻdalarda yashagan. Insoniyat evolyutsiyasi jarayonida jamiyat kengayib borgani sari, toʻdada oʻzaro birdamlikka erishish zaruriyati ham ortib boradi. Axloq ham oʻz oʻrnida, 100-200 kishigacha boʻlgan mazkur jamoalar, ijtimoiy nazorat, nizolarni hal qilish va guruhlar birdamligini saqlash vositasi sifatida rivojlangan boʻlishi mumkin. Ushbu son chegarasi bizning genlarimizda ham mustahkam kodlangan, deb taxmin qilinadi, sababi zamonaviy dunyoda ham mazkur son chegarasi ortib ketgudek boʻlsa, odamlar orasida barqaror ijtimoiy munosabatlarni saqlab qolish bir qancha muammolarni yuzaga keltiradi. Doktor de Vaalning soʻzlariga koʻra, inson axloqi primat jamiyatlarida uchramaydigan, takomilning ikki qoʻshimcha sathiga ega. Odamlar oʻz jamiyatining axloq meʼyorlarini, mukofot, jazo va obroʻ-eʼtiborni oshirish vositasi sifatida qoʻllaydilar. Ular, shuningdek, hayvonot olamida uchramaydigan, mulohaza yuritish va asoslash imkoniyatiga ega.

  1. Shermer, Michael. The Science of Good and Evil. New York: Times Books, 2004 — 16-bet. ISBN 978-0-8050-7520-5. 
  2. Shermer, Michael (2008-yil fevral). „The Mind of the Market“. Scientific American. 298-jild, № 2. 35–36-bet. Bibcode:2008SciAm.298b..35S. doi:10.1038/scientificamerican0208-35. PMID 18376667. {{cite magazine}}: sana kiritilishi kerak boʻlgan parametrga berilgan qiymatni tekshirish lozim: |date= (yordam)