Kontent qismiga oʻtish

Ahmad polvon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Ahmad Polvondan yoʻnaltirildi)

Ahmad polvon (Tolibboyev) (1865-1914 Toshkent shahri Shayxontohur mavzesi) – mashhur oʻzbek polvoni. Yoshligidan kurashga qiziqdi. 1895-yil mashhur nemis polvoni Rippel (vazni 133 kg) Toshkentga kelganda u bilan sirkda bellashdi va yengdi. Kuragi yerga tegmay yurgan quvalik Xoʻja polvon ham Ahmad polvonga bas kelolmadi (1904-yil). Ahmad polvon birinchi bor fransuzcha kurash musobaqasida ishtirok etib, 1911-yil Germaniya chempioni Gyugner ustidan gʻalaba qozondi.

Ahmad polvon nomi bilan mashhur bo‘lgan bu inson asli kelib chiqishi Toshkentlik bo‘lib, yoshligidan kurashga qiziqqan. Tarixdagi qo‘lyozma va sur’atlarga qarab hukm chiqarilsa, u kishi suyakdor, juda ham semiz emas, qaddi-qomati kelishgan, ancha xushsurat kishi bo‘lgan. Beshyog‘och dahasining Chaqar mahallasida tug‘ilib o‘sgan, O‘rta Osiyoda juda mashhur bo‘lib birorta pahlavonga yengilmagan. Toshkentlik Mo‘minjon Muxammadjonovning "Turmush urinishlari" nomli kitobida keltirilishicha, 1895-yili 23-iyunda Toshkentga kelgan nemis pahlavoni Rippel bilan Toshkent sirkida kurash tushib yiqitgan. Ma’lum bo‘lishicha yiqilgan pahlavon mayib bo‘lib qolsa shikoyat qilmasligi shart qilib qo‘yilgan. Ammo kurash boshlanishidan bir necha daqiqa o‘tgach, Ahmad polvon raqibini yiqitib qo‘ygan va do‘stlari u kishini olib qochib ketgan ekanlar. Alamiga chidolmagan Rippel o‘zini otib qo‘ygan deb manbalarda keltirilgan. Bu vaqtda Ahmad polvon yigirma sakkiz yoshda bo‘lgan. Yuqorida zikr etilgan kitobda Ahmad polvonning 1904-yilda Quvadan kelgan Xo‘ja polvon bilan kurashgani va yiqitgani batafsil bayon etilgan. Bu davrga kelib Ahmad polvonning beliga yara chiqib tuzalmay yurar, kurash tushishga juda qiynalsa ham ko‘pchilikning sazasini qoldirmas va kurashib yengar edi.

1907-1908 yillari Farg‘onadan yana bir To‘pponcha polvon laqabi bilan mashhur pahlavon kelgan va Toshkent atroflaridan kelgan polvonlarning hammasini yiqitib, Ahmad polvonga talabgor bo‘lgan ekan. Ko‘pchilik kurash ishqibozlari yana Ahmad polvonni iltimos qilib kurashga majbur qilgan. Ahmad polvon o‘z odati bo‘yicha kurashga tushish oldidan o‘z raqibiga iltimos qilib kurash tushmaslikka undar, hatto o‘zini yengilgan hisoblashga ham rozi ekanligini bildirgan. Ammo raqibi ko‘nmagach, belbog‘ini bog‘lab ikki qo‘lini ko‘tarib raqibiga ushlatar, undan keyin esa o‘zi raqibining belbog‘idan havol ushlagancha kurash tushar ekan. Bu safar ham xuddi shunday bo‘lgan, bir necha daqiqadan so‘ng raqibini ko‘kragiga olib, asta qulog‘iga: «Mehmonsiz siyladim» deb yerga qo‘yadi. Bu kurash tugagach o‘z ishqibozlarini, ya’ni kurashga majbur qiluvchilarni chaqirib, choponini yechib orqasini ko‘rsatgan. Polvonning belida 7 ta odamning mushtiday keladigan yara bo‘lib hammasi yorilib, maddasi chiqib yotgan ekan. Shundan keyin hatto eng yaqin do‘stlari ham kurash tushishga undamaydigan bo‘lib qolgan. Tibbiyotning ojizligidanmi yoki Ahmad polvon bilan kurashgan raqiblari belidagi hamma mushaklarini ezg‘ilab tashlagani uchunmi, yaralar tuzalmas ahvolga kelgan.

Shunga qaramay 1911-yili Ahmad polvon birinchi bor fransuzcha kurash musobaqasida ishtirok etib, Germaniya chempioni Gyugner ustidan ham g‘alaba qozongan.

Ahmad polvon 1912-yil oxirlarida Makkaga Haj safariga ketgan. Makkai Mukarramaga yetgach, uch yil Haj mavsumini o‘tkazgan, otalari va akalari uchun Haj badal qilib, o‘zi ham Hoji bo‘lib, 1915-yili qaytib kelgan.

Tirikchilik maqsadida Makka hokimidan eng katta meshni so‘rab olib, har kuni Zam-zam qudug‘idan bir mesh suv keltirar va Makka bozori va ko‘chalarida: «Obi Xudoyi» deb kishilarga ulashar ekanlar. Makka ahli bir ikki yamoq pul ehson qilsa, o‘sha pulga ovqat sotib olar va tirikchilik qilar ekan.

Makkadan qaytgach, Ahmad polvon zerikmaslik uchun Toshkentning Qoppon bozoridan (hozirgi Chorsu mehmonxonasining atrofi) bir alloflik do‘kon ochgan va shu yerda g‘allafurushlik qilgan. Qozoqlar keltirgan bug‘doyni o‘lchashga tosh topilmasa, u kishi tarozining bir pallasiga chiqar va «Mening og‘irligim bir botmon (176 kg) u yog‘iga g‘allani taxlayber» der ekan. U kishi haqiqatdan ham juda og‘ir toshli o‘n bir pud keladigan kishi bo‘lgan deb To‘xtasin Tillaqori o‘g‘lining «Avlodlar shajarasi» kitobida keltirilgan. Doim mingan otlarining beli bukilib, qorni osilib yurar ekan. 1920-yillarda do‘konlar hukumat ixtiyoriga o‘tkazilgach, shahar vakillari kelib do‘konni bo‘shatishni talab qilganda, u kishi aytibdilarki: «Agar menga kuchinglar yetsa, tortib chiqaringlar!». Shunda kelgan kishilar o‘n kishilab ham tortib do‘kondan chiqara olmagan ekan.

Ahmad polvon yozda Chilonzordagi bog‘da (hozirgi Chilonzor savdo markazining ro‘parasi) yashar ekan. Vikipediya ochiq ensiklopediya manbalariga ko‘ra Ahmad polvonning yashab o‘tgan davri 1865-1914 yillarga to‘g‘ri keladi. Ammo To‘xtasin Tillaqori o‘g‘lining «Avlodlar shajarasi» tarixiy qo‘lyozmasiga nazar tashlasak, Ahmad polvonning 1920-yillarda ham hayot bo‘lganiga oid ma’lumotlar mavjud.

U kishidan o‘g‘il farzand bo‘lmagan. Yagona qizlari bo‘lgan. Aytishlaricha shu qizlaridan bir o‘g‘il dunyoga kelib, u uy qurilishi injeneri bo‘lib yetishgan ekan. 1954-yilda Chilonzor qurilishi boshlangach, qaysidir uyning beshinchi qavatidan yiqilib, olamdan o‘tgan. Bola-chaqasi bo‘lmagan. Shunday qilib Ahmad polvonning shajarasi tugagan.

Ahmad polvon Toshkent shahri Shayhontohur tumanidagi Zax ariq qabristoniga dafn etilgan

Bugungi kunda Toshkentning Shayhontohur tumanidagi ko‘chalaridan biriga Ahmad polvon nomi berilgan.

Maqola Tillayev Firdavs tomonidan To‘xtasin Tillaqori o‘g‘lining "Avlodlar shajarasi" asari asosida tayyorlandi.

2023-yil Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institutning "Fiskal yoshlari" jurnali



  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil