Kontent qismiga oʻtish

Algu (Chigʻatoy)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Al gudan yoʻnaltirildi)
Algʻu

Ariq Buqa Algʻu qoʻshinlarini magʻlub etishi. Moʻgʻul miniaturasi.
5-Chigʻatoy ulusi xoni
Oʻtmishdoshi Ergene xotun (regent)
Qorahuloku
Davomchisi Muborakshoh
Tugʻilishi XIII asr
Vafoti 1265
Almaligʻ (Xitoy)
Uy Borjigin
Chingiziylar
Otasi Baydar

Algʻu, Olgʻu — Chigʻatoy ulusining beshinchi xoni (1260-1265), mashhur moʻgʻul mergani Baydarning oʻgʻli, Chigʻatoyning nabirasi, Chingizxonning chevarasi.

Qoon Munke vafoti (1259)dan soʻng oliy hokimiyat taxtiga ayni vaqtda uning ikki ukasi — Xitoyda Xubilay va Moʻgʻulistonda Oriqbuqo daʼvogarlik qildi. Natijada taxt uchun oʻzaro kurash boshlanib, Xubilay Xitoydan Moʻgʻulistonga gʻalla yubormay qoʻydi. Shunda Oriqbuqo Algʻuga ocharchilik boshlangan Moʻgʻulistonni Turkiston gʻallasi bilan taʼminlashni topshirdi. Lekin Algʻu Koshgʻarga kelgach, Chigʻatoy xonadoniga mansub shahzodalar va ularning tarafdorlarini oʻz atrofiga toʻplab, jiyani Nikpay oʻgʻilni 5 ming kishilik qoʻshin bilan birgalikda Movarounnaxrni bosib olish va u yerdan Berkaxon noiblarini quvib chiqarish uchun joʻnatdi. Shu tariqa Movarounnahr egallanib (1261), Algʻu oʻzini mustaqil xon deb eʼlon qildi. Keyin u Xubilay, Oriqbuqo, Berkaxon va Oʻqtoyxonning nabirasi Xayduga qarshi muvaffaqiyatli urushlar olib borib, hatto hech qachon Chigʻatoy ulusi tarkibiga kirmagan Xorazm va Afgʻonistonda ham oʻz hukmini oʻrnatdi (1262-1264). Algʻu davrida olib borilgan urushlar oqibatida Movarounnahrning koʻplab shahar va qishloqlari, bogʻ-rogʻ va ekinzorlari vayron boʻldi, minglab tinch aholi qirildi, xalq zimmasiga ogʻir majburiyat va soliqlar yuklandi.

Algʻu juda gʻayratli harakat qilib, chigʻatoylar va ularning tarafdorlarini, xususan, Mahmud Yalavochning oʻgʻli Masʼudbek va Noib Habash Amidning oʻgʻli Sulaymonbekni oʻz tomoniga tortdi. Ulus hukmdori, Qorahulokuning bevasi Ergene xotun sharqqa, Oriqbuqoga qoldi. Algʻu Chigʻatoy mulkining gʻarbiy qismidan Joʻji hokimlarini quvib chiqardi. U oʻz vakillarini Buxoro va Samarqandga joʻnatdi.

Algʻu kuchayib, Xubilay tomoniga oʻtdi va Xubilay tomonidan Moʻgʻulistondan Yenisey qirgʻoqlarigacha siqib chiqargan Oriqbuqoga qarshi chiqdi. U Oriqbuqoni qoʻllab-quvvatlagan oʻqtoylardan boʻlmish Xayduga hujum qildi. 1262-yilda Algʻu Sayram koʻli yaqinida Oriqbuqo avangardi (ilgʻori)ni magʻlub etishga muvaffaq boʻldi, lekin 1263-yil bahorida Ili vodiysida magʻlubiyatga uchradi va Sharqiy Turkistonga qochib ketdi. Oriqbuqo qoʻshinlari Ili vodiysini talon-toroj qilib, qishlash uchun Qoʻlja viloyatiga joylashdilar. Talonchilik mamlakatda ocharchilikni keltirib chiqardi, qishda bugʻdoyga oʻrganib qolgan Oriqbuqo jangchilarining otlari 1264-yil bahorida yaylovdan kasal boʻlib oʻla boshlaydi. Sardorlarning aksariyati Oriqbuqoni tark etadi va u Algʻuning hujumidan xabar topib, Ergene Xotunni uning oldiga yuboradi va u mutelarcha Xubilay oldiga qaytib keladi.

Ergene Xotun Algʻuning xotini boʻldi. 1265-yilda vafotidan keyin hokimiyat tepasiga Ergenaning oʻgʻli Muborakshoh keladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Bartold V. V. Ocherk istorii Semirechya // Bartold V. V. Sochineniya. — M.: Izdatelstvo vostochnoy literaturi, 1963. — T. II, ch. 1. — S. 71, 72.
  • Rashid ad-Din. Sbornik letopisey / Per. s persidskogo Yu. P. Verxovskogo, redaksiya prof. I. P. Petrushevskogo. — M., L.: Izdatelstvo Akademii Nauk SSSR, 1960. — T. 2.
  • Biran M. Qaidu and the rise of the independent Mongol state in Central Asia. — Curzon, 1997. — 198 p. — ISBN 0700706313.