Kontent qismiga oʻtish

Allellar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Allel genlardan yoʻnaltirildi)

Allellar (yun. allelon – bir-birini oʻzaro), allelomorflar, allel genlar – bir genning gomologik xromosomalarning oʻzaro bir xil joy (lokus)laridagi boʻlishi mumkin boʻlgan har xil holatlari. Allel maʼlum bir belgining rivojlanishini nazorat qilib, uning alternativ (bir-birini inkor etuvchi) ifodalanishiga sabab boʻladi. „Allel“ atamasini daniyalik olim V. Iogansen taklif etgan (1909). Aksariyat genlar faqat ikki: dominant va resessiv allelga ega. Diploid organizmlarning somatik hujayralarida har ikkala, gametalarda esa faqat bitta allel boʻladi. Barcha holatlarda ham maʼlum genning dominant alleli taʼsiri shu genning resessiv allelinikidan ustun keladi. Allelning dominantlik xususiyati ularning oʻzaro allellik taʼsiriga, genotipik muhit va tashqi sharoitlarga bogʻliq. Dominant va resessiv allel gomozigotalik (SS yoki ss) yoki geterozigotalik (Ss) holatlarida ishtirok etishlari mumkin. Bundan tashqari genning koʻp allellilik seriyalari ham uchraydi. Bunday holda ham dominant allel bosh harf bilan, allellarning barcha resessiv seriyalari esa turli nishonlar qoʻyilgan kichik harflar bilan belgilanadi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil