Kontent qismiga oʻtish

Shohmalik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Amir Gʻiyosiddin Shohmalikdan yoʻnaltirildi)

Shohmalik, amir Shohmalik, amir Gʻiyosiddin Shohmalik (? — 1426.21.1, Xorazm, Mashhadda dafn etilgan) — Amir Temur va Shohrux saltanatida xizmat qilgan dongdor amir. Amir Temur uni yoshligidan tarbiyalagan, harbiy salohiyatni oʻrgatgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma"sida Sh. dastlab Amir Temurning 5 yillik yurishi, aniqrogʻi Takrit qalʼasining olinishi (1393-yil) voqealari bayonida qoʻshin boshligʻi sifatida eslatilgan; Muhammad Sultonni Hurmuz viloyatini egallashga joʻnatganda esa, Sh. lashkar tarkibida hazorani (minglik qoʻshin qismini) boshqargan.

SH. Amir Temurning Hindistonga yurishida faol qatnashgan lashkarning turli qismlarida tuman sardori boʻlgan. Amir Temurning 7 yillik yurishi chogʻida Sh. Sohibqironning eng ishonchli kishilaridan sanalgan. Sulton Boyazid bilan jangda Sh. nomdor noʻyon sifatida lashkarning markaziy (qoʻl) qismiga belgilangan. Amir Temur Oʻtror shahrida vafot qilgan paytida Sh. uning yonida boʻlgan va oxirgi vasiyatlari, jumladan, Pirmuhammadni valiahd qilgani haqidagi vasiyatni bevosita eshitgan. Sohibqironning jasadi joylashgan tobut, oilasi, nevaralarini Oʻtrordan Samarqandga olib kelishda bosh boʻlgan.

Amir Temurning vafotidan soʻng, Samarqand taxtini Xalil Sulton egallagach, Sh. Mirzo Shohruxning oʻgʻillari Ulugʻbek va Ibrohim Sultonni olib, dastlab Buxoroga, soʻngra Xurosonga Shohrux xizmatiga borgan. Shohrux Movarounnahrni toʻla oʻz ixtiyoriga olgach (1409—10), uni Ulugʻbekka suyurgol qiladi va u hali yosh boʻlgani sababli, mamlakat ishlarini boshqarib turishga shahrini mutasaddi qilib qoldiradi. Mazkur tadbirdan Ulugʻbekning koʻngliga malollik kelganini bilgan Shohrux (1411 — 12) shahrini Xurosonga chaqirib oladi.

Keyingi 1405—13 yillar davomida Sh. Shohruxning topshirigʻi bilan Xuroson, Mozandaron, Movarounnahr, Xorazmga harbiy yurishlarda, isyonlarni bostirishda qatnashgan. Shohrux (1412— 13) Xorazmni Sh.ka butkul (darbasta) suyurgʻol qiladi. Sh. Xorazm hokimi boʻlganidan keyin ham Shohruxning gʻarbiy viloyatlarga yurishlarida ishtirok etgan.

shahrining Temuriylar davri xalqaro elchilik munosabatlarida ham maʼlum hissasi bor. 1419—22 yillarda Temuriylardan Xitoyga borib kelgan katta elchilik safarida Xorazmdan shahrining Oʻrduvon ismli elchisi ham qatnashgan.

Abdurazzoq Samarqandiyning "Matlai saʼdayn"ida keltirilishicha, Amir Temur oʻz vaqtida shahrining sadoqatli buyuk xizmatlarini qadrlab, juda koʻp joylarni unga suyurgʻol tarzida inʼom qilgan. Sh. oʻziga tegishli mulklarda madrasalar, xonaqohlar, masjidlar, rabotlar va hovuzlar kabi koʻp xayrli qurilishlarni amalga oshirgan, ularga ekinzorlar barpo etib vaqflar belgilagan.

SH. vafot qilgach, uning jasadini Xorazmdan Mashhadga keltirib, Imom Rizoning qabri yoniga oʻzi qurdirgan maqbaraga dafn qilishgan.

Omonullo Boʻriyev.