Kontent qismiga oʻtish

Askaniya qoʻy zoti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Askaniya qo‘y zotidan yoʻnaltirildi)
Askaniya qoʻy zoti

Askaniya qoʻy zoti – Mayin tolali, juni va goʻshti uchun boqiladigan zot. Bu zotni 1925 – 34 yillarda Ukraina chorvachilik ilmiy tadqiqot instituta (Xerson viloyatidagi „Askaniya-Nova“ xoʻjaligi)da akademik M. F. Ivanov Ukraina mahalliy merinos qoʻylarini tanlab borish va Amerikaning rambulye qoʻchqorlari bilan chatishtirish orqali yetishtirgan. Askaniya qoʻy zoti mayin junli qoʻylar ichida oʻzining yirikligi bilan ajralib turadi, quruq iqlimga yaxshi moslashadi, jun va goʻsht mahsuldorligi yuqori. Qoʻchqorlarining tirik vazni 120 – 140 kg, sovliqlariniki 60 – 70 kg. Mayin, ingichka jun qoplamiga ega. Qoʻchqorlaridan 12 – 15 kg gacha, sovliqlaridan 6 – 6,5 kg jun olinadi (1 sm2 terida 4900 dona jun tolasi bor), jun kokili uzunligi 7,5 – 8 sm, toza jun chiqimi 40 – 50 %. 100 qoʻydan 150 gacha qoʻzi olish mumkin, oddiy sharoitda 125 – 130 qoʻzi olinadi. Askaniya qoʻy zoti ishtirokida Kavkaz, ozarbayjon, Krasnoyarsk merinoslari yaratilgan. Oʻzbekistonda 50-yillarda mahalliy jaydari qoʻylarning juni sifatini yaxshilash maqsadlarida Askaniya qoʻy zoti qoʻchqorlaridan foydalanilgan va yaxshi natijalar olingan. Oʻzbekistonning Jizzax va Toshkent viloyatlari xoʻjaliklarida tarqalgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil