Kontent qismiga oʻtish

Nevrasteniya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Astenik nevrozdan yoʻnaltirildi)

Nevrasteniya (nevr — asab va yun. astheneia — darmonsizlik), astenik nevroz, asab toliqishi, asab ojizligi — asab tizimining uzoq vaqt oʻta toliqishi, yaʼni ruhiy iztirob natijasida kelib chiqadigan kasallik, nevrozlarning bir turi N.ga intoksikatsiya (koʻpincha alkogoldan), infeksiya, oʻta toliqish, toʻyib ovqatlanmaslik, bosh miya shikastlanishi, shuningdek, tez-tez asabga tegadigan va darmonni quritadigan vaziyatlar, kechasi kam uxlash va boshqalar sabab boʻladi. N.da, asosan, asteniya sindromiga xos alomatlar yuzaga keladi. Bunda bemor salbiy taʼsurotlarga oson beriluvchan, serzarda, jahldor, tez charchaydigan boʻlib qoladi, madori quriydi, yotganida tez uxlab qolib, salgina shovqinga uygʻonib ketadi. Bosh miya katta yarim sharlari poʻstlogʻi faoliyatining buzilishi tufayli oliy nerv faoliyatida qoʻzgʻalish va tormozlanish jarayonlarining munosabatlari buzilib, avval birinchisi, keyinroq ikkinchisi ustunlik qiladi. N. alomatlari ham ana shunday kelib chiqadi, dastlab bemor taʼsirchan, jahldor, bezovta, keyinchalik charchagan, boʻshang, horgʻin, uyquchan, kayfiyati buzuq, xotirasi pasaygan ahvolga tushadi. Hissiyot ojizligi, sezgilarning oshishi, teri sezuvchanligining ogʻriqli darajagacha ortishi, betoqatlik, shu vaqtning oʻzida ruhiy va jismoniy toliqish, diqqat va xotiraning pasayishi kuzatiladi. N.ga xos alomatlardan biri uyquning buzilishi va tez-tez bosh ogʻrib turishidir. Uyqu juda yuzaki boʻlib, aksariyat hollarda betoʻxtov davom etib, tush koʻrish bilan kechadi. Kunduzi esa uyqu bosadi, bemor uyqudan turganida kuchli charchagan, horgʻin boʻladi. N.da koʻp uchraydigan belgilar — bu turli-tuman somato-vegetativ va nevrologik buzilishlardir. Bunga ishtahaning buzilishi, ogʻiz qurishi, kekirish, koʻngil aynishi, ich dam boʻlishi, qabziyat, koʻp terlash, tomir urishi va arterial bosimning oʻzgaruvchanligi, koʻz qovoqlari va barmoqlarning titrab turishi (tremor), pay reflekslarining kuchayishi, jinsiy faoliyat susayishi va hokazo kiradi. Bu alomatlar bemorning umumiy ahvoli yaxshilanishi bilan tezda oʻtib ketadi. N.da mehnat qilish va dam olishni toʻgʻri uyushtirish, sport bilan shugʻullanish, sayr qilish, suv muolajalaridan foydalanish, vitaminli ovqatlar isteʼmol qilish, oilada, ishda tinch va xotir-jam boʻlish bemorning tezda sogʻayib ketishiga olib keladi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil