Kontent qismiga oʻtish

Atom massasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Atomic massdan yoʻnaltirildi)

Atom massasi (nisbiy atom massasi) – atom massasining atom massa birligida ifodalangan qiymati.

Atom massasi, atom ogʻirligi – atom massalarining atom massasi birliklarida ifodalangan nisbiy qiymati. Atom massasi ifodasini ingliz kimyogari J.Dalton XIX-asr boshida fanga kiritgan. 1961-yilda qabul qilingan nisbiy atom massalari birliklari shkalasiga asosan atom massasi birligi (atm.m.b.) uglerod izotopi atomi ¹²C massasining 1/12 qismiga teng. Xalqaro belgisi – U. Ele-mentar zarralar, atom yadrolari, atomlar, molekulalar massasi birligi sifatida qoʻllanadi. Atom massasi kimyoviy elementlarning eng muhim koʻrsatkichidir. Kimyoviy elementlar atomlarining tuzilishi va xossalarining oʻzgarish qonuniyatlari Atom massasi bilan oʻzaro bogʻliq. Bir kimyoviy element izotoplarining Atom massasi qiymati turlicha boʻladi. Izotoplar aralashmasidan tashkil topgan elementlarning atom massasi sifatida aralashma tarkibidagi izotoplarning protsent miqdorlarini hisobga olgan holda shu izotoplar atom massasining oʻrtacha qiymati qabul qilinadi. Ushbu qiymatlar elementlar davriy sistemasida (massa soni keltirilgan transuran elementlar bundan mustasno) keltirilgan. Atom massasi turli fizik va kimyoviy usullar bilan aniqlanadi; ulardan eng aniqrogʻi – masspektroskopiyadir. Bu usulda element ionlari nisbiy zaryadlarning qiymatlari, boshqacha aytganda, zaryad kattaligining ion massasiga nisbatan aniqlanadi. Buning uchun ionlarning elektr yoki magnit maydonida toʻgʻri chiziqli harakatdan chetga chiqishi tekshiriladi. Fizik usullardan yana biri yadro reaksiyasiga asoslangan. Bunda yadroda boʻladigan oʻzgarishlar natijasida bir atom yadrosining ikkinchi atom yadrosiga aylanishi tufayli ajralib chiqadigan energiyadan foydalaniladi. Kimyoviy usullardan biri – elementning bir necha kimyoviy birikmalari molekulyar massasini va bu birikmalarning kimyoviy tarkibini aniqlashga asoslangan. Atom massasini taqriban aniqlash usullari ham bor. Masalan, ulardan biri Dyulong va Pti qoidasiga asoslangan. Bu qoidaga koʻra, element atom massasining oʻsha elementning solishtirma issiqlik sigʻimi (S)ga koʻpaytmasi oʻzgarmas miqdor boʻlib, u taxminan 6,3 ga teng: AS~6,3.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil