Kontent qismiga oʻtish

Attila

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Attila Mundsuk oʻgʻlidan yoʻnaltirildi)
Attila
Gunnlar imperiyasi hukmdori
Hukmronligining boshlanishi: 434
Hukmronligining tugashi: 453
Oʻtmishdosh: Bleda va Rugila
Voris:Ellak
Tugʻilgan sanasi: nomaʼlum
Vafot sanasi:453
Turmush oʻrtogʻi:Kreka

Attila (boshqa ismlari: Etsela, Otilaxon, Etilli; laqabi — „Xudoning qamchisi“) (? — 453) gunnlar podshohi boʻlgan. 433-yili amakisi Rugila vafot etgach, birodari Bleda (Bilada) bilan birga taxtga oʻtirgan; lekin 445-yili Bledani qatl etib, hokimiyatni yakka boshqargan. Attila oʻzining zafarli yurishlari bilan saltanat hududini nihoyatda kengaytirgan. Attila davlati Sharqda — Kavkaz, gʻarbda — Reyn daryosi, shimolda — Daniya orollari, janubda — Dunay daryosining oʻng sohilini qamrab olgandi. Attila qudratli hukmdor boʻlgan, shu tufayli koʻpgina xalqlar unga oʻz ixtiyorlari bilan boʻysunganlar. Attila xalqlarning kuchli ittifoqini tashkil qilib, uning tarkibiga: ostgotlar, gepidlar, turingiyaliklar, gerullar, rugiylar, xazarlar va boshqalarni kiritgan. Atillaning qarorgohi Vengriyaning shimolidagi Tokay mavzeida boʻlgan. Attila dastlab Dunayning quyi oqimidagi soʻl qirgʻoq yerlarni oʻz hokimiyatiga boʻysundirgan. Miziya, Frakiya, Illirikani talon-toroj qilib, to Konstantinopolga qadar yetib borgan va Vizantiya imperatorini juda katta toʻlovlar toʻlashga (447) majbur etgan. 450-yili Attila 500 ming kishilik qoʻshin toʻplab gʻarbga yurish qilgan. Attila Germaniyadagi Reyn daryosidan oʻtib Trir, Mes, Arras va boshqa shaharlarni vayron qilgan. Orlean shahrini qamal qilganda shaharga yordamga Gʻarbiy Rim imperatori Valentinian III ning sarkardasi Aetsiy va vestgotlar podshohi Teodorix yetib kelgan. Attila qamalni boʻshatib 451-yili kuzda Trua shahri yaqinidagi Katalaun maydoniga kelib joylashadi. Mana shu maydonda xalqlarning buyuk jangi sodir boʻlgan. Attila kuchi bu jangdan soʻng ancha zaiflashgani tufayli oldinga qarab yurishni davom ettirmay, Reyn ortiga, Germaniyaga qaytadi. 452-yili u yangidan safar uyushtirib, Sharqiy Alp togʻlari orqali Italiyaga bostirib kirib Akvileyani vayron qiladi, Altinum, Paduya, Milan va boshqa koʻpgina shaharlarni egallagan; Rim va butun Italiya xavf ostida qoladi; lekin Attila oʻzining zafarli yurishini tuxtatib sulh bitimi tuzadi. Attila 453-yili Pannoniyaga qaytib kelib, shu yerda vafot etgan. Attilaning vafoti bilan gunnlarning jahonshumul davlatining qudrati singan; uning oʻgʻli Ellak davrida, Netad daryosi (Pannoniyada) boʻyidagi jangda german va skif qabilalari oʻz mustaqilliklarini qaytarib olganlar. Gunnlar barpo etgan davlat parchalanib ketgan. Attila haqidagi koʻplab qoʻshiq va rivoyatlar uzoq vaqtlargacha saqlanib qolgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Malikov A.M. Xunnlar // „Sogʻlom avlod uchun“ jurnali. 1997. № 3-4, 18-23-betlar