Kontent qismiga oʻtish

Avstriya—Italiya urushi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Avstriya-Italiya urushidan yoʻnaltirildi)

Avstriya—Italiya urushi (1848-1849) — 1814-1815-yillardagi Vena kongressi qarorlariga koʻra, Lombardiya va Venetsiyada oʻrnatilgan Avstriya hukmronligiga qarshi Italiya xalqining milliy ozodlik urushi. 1848-yil 18-martda Milanda Avstriya zulmiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarildi. Milanning qurolsiz xalqi Avstriya feldmarshali Radeskiyning 15 ming kishilik armiyasiga qarshi besh kun davomida olib borgan qahramonona janglaridan keyin avstriyaliklar shaharni tashlab ketishga majbur boʻldilar. Shu vaqtda Venesiyada ham quzgʻolon koʻtarildi. 1848-yil 22-martda avstriyaliklar Venesiyadan ham chiqib ketdilar. Shaharda respublika tashkil etildi. Xalq ommasiniig inqilobiy harakatidan qoʻrqqan va oʻz hokimiyatini mustahkamlashni koʻzlagan Pemont (Sardiniya) qiroli Karl Albert 23-martda Avstriyaga qarshi urush eʼlon qildi. Urushda Pemont qoʻshinlari Veronada Avstriya armiyasiga qattiq zarba berdi: bu janglarda Italiya xalq qahramoni Garibaldining koʻngilli otryadlari qatnashdi. Lekin ular Karl Albertning sotqinlik siyosati tufayli bir qancha zarbalarga uchradi. 1848-yil avgustda Karl Albert Avstriya bilan sharmandali yarash bitimi tuzdi. Italiya inqilobi yangi bosqichga koʻtarilgan bir paytda (1849-yil 20-martda) Karl Albert urushni yangidan boshlashga majbur boʻldi. 1849-yil 21-23-mart kunlari Pemontning 88 ming kishilik armiyasi generalning layoqatsizligi va xiyonati sababli batamom tor-mor etildi, 26-martda imzolangan yarash bitimiga koʻra, Avstriya qoʻshinlari Venesiya va Lombardiyani qayta egalladilar[1].

  1. "Avstriya—Italiya urushi" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil