Kontent qismiga oʻtish

Ayollar taʼlimi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Ayollar ta'limidan yoʻnaltirildi)
Gvineyadagi oʻquvchi qizlar

Ayollar taʼlimi – bu qizlar va ayollar taʼlimi (boshlangʻich taʼlim, oʻrta taʼlim, oliy taʼlim va sogʻliqni saqlash taʼlimi) bilan bogʻliq murakkab masalalar va munozaralar toʻplamining umumiy atamasi. Bu atama baʼzan qizlar taʼlimi deb ham ataladi. U gender tengligi va taʼlim olish imkoniyatlarini oʻz ichiga oladi. Ayollar va qizlarning taʼlim olishi qashshoqlikni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bu mavzu bir jinsli taʼlim va ayollar uchun diniy taʼlim mavzulari bilan ham bogʻliq, bunda taʼlim gender chiziqlariga boʻlingan (ayollar alohida ajratib olingan) holda oʻqitiladi.

Qizlar va ayollar uchun taʼlimdagi adolatsizliklar, misol uchun, qizlar maktabga kirishidagi toʻsiqlar yoki ayollarga nisbatan zoʻravonlik kabi qiyin vaziyatlar ayollar taʼlim olishi uchun toʻsiq boʻladi[1]. Ammo baʼzi Gʻarb mamlakatlarida ayollar taʼlimi erkaklar taʼlimidan yuqori darajaga chiqqan. Masalan, AQSHda 2005-2006-yillarda ayollar dotsentlarning 62%, bakalavriatning 58%, magistrlarning 60% va doktorlik darajasini olganlarning 50% ni tashkil etgan[2].

Qizlarning taʼlim darajasini oshirish ularning oʻz salomatligi va iqtisodiy kelajagiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi, bu esa oʻz navbatida ular yashayotgan jamiyat istiqbollarini yaxshilashi isbotlangan[3]. Onalari boshlangʻich maʼlumotga ega boʻlgan chaqaloqlarning oʻlim darajasi onalari savodsiz boʻlgan bolalar oʻlim darajasining yarmini tashkil qiladi[4]. Dunyoning eng qashshoq mamlakatlarida qizlarning 50 foizi oʻrta maktabga bormaydi. Shunga qaramay, tadqiqot shuni koʻrsatadiki, qizlarning qoʻshimcha taʼlimi ularning shaxsiy daromadini 15 foizga oshiradi. Ayollar taʼlimini yaxshilash va shu bilan birga ayollarning daromad olish salohiyatini yaxshilash oʻz farzandlarining turmush darajasini yaxshilaydi, chunki ayollar oʻz daromadlarini erkaklarnikiga qaraganda koʻproq oʻz oilalariga sarflaydilar[5].

Taʼlim ayolning oʻz salomatligi, shuningdek, uning hamrohi va oilasining sogʻligʻi haqida xabardorligini oshiradi. Bundan tashqari, erta turmush qurush, erta tugʻish yoki umuman turmush qurmaslik, farzand koʻrmaslik, rasmiy nikohga ega boʻlmaslik kabi holatlarni kamaytiradi, oilaviy munosabatlarni esa mustahkamlaydi. Shuningdek, taʼlim ayollarning hamkorlar va ish beruvchilar bilan muloqotini va fuqarolik ishtiroki darajasini yaxshilaydi[6][7].

Ayollar taʼlimining jamiyatga ijobiy taʼsiri tufayli ayollar taʼlimidagi tengsizliklarni bartaraf etish Barqaror rivojlanishning 4-maqsadi „Hamma uchun sifatli taʼlim“da taʼkidlangan va Barqaror rivojlanishning 5-maqsadi „Gender tengligi“ bilan chuqur bogʻlangan. Rivojlanayotgan mamlakatlarda qizlarni oʻqitish (va umuman ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish) tezroq rivojlanishga va aholi oʻsishining pasayishiga olib keladi, bu esa iqlim oʻzgarishini yumshatish kabi ekologik muammolarni hal qilishda muhim rol oʻynaydi. Project Drawdown hisob-kitoblariga koʻra, qizlarni oʻqitish iqlim oʻzgarishiga qarshi eng samarali oltinchi harakatdir (quyosh fermalari va atom energiyasidan oldin)[8].

Ayollarga nisbatan zoʻravonlik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ayol oʻqituvchilarga nisbatan zoʻravonlik Shvetsiyada 1900-yildan 1940-yilgacha boʻlgan davrda siyosiy muammoga aylangan. 1900-yilda, Shvetsiyadagi oʻqituvchilarning 66 foizini ayollar tashkil etgan, ularning aksariyati erkaklar zoʻravonligi tahdididan xoli hududlarda yoki alohida qishloq joylarda ishlagan. Siyosatchilar ayol oʻqituvchilarni qoʻriqchi itlar, qurollar va telefonlar bilan taʼminlash kabi masalalar uchun bir qator yechimlarni muhokama qilishgan[9].

Ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Taʼlim tizimi va maktab qizlarning turli fanlarga, jumladan, STEM (inglizcha, Fan, texnologiya, muhandislik va matematika-akademik fanlarni birlashtirish uchun ishlatiladigan keng atama) fanlariga qiziqishini aniqlashda muhim rol oʻynaydi, bu esa STEM boʻyicha sifatli taʼlimdan foydalanish va undan foyda olish uchun keng imkoniyatlarni taqdim etish orqali ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishga hissa qoʻshishi mumkin[1].

Past va oʻrta daromadli mamlakatlarda ayollar uchun kasbiy taʼlim va biznes taʼlimi boʻyicha tahlil va tadqiqotning dalillarini jamladi va shunday xulosaga kelindi: ayollar taʼlimi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiyotiga sezilarli darajada ijobiy taʼsir koʻrsatadi[10].

Atrof-muhitga taʼsiri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rivojlanayotgan mamlakatlarda qizlarni oʻqitish (va umuman ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish) tezroq rivojlanishga va aholi oʻsishining pasayishiga olib keladi. Bu bilan iqlim o'zgarishi kabi ekologik muammolarga ijobiy taʼsir oʻtkazish mumkin. Drawdown tadqiqot tarmogʻi hisob-kitoblariga koʻra, qizlarni oʻqitish iqlim oʻzgarishiga qarshi eng samarali oltinchi choradir (quyosh fermalari, atom energetikasi, oʻrmonzorlar va boshqa koʻplab harakatlardan oldin)[8].

Taʼlimning oʻziga xos turlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Texnologiya taʼlimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ayollar va qizlarni raqamli texnikalar bilan taʼminlash ularni bilimdon erkaklar bilan tenglashtirishga yordam beradi va bir qator imkoniyatlar yaratadi. Masalan, salomatlik va qonuniy huquqlarga oid veb- saytlar va mobil ilovalar ayollarga oʻzlari va oilalarini himoya qilish va ularga gʻamxoʻrlik qilish boʻyicha ongli qarorlar qabul qilishda yordam berishi mumkin, yana shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli aloqalar ayollarga oʻzlarining yaqin hamjamiyatidan tashqarida maʼlumot tarqatish va bilim almashish imkonini ham beradi[11].

Mobil taʼlim imkoniyatlari, savodxonlik ilovalaridan tortib, astronomiya kabi turli fanlar boʻyicha ochiq onlayn kurslar (MOOCs) hatto, dementsiya (bosh miyaning organik kasalligi natijasida kelib chiqqan aqlning pasayishi kasalligi) bilan ogʻrigan keksa qarindoshlarga gʻamxoʻrlik qilish, ayniqsa maktabga bormagan qizlar va yoshi katta ayollar uchun yangi taʼlim yoʻllarini ochishi mumkin. Ish qidirish mexanizmlari va professional tarmoq saytlari ayollarga mehnat bozorida raqobatlashish imkonini beradi, elektron tijorat platformalari va raqamli bank xizmatlari esa ularning daromadlari va mustaqilligini oshirishga yordam beradi[11].

Gʻarbiy Afrika

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Gvineya- Bisauning Hermangono shahridagi uch nafar oʻrta maktab oʻquvchisi. Mustamlakachilik urushi paytida, 1974-yil

Mustamlakachilikdan keyingi Gʻarbiy Afrikada gʻarbiy taʼlimning koʻplab ideallari: infratuzilma va moliyalashtirish saqlanib qoldi. Ayniqsa, Nigeriyada rasmiy taʼlim siyosatni ishlab chiqish vositasi sifatida koʻrilgan, chunki ayollarning rasmiy taʼlimi aholi sonining oʻsishi, sogʻligʻi, ovqatlanishi, tugʻilishi, chaqaloqlar oʻlimi, ayollarning ishchanligi va daromadlaridagi oʻzgarishlarga taʼsir koʻrsatishi bilan bogʻliq boʻlgan. Bundan tashqari, rasmiy taʼlim muassasalari ayollarni maoshi yuqori boʻlgan koʻproq texnik ishlardan uzoqlashtirish bilan birga, ayollarni gumanitar fanlar kabi kam daromadli ish sohalariga qanday yoʻnaltirishini taklif qiladigan adabiyotlar soni ortib borishi boʻlgan.

Ilmiy yutuqlar haqida soʻz borganda shuni aytish kerakki, FAWE konferentsiyasiga koʻra, Sahroi Kabir mintaqasi atrofida taʼlim olgan qizlar matematika va ilmiy fanlari boʻyicha chuqur bilimga ega boʻlishmagan[12]. Maktabni tugatgandan soʻng qizlarni ruhoniylik lavozimlariga olish tendentsiyasi ham keng oʻrganilgan. Shunga qaramay, rasmiy taʼlim xalqaro miqyosda tan olingan koʻplab imtiyozlarni beradi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ayollar boʻyicha toʻrtinchi Butunjahon konferensiyasi Afrikada ayollarning taʼlim olishi butun jamiyat uchun foydali boʻlishini targʻib qiluvchi qarorlarni qabul qildi. Bular oila salomatligini yaxshilash, ayollar uchun mavjud boʻlgan yuqori maoshli ish joylari tashkil etish, ona va bola rivojlanishini nazoratga olish kabi mazmundagi qarorlar edi.1950-1960-yillarda Gʻarbiy Afrikaning aksariyat mamlakatlarida ayollarning taʼlimdagi ishtiroki kamayganiga qaramay, ayollarning taʼlim darajasi asta-sekinlik bilan oshib bormoqda. Biroq, YuNESKO statistik maʼlumotlariga koʻra, ayollarning oʻqishga kirishi va bitiruv koʻrsatkichlari boʻyicha statistik gender nomutanosibligi hali ham mavjud.

Afrika taʼlimida gender tengligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Soʻnggi bir necha oʻn yilliklarda Afrika mamlakatlari rivojlanishi jarayonida taʼlimning roliga katta ahamiyat berildi. Shu bois taʼlim siyosatning ustuvor yoʻnalishlari qatoriga kiritildi, taʼlim muassasalari sonining ortishi ayollarning taʼlim olish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirdi. Xususan, „Barcha uchun taʼlim“ dasturi yuzasidan oʻtkazilgan Butunjahon konferensiyasidan soʻng Afrikada ayollar taʼlimiga alohida eʼtibor berildi va bu mamlakat rivojlanishiga oʻz taʼsirini oʻtkazdi[13].

Ayollar taʼlimining barcha darajalari kengayayotgan bir paytda tenglik indeksi ham yaxshilangan. Afrikaning Sahroi Kabirda 1980, 1990, 2000 va 2006-yillarda boshlangʻich maktabga qabul qilish boʻyicha gender tengligi indeksi mos ravishda 0,77, 0,81, 0,89 va 0,92 ni tashkil etgan. Baʼzi mamlakatlarda ayollarning yalpi roʻyxatga olish koeffitsienti hatto Gambiya, Gana, Malavi va Zambiya kabi erkaklarning yalpi roʻyxatga olish koʻrsatkichlaridan ham oʻzib ketgan.

Qiyinchiliklar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Soʻnggi oʻn yilliklarda Afrikada ayollarning taʼlimi katta muvaffaqiyatga erishdi. Biroq ushbu mintaqada yashovchi ayollar taʼlimining rivojlanish darajasi geografik joylashuvi, ijtimoiy tabaqasi, tili va etnik kelib chiqishidagi farqlar tufayli boshqa davlatlardan hali ham sezilarli darajada farq qiladi. Yaʼni, dunyoning boshqa mamlakatlari bilan solishtirganda, Afrika, ayniqsa Sahroi Kabirdagi Afrika, ayollar taʼlimi sohasida hali ham orqada.

Afrikada hali ham taʼlim sohasida gender farqlar mavjud va bu farqlarga olib keladigan omillar juda koʻp. Gender tengligini tarbiyalashga toʻsqinlik qiluvchi omillarni taxminan iqtisodiy omillar, maktab bilan bogʻliq omillar, ijtimoiy va madaniy omillarga boʻlish mumkin[14][15].

1949-yilgacha
[tahrir | manbasini tahrirlash]

19-asrning oxirigacha davom etgan xitoylik ayollarning oyoq bogʻlash odati uning bilimsizligi haqida maʼlumot bergan[16]. 19-asrda Buyuk Britaniya va AQShdan Xitoyga koʻplab nasroniy missionerlar kelishi va ularning maktablar ochishga jalb etilishi bilan ayollar taʼlimiga alohida eʼtibor qaratila boshladi.

Erkaklar va ayollar bir-biriga yaqinlashmasliklari kerak boʻlgan ijtimoiy odat tufayli, Xitoy ayollari Gʻarb tibbiyotining erkak shifokorlari tomonidan davolanishni istamadi. Bu Xitoyda Gʻarb tibbiyotida ayollarga katta ehtiyoj tugʻdirdi. Shu sabab, ayol tibbiy missioner, doktor Meri X. Fulton (1854-1927)[17], Presviterian cherkovining (AQSh) Xorijiy missiyalar kengashi tomonidan Xitoyda ayollar uchun birinchi tibbiy kollejni tashkil etish uchun yuborilgan. Ayollar uchun Hackett tibbiyot kolleji nomi bilan tanilgan[18][19] bu kollej Xitoyning Guanchjou shahrida joylashgan boʻlib, Edvard AK Xakett (1851–1916) tomonidan katta xayriya hisobiga ishga tushirilgan. Kollej 1902-yilda tashkil etilgan va toʻrt yillik oʻquv dasturini taklif qilgan. 1915-yilga kelib 60 dan ortiq talaba tahsil olgan. Koʻpchilik talabalar doktor Fultonning taʼsiri tufayli xristian boʻlishgan. Shuningdek, kollej rasman tan olingan va uning diplomlari Guangdong provinsiyasi hukumatining rasmiy muhri bilan belgilangan. Kollej nasroniylik va zamonaviy tibbiyotni yoyish va xitoylik ayollarning ijtimoiy mavqeini oshirishga qaratilgan edi.

Xalq Respublikasi (1949-yildan hozirgi kungacha)
[tahrir | manbasini tahrirlash]

1931-1945 yillar oraligʻida oʻqimagan ayollar 90% dan ortiqni tashkil etgan va taʼlim olgan ayollarning aksariyati faqat boshlangʻich bosqichnigina tugatgan edi[20]. 1950-yillarda, Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilgandan soʻng, hukumat sivilizatsiya loyihasini boshladi[21]. Bu koʻp sonli oʻqimagan ayollarga asosiy yozish va hisoblashni oʻrganishga imkon berdi. Ushbu loyiha oʻqimishli ayollar qatorini kengaytirdi. Bu nafaqat shaharlarda, balki qishloqlarda ham targʻib qilindi. Qishloqlarning oʻz boshlangʻich maktablari bor edi. Uyda ayollar faqat bolalar va uy ishlari bilan shugʻullanish oʻrniga, mahalliy maktablarda yozish va oʻqishni oʻrganish imkoniyatiga ega boʻldilar.

1980-yillarda Xitoy markaziy hukumati yangi taʼlim toʻgʻrisidagi qonunni qabul qildi, unga koʻra mahalliy hukumatlar 9 yillik taʼlimni butun mamlakat boʻylab targʻib qilishni talab qildi[22]. Yangi taʼlim qonuni oʻrta maktabgacha taʼlim huquqlarini kafolatladi. 1960-yillarga qadar ayollarning boshlangʻich maktabga kirishi 20% edi. Taʼlim toʻgʻrisidagi qonun eʼlon qilinganidan 20 yil oʻtib, 1995-yilda bu foiz 98,2% ga oshgan. 2003-yilga kelib, oʻrta maktabni tashlab ketgan ayollar ulushi 2,49% gacha kamaygan[23][24].

Bengal Qizlar Maktabi, Kalkutta (LMS, 1869)[25]

Cherkov missionerlik jamiyati Janubiy Hindistonda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Qizlar uchun birinchi internat 1821-yilda Tirunelveli shahrida paydo boʻlgan. 1840-yilga kelib, Shotlandiya cherkov jamiyati 200 nafar hind qizlari oʻrin olgan oltita maktab qurdi. Asr oʻrtalarida ular soni 8000 tashkil etdi. Asta-sekin, ayollar taʼlimi rivojlana boshlandi. Ayollar uchun umumiy savodxonlik darajasi 1882-yildagi 0,2 foizdan 1947-yilda 6 foizgacha oshgan[26].

Hindistonning Palakkad shahridagi qizlar kolleji

1947-yilda Hindiston mustaqillikka erishgach, taʼlim sifatini yaxshilash boʻyicha takliflar berish uchun universitet taʼlim komissiyasi tuzildi. Biroq, ularning hisobotida ayollar taʼlimiga qarshi chiqilgan va „Ayollarning hozirgi taʼlimi ular olib borishi kerak boʻlgan hayotga mutlaqo aloqasi yoʻq. Bu nafaqat isrofgarchilik, balki aqlsizlikdir“ deya baholangan[27]. Biroq, mustaqillikdan keyin ayollarning savodxonlik darajasi 8,9 foizni tashkil etganini ham eʼtibordan chetda qoldirib boʻlmaydi. Shunday qilib, 1958-yilda hukumat tomonidan ayollar taʼlimi boʻyicha milliy qoʻmita tayinlandi va uning bir qator tavsiyalari qabul qilindi. Uning asosiy maqsadi ayollar taʼlimini oʻgʻil bolalar uchun taqdim etilgan taʼlim bilan bir xil asosda olib borish edi.

Islom mamlakatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Afgʻonistonda qizlar taʼlimi 2002-yil

Islom dinida ayollar koʻplab taʼlim muassasalarining tashkil etilishida muhim rol oʻynagan, masalan Fotima al-Fihriy Al Karauin masjidiga asos solgan. Keyingi asrlarda bu masjid taʼlim muassasiga aylantirilgan va qadimdan mavjud boʻlgan va doimiy faoliyat yuritadigan muassasa sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan[28][29].12-13-asrlarda Ayyubiylar sulolasi davridaDamashqda 160 ta masjid (ibodatxona) va madrasa (taʼlim maskanlari) tashkil etilgan boʻlib, ulardan 26 tasi vaqf (xayriya vasiylik yoki vasiylik qonuni) orqali ayollar tomonidan moliyalashtirilgan[30].

Ayollarning rasmiy sinflarda talaba sifatida qatnashishi noodatiy hol boʻlsa-da, ayollar masjid, madrasa va boshqa jamoat joylarida norasmiy maʼruzalar va oʻquv mashgʻulotlariga ishtirok etishi odatiy hol edi. Ayollarning taʼlim olishida qonuniy cheklovlar boʻlmasa-da, Muhammad ibn al-Haj (vafoti-1336) kabi baʼzi erkaklar bu amaliyotni maʼqullamagan va uning davrida maʼruzalarni norasmiy ravishda tekshirilgan[31]. 12-asrgacha ayollar islom ulamolarining bir foizini tashkil etgan boʻlsa, undan keyin ayol olimlarning koʻpayishi kuzatilgan. 15-asrda as-Saxaviy oʻzining 12 jildlik biografik lugʻati al-Ḍawʾ al-lāmiʻ butun bir jildini ayol olimlarga bagʻishlagan va ulardan 1075 tasi haqida maʼlumot bergan[32].

  1. 1,0 1,1 Cracking the code: girls' and women's education in science, technology, engineering and mathematics (STEM). Paris: UNESCO, 2017. ISBN 9789231002335. 
  2. „Historical summary of faculty, students, degrees, and finances in degree-granting institutions: Selected years, 1869-70 through 2005-06“. Nces.ed.gov. Qaraldi: 2014-yil 22-avgust.
  3. „CAMFED USA: What we do“. CAMFED. 2011-yil 9-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 11-oktyabr.
  4. „Girls Education:A lifeline to development“ (1995). 2021-yil 25-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 3-fevral.
  5. „Plan Overseas - Why Girls?“. Plan Canada. 2011-yil 13-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 29-oktyabr.
  6. Farzaneh Roudi-Fahimi. „Empowering Women, Developing Society: Female Education in the Middle East and North Africa“. Population Reference Bureau. 2011-yil 25-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 29-oktyabr.
  7. Population, Education and Development. United Nations, 2003. ISBN 978-92-1-151382-0. Qaraldi: 2011-yil 29-oktyabr. 
  8. 8,0 8,1 „EDUCATING GIRLS“. Drawdown. 2019-yil 14-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 4-iyul.
  9. Backman Prytz, Sara; Westberg, Johannes (2022). ""Arm the Schoolmistress!" Loneliness, Male Violence, and the Work and Living Conditions of Early Twentieth-Century Teachers in Sweden". History of Education Quarterly 62 (1): 18-37. doi:10.1017/heq.2021.55. 
  10. Chinen, Marjorie; Hoop, Thomas; Alcázar, Lorena; Balarin, María; Sennett, Josh (January 2017). "Vocational and business training to improve women's labour market outcomes in low‐ and middle‐income countries: a systematic review". Campbell Systematic Reviews 13 (1): 1–195. doi:10.4073/csr.2017.16. 
  11. 11,0 11,1 UNESCO, EQUALS Skills Coalition. „I'd blush if I could: closing gender divides in digital skills through education“ (2019).
  12. Gachukia, Edduh. The Education of Girls and Women in Africa. Nairobi: Forum for African Women Educationalists, 1995. 
  13. Leslie, Limage. Women's literacy in worldwide perspective, 1994. 
  14. Leder, Gilah C. „Gender and Mathematics Education Revisited“, . The Proceedings of the 12th International Congress on Mathematical Education, 2015 — 145–170-bet. DOI:10.1007/978-3-319-12688-3_12. ISBN 978-3-319-10685-4. 
  15. Nkoyiai, Anastasia. Socio-Cultural and Economic Factors Affecting Primary Education of Maasai Girls in Loitokitok District, Kenya.. Western Journal of Black Studies, 2011. 
  16. Blake, C. Fred (April 1994). "Foot-Binding in Neo-Confucian China and the Appropriation of Female Labor". Signs: Journal of Women in Culture and Society 19 (3): 676–712. doi:10.1086/494917. 
  17. Mary H. Fulton. Inasmuch The United Study of Forring: . BiblioBazaar, 2010. ISBN 978-1140341796. 
  18. PANG Suk Man. „The Hackett Medical College for Women in China (1899-1936)“. Hong Kong Baptist University (1998-yil fevral). 2015-yil 16-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 10-oktyabr.
  19. „中国近代第一所女子医学院--夏葛医学院-【维普网】-仓储式在线作品出版平台-www.cqvip.com“. Cqvip.com. Qaraldi: 2013-yil 6-oktyabr.
  20. {{{title}}} (zh). Docin.com, 2011-10-04. Qaraldi: 2015-yil 17-aprel. 
  21. „1950年:"扫盲"字眼消失 一个落后时代的远去_网易政务“. Gov.163.com (2014-yil 17-sentyabr). 2014-yil 11-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 17-aprel.
  22. „中华人民共和国义务教育法_教育部门户网站_MOE.GOV.CN“. Moe.edu.cn (2006-yil 30-iyun). 2016-yil 3-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 17-aprel.
  23. Hannum, Emily (May 1999). "Political Change and the Urban-Rural Gap in Basic Education in China, 1949-1990". Comparative Education Review 43 (2): 193–211. doi:10.1086/447554. https://archive.org/details/sim_comparative-education-review_1999-05_43_2/page/193. 
  24. Tatlow, Didi Kirsten. „Women in China Face Rising University Entry Barriers“. The New York Times (2012-yil 7-oktyabr).
  25. Fruits of Toil in the London Missionary Society London Missionary Society: . London: John Snow & Co., 1869 — 12-bet. Qaraldi: 2016-yil 12-sentyabr. 
  26. „Educational Development of Girls and Women“. 2011-yil 22-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan.
  27. S. P. Agrawal. Women's Education in India: 1986-1987. Concept Publishing Company, 1992 — 31-bet. ISBN 9788170223184. 
  28. Oldest University
  29. „Medina of Fez“. UNESCO World Heritage Centre. UNESCO. Qaraldi: 2016-yil 7-aprel.
  30. Lindsay, James E. (2005), Daily Life in the Medieval Islamic World, Greenwood Publishing Group, 197-bet, ISBN 978-0-313-32270-9
  31. Lindsay, James E. (2005), Daily Life in the Medieval Islamic World, Greenwood Publishing Group, 198-bet, ISBN 978-0-313-32270-9
  32. Guity Nashat, Lois Beck (2003), Women in Iran from the Rise of Islam to 1800, University of Illinois Press, 69-bet, ISBN 978-0-252-07121-8