Kontent qismiga oʻtish

Barqaror rivojlanish maqsadlari

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Barqaror rivojlanish maqsadlari
Kashfiyotchi BMT
Shirkat BMT
Mamlakat 193 ta a'zo mamlakatlar
Mavjudligi 2015-yil 25-sentabr
Rasmiy veb-sayti https://sustainabledevelopment.un.org/sdgs

Barqaror Rivojlanish Maqsadlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Barqaror rivojlanish maqsadlari[1] – bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining dunyoda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vaziyatni har tomonlama yaxshilash orqali butun insoniyatning hayot tarzini yaxshilash va turmush farovonligini oshirishga, adolatli va barqaror jamiyat qurishga qaratilgan global chaqirigʼidir. Barqaror rivojlanish sohasidagi turli mamlakatlarning tajribasi juda katta farq qilganligi sababli, 2030 yil kun tartibining barcha maqsadlari va tegishli vazifalari umumiy, universal shaklda shakllantirilgan va qoida tariqasida aniq miqdoriy maqsadlar mavjud emas. Har bir mamlakat BRMni lokalizatsiya qilishi, yaʼni 2030 yilga moʻljallangan kun tartibidagi 169 ta vazifadan oʻzining rivojlanish ustuvorligi va moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, milliy rivojlanish maqsadlarini ishlab chiqishi belgilangan. Mamlakatlar ushbu maqsadlarni oʻzining milliy sharoitlariga moslashtirishi, har bir vazifaga tegishli statistik koʼrsatkichlar uchun miqdoriy koʼrsatkichlarni aniqlashi hamda vazifalar va aniq miqdoriy koʼrsatkichlarni milliy strategik hujjatlarda belgilashi kerak.

Bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqtisodiy va Ijtimoiy Departamentida (UNDESA) Barqaror Rivojlanish Maqsadlari boʻlimi (DSDG) BRMlar va ular bilan bogʻliq tematik masalalar, shu jumladan suv, energetika, iqlim, okeanlar, urbanizatsiya, transport, fan va texnologiyalar uchun moddiy yordam koʻrsatish va salohiyatni oshirish boʻyicha ishlarni taʼminlaydi.

Oʻzbekistonda Barqaror Rivojlanish Maqsadlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʼzbekiston ham 2015 yilning sentabr oyida BMT Sammitida eʼlon qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarining milliy darajada bajarilishi boʼyicha shartlarini qabul qildi va 2030 yilgacha boʼlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni belgilab oldi[2]. Qaror asosida 2030-yilgacha boʻlgan davr uchun 16 ta Barqaror rivojlanish milliy maqsadlari hamda ular bilan bogʻliq boʻlgan 125 ta vazifalar tasdiqlandi. Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 841-son qarori qabul qilinib, har bir yoʻnalish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar belgilandi[3]. Shuningdek, hukumat darajasida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari rahbarligida idoralararo Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi va milliy BRMlarni amalga oshirish uchun tegishli „yoʼl xaritasi“ qabul qilindi. BRM koʼrsatkichlari boʼyicha maʼlumotlarni monitoring qilish maqsadida nsdg.stat.uz sayti ishga tushirildi. Ushbu platforma mamlakatdagi BRMga erishishda mavjud vaziyat toʼgʼrisida maʼlumot toʼplash va umumlashtirish uchun yagona markaz hisoblanadi.

Barqaror rivojlanish maqsadlari:

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. Qashshoqlikning barcha shakllariga barham berish
  2. Ochlikni tugatish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va oziqlanishni yaxshilash hamda qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish.
  3. Sogʻlom turmush tarzini taʼminlash va barcha yoshdagi kishilarning farovonligiga koʻmaklashish.
  4. Barchani qamrab oluvchi, teng huquqli hamda sifatli taʼlimni taʼminlash va barcha uchun uzluksiz taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish..
  5. Gender tengligini taʼminlash, barcha ayol va qiz bolalarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish.
  6. Barcha uchun xavfsiz suv zaxiralari va sanitariya vositalaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlash.
  7. Barcha uchun energiyaning arzon, ishonchli, barqaror va zamonaviy manbalaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlash.
  8. Keng qamrovli va barqaror iqtisodiy oʻsish hamda barcha uchun bandlik va munosib mehnat qilish imkoniyatlarini taʼminlashga koʻmaklashish.
  9. Mustahkam infratuzilma yaratish, keng sanoatlashgan va innovatsiyalar bilan boyitilgan tizim joriy etilishiga koʻmaklashish.
  10. Mamlakatlararo va ichki tengsizlik darajasini qisqartirish.
  11. Shahar va aholi yashash joylarining ochiqligi, xavfsizligi, mustahkamligi va ekologik barqarorligini taʼminlash.
  12. Oqilona isteʼmol qilish va ishlab chiqarish modellariga oʻtishni taʼminlash.
  13. Iqlim oʻzgarishi va uning oqibatlariga qarshi kurashish boʻyicha tezkor choralar koʻrish.
  14. Barqaror taraqqiyot yoʻlida okeanlar, dengizlar va dengiz zaxiralarini asrash va ulardan oqilona foydalanish.
  15. Oʻrmonlardan oqilona foydalanish, choʻllashishga qarshi kurashish, yer tanazzuli holatlariga chek qoʻyish va yer unumdorligini qayta tiklash hamda biologik xilma-xillikning yoʻqolib ketish xavfini bartaraf etish.
  16. Barqaror rivojlanish manfaatlari yoʻlida tinchliksevar va ochiq jamiyatlar qurilishiga koʻmaklashish, barcha uchun odil sudlov imkoniyatidan foydalanishni taʼminlash va barcha darajalarda samarali, hisobdor va keng ishtirokka asoslangan muassasalarni tashkil etish.
  17. Barqaror rivojlanish manfaatlari yoʻlida global hamkorlikni faollashtirish.

Maqsadlarga erishish strategiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

BRMga erishish boʻyicha ishlar 2016-yil 1-yanvardan boshlanishi va 2030-yilning 31-dekabriga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Biroq, ilgari tuzilgan xalqaro shartnomalar asosida ishlab chiqilgan ayrim vazifalar 2030-yil yakunidan avval ham hal qilinishi kutilmoqda. BRMga erishish quyidagi qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi deb taxmin qilinadi[4]:

  • Mamlakatlar mustaqil ravishda barqaror rivojlanish boʻyicha oʻz strategiyalari, rejalari va dasturlarini ishlab chiqadilar. SDG mamlakatlarga oʻz rejalarini global majburiyatlari bilan muvofiqlashtirish imkonini beruvchi etalon boʻlib xizmat qiladi.
  • Barqaror rivojlanish boʻyicha yuqori darajadagi siyosiy forumda har yili BRMga erishish boʻyicha yutuqlar tahlili asosida kelgusidagi chora-tadbirlar belgilanadi.
  • Addis-Abeba Harakatlar dasturida (Taraqqiyotni moliyalashtirish boʻyicha uchinchi konferentsiyaning yakuniy hujjatida[5]) nazarda tutilganidek, barqaror rivojlanish sohasidagi yangi kun tartibini amalga oshirishga koʻmaklashish uchun moliyaviy resurslardan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida BRMni amalga oshirish vositalarini nazorat qilish va koʻrib chiqish tashkil etiladi.
  • Texnologiyalarni rivojlantirish mexanizmi rivojlanayotgan mamlakatlarning texnologiyaga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishni taʼminlashi va ushbu ehtiyojlarni qondirish va salohiyatni oshirish uchun muqobil variantlarni taqdim etishi kerak.
  1. Sustainable Development Goals
  2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 83-sonli qarori
  3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 841-sonli qarori
  4. Sustainable Development Summit.pdf
  5. Addis-Abebskaya programma deystviy _ru.pdf