Kontent qismiga oʻtish

Bazidiomitsetlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Bazidiyali zamburug‘lardan yoʻnaltirildi)

Bazidiomitsetlar, bazidiyali zamburugʻlar (Basidiomycetes) — yuksak zamburugʻlar sinfi, jinsiy jarayonda maxsus jinsiy koʻpayish organlari — bazidiyalar hosil qilish xususiyatiga ega. Mitseliydagi mevali tanasi (kattaligi bir necha mm dan 1,5 m gacha) har xil shaklda. Mitseliy toʻsiqlarining oʻziga xos murakkab tuzilishi va mitseliyida yarim halqasimon harakatlar boʻlishi bilan boshqa zamburugʻlardan farq qiladi. Hujayralarning boʻlinishi tufayli yarim halqadan hosil boʻladigan hujayralarga qizlik yadrolar oʻtadi. Koʻpchilik Bazidiomitsetlar geteratallik xususiyatiga ega. Ularga 3 kenja sinf va 18 tartib, shu jumladan afilloforlar (koʻpchilik isteʼmol qilinadigan va zaharli zamburugʻlar), gasteromitsetlar, qorakuya, zang zamburugʻlari va boshqa kiradi. 30 mingdan ortiq turi maʼlum. Juda keng tarqalgan. Koʻpchilik turlari (qoʻziqorin, shampinon, oq zamburugʻ va boshqalar) isteʼmol qilinadi, baʼzilari (muxomor, oq poganka) zaharli. Koʻpgina Bazidiomitsetlar saprotrof va oʻsimliklarning fakultativ parazitlari hisoblanadi. Bazidiomitsetlar oʻsimlik qoldiqlarini parchalashda ishtirok etadi, oʻsimliklarda kasallik keltirib chiqaradi. Bir qancha turlari daraxtlar bilan mikoriza hosil qiladi. Ayrim turlari antibiotiklar ishlab chiqaradi. Daraxt tanasida uchraydigan poʻkak zamburugʻi daraxtni chiritadi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil