Kontent qismiga oʻtish

Epistemologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Bilish nazariyasidan yoʻnaltirildi)
.

Bilish nazariyasi (gnoseologiya, epistemologiya) — falsafa boʻlimidan biri boʻlib, u bilish qonuniyatlari va imkoniyatlari, bilimning obyektiv reallikka munosabatini oʻrganadi, bilish jarayonining bosqichlari va shakllarini, bilishning ishonchliligi va haqqoniyligi shartlari va mezonlarini tadqiq qiladi. Bilish nazariyasi hozirgi zamon fanida qoʻllaniladigan usullar (tajriba, modellashtirish, analiz, sintez va hokazo)ni umumlashtirib, uning falsafiymetodologik asosi sifatida namoyon boʻladi. Bilish jarayonida tajriba va amaliyotning katta ahamiyati bor. Bu yerda amaliyot (praktika) keng maʼnoda boʻlib, insonning jamiyatga taʼsiri, tabiat hodisalarini oʻzgartirishi, yangi narsalar, jamiyatning yashashi uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratishi tushuniladi. Kishilarning tabiat qonunlari haqidagi bilimiga asoslangan amaliy faoliyatlari bilish taraqqiyotini, fan va texnika ravnaqini belgilaydi. Sezgi, tasavvur va tushunchalarimizning obyektivligini tekshirish bilish jarayonining eng muhim vazifasidir. Amaliyot — haqiqat mezoni. Bilimlarimizning haqiqiyligi amaliyot orqali tekshiriladi, tasdiqlanadi. Bilish jarayoni jonli mushohada (hissiy bilish)dan abstrakt (mavhum) tafakkurga, undan esa amaliyotga oʻtish bilan xarakterlanadi. Jonli mushohada, deganda biz sezgi, idrok, tasavvur kabilarni, yaʼni sezgi aʼzolari orqali tashqi olamning miyaga taʼsiri natijasida paydo boʻladigan inʼiko shakllarini tushunamiz. Sezgi dunyoni inʼiko etishning boshlangʻich shaklidir. Demak, sezgi — obyektiv dunyoning subyektiv intiqosi. U sezgi aʼzolari orqali borliq hodisalari, buyumlarning xususiyat va sifatlarini bir-biri bilan bogʻlanmagan holda aks ettiradi. Idrok qilish hissiy bilishning murakkabroq shakli boʻlib, u sezgi aʼzolariga bevosita taʼsir koʻrsatuvchi buyumni yaxlit holda aks ettiradi. Inson miyasining umumlashtiruvchi faoliyatiga asoslangan bu aks ettirish jarayoniga kishining oldingi tajribalari, abstrakt tafakkurning faoliyati va boshqa ham kelib qoʻshiladi. Shularga asoslangan idrok qilish narsalarning zarurroq, chuqurroq tomonlarini aqlan (fikran) ajratib olishga va bilishga imkon beradi. Miya inson ilgari idrok qilgan narsani oʻz xotirasida saqlab qolish va uni qayta tiklash qobiliyatiga ega. Sezgi aʼzolariga taʼsir koʻrsatmayotgan buyumning ana shunday qayta tiklangan qiyofasi tasavvur deb ataladi. Inson hissiy bilish bosqichida toʻxtab qolmaydi. U mazkur bosqich doirasidan chiqishi, buyumlarning umumiy, zaruriy va muhim xususiyatlari hamda munosabatlarini, ularning bevosita hissiy mushohada qilib boʻlmaydigan qonuniy aloqalarini bilib olishi mumkin. Bunga abstrakt tafakkur — bilishning mantiqiy bosqichi orqali erishiladi. Bilish jarayonining sifat jihatdan yangi, oliy bosqichi — mavhum tafakkur jamiyatdan va tildan tashqarida boʻlmaydi. U amaliyotning, tarixiy taraqqiyotning mahsuli. Tafakkur voqelikning umumlashtirilgan, yaʼni bilvosita aksidir. Tafakkur va til bir-biri bilan chambarchas bogʻlangan. Til boʻlmas ekan — umumlashtirish jarayoni ham boʻlmaydi. Hissiy bilish singari mavhum tafakkur ham muayyan shakllarda roʻy beradi. Bu shakllar tushuncha, muhokama va aqliy xulosalardir. Tushuncha narsa va hodisalarning umumiy va muhim tomonlarini aks ettiradi. Masalan, „odam“ tushunchasi hamma insonlarga xos eng asosiy belgilarni oʻzida mujassam ifoda qiladi. Muhokamada buyumlarda muayyan xususiyatlar mavjudligi taʼkidlanadi yoki inkor qilinadi. Tilda muhokamalar ran orqali ifodalanadi. Bir yoki bir necha muhokama vositasi bilan yangi muhokama olish imkonini beradigan tafakkur shakli aqliy xulosa, deb ataladi.

Bunday usul bilan mavjud bilimlarga tayanib, yangi bilimlar hosil qilinadi. XIX asr va XX asr boshida bilish toʻgʻrisidagi taʼlimotda empirizm, empiriokrititsizm, idealizm, illyuzionizm, pozitivizm, pragmatizm, realizm, sensualizm, skeptitsizm kabi koʻpdankoʻp yoʻnalishlar paydo boʻldi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil