Kontent qismiga oʻtish

Ikki fuqarolik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Bipatridlardan yoʻnaltirildi)

Ikki fuqarolik, bipatridlar — ayni bir vaqtda 2 va undan ortiq davlat fuqaroligiga mansublik. 2 fuqarolik quyidagi hollarda yuzaga keladi: 1) farzand fuqaroligini belgilashda "qon huquqi", yaʼni qaysi davlat hududida tugʻilishidan qatʼi nazar, otaonasi qaysi davlat fuqarosi boʻlsa, shu davlatning fuqarosi boʻlishlik qoidasi qoʻllanadigan davlat fuqarolaridan farzand tugʻilgan vaqtda; "yurt huquqi", yaʼni ota-onasi fuqaroligidan qatʼi nazar, qaysi davlat hududida tugʻilsa, shu davlat fuqarosi boʻlishlik qoidasini qoʻllanadigan davlat hududida farzand tugʻilgan paytda; 2) ayol kishi ajnabiy shaxs bilan nikohda boʻlgan paytda — agar uning mamlakati qonunchiligiga binoan u nikohdan oʻtganidan soʻng fuqarolikdan chiqarilmasa, erining mamlakati qonunchiligiga binoan esa ayolni oʻz-oʻzidan fuqarolikka qabul qilsa; 3) fuqarolik boshqa davlat fuqaroligiga oʻzgartirilgan paytda — agar fuqarolikka qabul qilgan davlatning fuqarolikni oʻzgartirish uchun oldindan roziligi olinmagan boʻlsa. Xalqaro huquqda 2 fuqarolik munosabati bilan yuzaga keladigan masalalar boʻyicha yagona, hamma tan olgan tartib belgilanmagan. Umuman, aksariyat davlatlar 2 fuqarolikka salbiy munosabatdadir. 1930-yil Gaaga konvensiyasida 2 fuqarolikni kamaytirish va tan olmaslik haqidagi xalqaro tamoyil mustahkamlangan. Umum eʼtirof etgan qoidaga koʻra, har bir shaxs faqat bir davlatning fuqarosi boʻla oladi.

Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik toʻgʻrisidagi qonuniga (1992-yil 2 iyul) binoan, yagona fuqarolik joriy qilingan. Oʻzbekistonda yashovchi har bir shaxs fuqarolik huquqiga ega. Hech kim fuqarolikdan yoki fuqarolikni oʻzgartirish huquqidan mahrum etilishi mumkin emas. Yagona fuqarolik: a) davlatning yaxlitligini; b) barcha fuqarolar bir xil huquqiy maqomga ega ekanligini; v) barcha fuqarolar teng huquqligi va ularning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishini anglatadi. Shaxs 2 yoki undan ortiq fuqarolikka ega boʻlgan taqdirda, u qaysi mamlakat bilan eng koʻp uzviy bogʻlangan boʻlsa,: uning uchun oʻsha mamlakat huquqi shaxsiy qonun hisoblanadi. Fuqaroligi boʻlmagan shaxs qaysi mamlakatda doimiy yashab turgan boʻlsa, oʻsha mamlakat huquqi uning shaxsiy qonuni hisoblanadi (FK, 1168-modda). [1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil