Kontent qismiga oʻtish

Birlik (partiya, Oʻzbekiston)

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Birlik
Asoschisi Аbdurahim Poʻlat
Tashkil etilgan 16-noyabr, 1988-yil(1988-11-16)
Gazetasi "Birlik" gazetasi va „Harakat“ jurnali
Xalqaro mansublik  Ozarbayjon Ozarbayjon xalq fronti[1][2]
Aylana stol—Erkin Gruziya
 Tojikiston Tojikiston Demokratik partiyasi[3]
„Ogʻizbirlik“ harakati[4]
Shiori "Kuch birlikda!"
Vebsayt harakat.net

Birlik“ – Oʻzbekistonda rasman roʻyxatdan oʻtmagan oʻng qanot muxolifat siyosiy partiya.

„Birlik“ Oʻzbekiston rasmiy organlari tomonidan bosim ostiga olingan. Partiyaning baʼzi faollari qamoqqa olingan, koʻplab tashkilot aʼzolari mamlakatni tark etishga majbur boʻlgan. Tashkilot 2000-yillardan beri partiyaviy va saylovoldi faoliyatini olib bormagan.

„Birlik“ 1988-yil 16-noyabrda xalq harakati sifatida tashkil topgan va shunga koʻra „Birlik“ Xalq harakati deb nomlangan. Harakatga oʻzbek ziyolilarining bir qancha vakillari va dissidentlar asos solgan. Harakatning dastlabki maqsadi oʻzbek tiliga Oʻzbekiston SSRda davlat tili maqomi berish edi, chunki aslida respublikaning yagona rasmiy tili rus tili boʻlib, oʻzbek tili ikkinchi darajali til hisoblangan. Harakat shu talab bilan koʻplab mitinglar uyushtirgan. 1989-yil 21-oktabrda harakat oʻz talablariga erishdi va oʻzbek tili Oʻzbekiston SSRning davlat tili (rus tili bilan birga) deb tan olindi. Harakat 1989-yil oxiridan boshlab Oʻzbekistonning SSSR tarkibidan mustaqil boʻlishi, mamlakatda demokratik islohotlar oʻtkazish gʻoyasini ilgari sura boshlagan[5][6].

1994-yilda harakat Adliya vazirligida qayta roʻyxatdan oʻta olmagan va noqonuniy deb topilgan. Harakat yetakchilarining aksariyati Oʻzbekistonni tark etgan, qolganlari hibsga olingan. 1995-yilda Harakat aʼzolari Moskvada qurultoy oʻtkazgan.

2003-yil 26-avgustda Qoʻqon shahrida harakat faollaridan birining shaxsiy uyida „Birlik“ partiyasining yashirin taʼsis qurultoyi boʻlib oʻtgan. Qurultoyda harakatning Oʻzbekistondagi bir qancha faollari bevosita ishtirok etgan, ayrim aʼzolari va faollari xorijdan kelgan. Muxolifat yetakchilari esa internet orqali qurultoyga qoʻshilgan. Qurultoyda „Birlik“ xalq harakati ,,Birlik" partiyasiga aylantirilgani eʼlon qilingan. Abdurahim Poʻlat partiya raisi etib saylangan[5].

  1. Vladimir Babak, Demian Vaisman, Aryeh Wasserman. Political Organization in Central Asia and Azerbaijan: Sources and Documents (angl.). – London, Portland (OR), 2004.
  2. Olivier Roy. The New Central Asia: The Creation of Nations (angl.). – London, New York, 1997.
  3. Dagikhudo Dagiev. Regime Transition in Central Asia: Stateness, nationalism and political change in Tajikistan and Uzbekistan (angl.). – London, New York, 2014.
  4. Sally N Cummings. Sovereignty After Empire (angl.). – Edinburgh, 2011.
  5. 5,0 5,1 „Учредительный съезд партии Бирлик“. Радио Свобода. 2021-yil 24-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 22-noyabr.
  6. Yaacov Ro'i. Democracy and Pluralism in Muslim Eurasia, London — New York, 2005 — 152-bet. ISBN 0-714-65225-3.