Kontent qismiga oʻtish

Homiladorlikdan saqlanish

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Boʻyida boʻlishdan saqlanishdan yoʻnaltirildi)

Homiladorlikdan saqlanish, boʻyida boʻlishdan saqlanish — istalmagan homiladorlikka yoʻl qoʻymaslik chora-tadbirlari. Homiladorlikdan saqlanishning tabiiy va sunʼiy usullari mavjud.

Laktatsion amenoreya usuli (LAU) — bu homiladorlikni oldini olishning tabiiy usuli, uni ayollar tugʻruqdan soʻng dastlabki 6 oy ichida faqat koʻkrak suti bilan emizish davrida qoʻllashlari mumkin.

Simpotermal usul — bunda ayol oʻzini hayz kunlarini nazorat qilishi va homilador boʻlib qolish ehtimoli bor, yaʼni "xavfli" kunlarida jinsiy aloqada boʻlmasligi kerak.

Kontratseptiv vositalar: tabletkalar, prezervativ, bachadon ichi spirali va boshqa Tabletkalar tarkibida estrogen va gestagen gormonlari boʻlib, ularning miqdori juda kam va organizm uchun zararsiz (logest, marvelon, diane—35, novinet, femoden), shu sababli jigarga salbiy taʼsiri yoʻq. Hayz davrida ogʻriq va qon koʻp ketishini kamaytiradi. Jinsiy aʼzolarning oʻtkir yalligʻlanishi, qin, bachadon va tuxumdon rakining ayrim turlarini oldini oladi, lekin jinsiy yoʻl bilan yuqadigan kasalliklardan saqlamaydi. Ayol oʻzi istagan paytda tabletka ichishni toʻxtatib, homilador boʻlishi mumkin.

Prezervativ — bu yupqa rezinadan tayyorlangan juda samarali vosita boʻlib, OITS (SPID), zaxm (sifilis), soʻzak (gonoreya) va boshqa jin-siy aloqa orqali yuqadigan kasalliklardan saqlaydi.

BIV (bachadon ichi vositasi) — plastmassadan tayyorlangan kichkina moslama, uning atrofi ingichka mis ip bilan oʻralgan, pastki uchida 2 ta kichkina iplari bor. BIV yuqori samarador va oddiy muolaja boʻlib, uni maxsus oʻrgatilgan mutaxassis-shifokor bajaradi.

DMPA (depo—medroksiprogesteron atsetat yoki Depo-Provera) inʼyeksiya yordamida yuboriladigan kontratseptiv modda; sunʼiy gormondan tarkib topgan boʻlib, tabiiy gormon — proges-teron xususiyatiga ega, u tuxumhu-jayraning yetilishiga toʻsqinlik qiladi. Har 3 oyda bir marta yuboriladigan inʼyeksiya homiladorlikdan saqlanishni taʼminlaydi.

Homiladorlikdan saqlanish vositalarining oʻta afzalliklari bilan bir qatorda, uchrashi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlari ham bor. Har bir ayol organizmi oʻziga xos xususiyatga ega boʻlib, bir organizm uchun foydali narsa boshqasiga zararli boʻlishi ham mumkin. Shuning uchun Homiladorlikdan saqlanishni ahd qilgan ayol oʻziga beziyon kontratseptiv vositalardan foydalanishi va buning uchun albatta doimiy tibbiy koʻrigida boʻladigan oʻz shifokori bilan maslahatlashib olishi kerak. Hozirgi kontratsepsiya vositalari avval mavjud boʻlgan usullardan xavfsiz va yuqori samarali, ularni qoʻllash tez-tez abort qildirishdan koʻra afzalroq. Homiladorlikdan saqlanish usullarini qoʻllash — homilador boʻlish qobiliyatini yoʻqotmagan holda, ayol salomatligini saqlab qolishda eng maqbul yoʻl hisoblanadi.