Kontent qismiga oʻtish

Boʻgʻozlik

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Bo‘g‘ozlikdan yoʻnaltirildi)

Boʻgʻozlik — urgʻochi hayvon organizmida homilani olib yurish davridagi fiziologik holat. Bu jarayon otalanishdan boshlanib yetuk homilaning tugʻilishi bilan tugaydi. Boʻgʻozlik bir homilali va koʻp homilali boʻlishi mumkin. Boʻgʻozlikning kechishiga qarab fiziologik va patologik turlarga boʻlinadi. Fiziologik Boʻgʻozlik ona va homila organizmlarida jarayonlarning meʼyorda kechishi bilan tavsiflanadi. Patologik Boʻgʻozlikda ona va homila organizmida fiziologik jarayonlar buziladi va Boʻgʻozlik muddatiga yetmay tugaydi yoki homila nuqsonli tugʻiladi. Sigir, biya, tuya va boshqa hayvonlar boʻgʻozligi 5—6 oyligidan biqinini paypaslab va toʻgʻri ichakka qoʻl tiqib aniqlanadi. Bunda bola qattiq va qoʻzgʻaluvchan tuyuladi, emchakda sirachsimon modda hosil boʻladi. Boʻgʻozlikning soʻnggi davrida yelin kattalashadi. Quy, echki, choʻchqa, it va boshqa mayda hayvonlar boʻgʻozligi biqinini paypaslab va labratoriyada qon, siydik, sut, yungida serologik, biologik va kimyoviy oʻzgarishlarni tekshirish asosida aniqlanadi. Boʻgʻoz hayvonlarda siklik kuyukish alomatlari yoʻqoladi. Hayvonlar yuvosh, ehtiyotkor boʻlib, tez yurmaydi, ishtahasi ochiladi. Boʻgʻozlikning soʻnggi davrida hayvon ozib, qornining oʻng tomoni nomutanosib oʻzgaradi, shoxlarining asosi ingichkalashadi. Boʻgʻozlik ning normlya borishi uchun boʻgʻoz hayvonlarni toza, yengil ozuqa bilan boqish, qishda sovuq suv ichirmaslik kerak. Sigirlarning tugʻishiga 1,5—2 oy qolganda sogʻishni toʻxtatib, tagiga qalin toʻshama solib turiladi. Ish hayvonlari ogʻir ishda ishlatilmaydi.[1]

  1. Toshpoʻlatov, Ermuhammad."Boʻgʻozlik" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil