Kontent qismiga oʻtish

Boʻkantov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Bo‘kantovdan yoʻnaltirildi)

Boʻkantov — Markaziy Qizilqumdagi qoldiq togʻlar, gʻarbdan janubi-sharqqa yoʻnalgan. Navoiy viloyati hududida. Mutlaq balandligi 500 m. Boʻkantovga Tuhfabergan, Boʻzdoʻngtov, Boʻkantov yassitogʻligi kiradi. Geologik tuzilishi jihatdan paleozoy erasida hosil boʻlgan qadimgi burmali yaxlit togʻli oʻlka qoldigʻi. Mezozoyning quyi bosqichidan to yuqori uchlamchi davrga qadar Qizilqum oʻrnida dengiz boʻlgan, oʻsha davrda Boʻkantov orol tarzida koʻtarilib turgan, keyinchalik usti tekislanib ketgan. Boʻkantovning janubiy yon bagʻri tik va qisqa shimoliy yon bagʻri esa qiya hamda keng. Yon bagʻirlarida quruq soy koʻp. Boʻkantovning iqlimi quruq va keskin kontinental. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 28—30°, dekabr—yanvarning minimum temperaturasi —30°, yillik yogʻin miqdori 100–200 mm. B.da doimiy oqar suvlar yoʻq. Suv buloq va quduqlardan olinadi. Boʻzqoʻngʻir tuproq koʻp uchraydi, shuvoq, boyalich, chitir, betaga oʻsadi; toshbaqa, kaltakesak, echkemar, yumronqoziq, charx ilon yashaydi. Boʻkantov yaylovlarida qorakoʻl qoʻylari boqiladi.[1]

  1. "Boʻkantov" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil