Kontent qismiga oʻtish

Abram Brodskiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Brodskiy Abram Lvovichdan yoʻnaltirildi)
Abram Brodskiy
Tavalludi 7-oktyabr 1882
Rossiya imperiyasi, Kerch
Vafoti 2-yanvar 1943 Toshkent
Fuqaroligi Rossiya Imperiyasi va SSSR
Kasbi Zoolog
Sohasi Biologiya, zoologiya, protozoologiya
Mukofotlari Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan va texnika arbobi

Abram Lvovich Brodskiy (1882-yil, Rossiya imperiyasi, Kerch1943-yil, Toshkent) – zoolog olim. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan va texnika arbobi (1936), biologiya fanlari doktori (1937), professor (1919). Oʻrta Osiyo davlat universiteti rektori (1921—26), umurtqasizlar zoologiyasi kafedrasi mudiri (1920—1943). Brodskiyning ilmiy ishlari protozoologiyaga bagʻishlangan. U tuproqda yashovchi organizmlarni tekshirish va ularning tuproq uchun ahamiyatiga doir masalalar bilan ham shugʻullanib, Oʻrta Osiyoda pedozoologiya (tuproq hayvonlarini oʻrganuvchi fan)ning rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan.

Abram Lvovich Brodskiy Kerchda yahudiy oilasida tugʻilgan. Ota-onasi vafotidan keyin Tulada amakisi M. S. Grinshteyn qoʻlida tarbiyalangan. 1901-yilda Tula viloyati klassik gimnaziyasini tamomlagan va oʻsha yili Moskva davlat universitetining fizika-matematika fakultetining tabiiy fanlar boʻlimiga oʻqishga kirdi. 1902—1904-yillarda hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashgani uchun uch marta universitetdan haydalgan, hibsga olingan, Butirka qamoqxonasiga tashlangan, ammo keyin yana universitetga qabul qilingan. Yana haydalgandan soʻng, u Kerchga uyiga joʻnatildi va u yerda 6 oyni mahalliy qamoqxonada oʻtkazdi. 1905-yilda Sevastopol biologik stansiyasida va Villa Franka zoologik stantsiyasida ishlagan. 1906—1907-yillarda A. L. Brodskiy Geneva universitetida tahsil oldi, protozoalarning morfologiyasi va fiziologiyasi boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi, tabiiy fanlar doktori ilmiy darajasini oldi. 1907-yilda olim Parijga koʻchib oʻtdi va u yerda Paster institutida ishladi. 1908-yilda Rossiyaga qaytib keldi va Moskva davlat universitetiga oʻqishga qayta tiklangandi. 1909-yilda uni birinchi darajali diplom bilan tugatdi[1].

1908—1919-yillarda Brodskiy A. L. Shanyavskiy nomidagi Moskva shahar xalq universitetida va Oliy qishloq xoʻjaligi ayollar kurslarida dars berdi. Toshkentda Turkiston davlat universiteti tashkil etilgach, 1919-yil noyabr oyida Turkiston universitetining Moskva kengashi uni umurtqasizlar zoologiyasi kafedrasi professori etib sayladi. Sharqiy frontda Orenburg operatsiyasi tugagandan soʻng, yangi tashkil etilgan universitet uchun oʻqituvchilar, jihozlar va kutubxonalarni koʻchirish imkoniyati paydo boʻldi. 1920-yil 1-fevralda „ilm-fan poyezdlari“ deb atalgan birinchi poyezd bilan A. L. Brodskiy va oilasi Toshkentga koʻchib oʻtdi. 1920-yilda Turkiston davlat universitetining fizika-matematika fakulteti dekani, 1921-yilda esa Turkiston universiteti rektori (1923-yil iyuldan Oʻrta Osiyo davlat universiteti) etib saylangan. A. L. Brodskiy 1926-yilgacha universitet rektori boʻlib qoldi. 1943-yil vafotigacha umurtqasizlar zoologiyasi kafedrasining doimiy mudiri boʻlib qoldi. 1932—1943-yillarda SASU rektor oʻrinbosari boʻlgan. 1936-yilda A. L. Brodskiyga Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi unvoni berildi[2][3].

1943-yil 2-yanvarda vafot etdi. Toshkentdagi Iskandar maydoniga dafn etilgan. 2000-yilda olimning kuli Botkin qabristoniga koʻchirildi[4].

Ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Brodskiy dunyoga mashhur protozoolog edi. U fan uchun yangi boʻlgan oʻnga yaqin protozoa turlarini tasvirlab berdi. 1927-yil Qoraqum ekspeditsiyasida, choʻl quduqlari tubidagi shoʻr yer osti suvlarida olimlar birinchi marta dengiz foraminiferlarni topdilar. Qoraqum choʻlining yer osti suvlari tuzlari va kislorod miqdori jihatidan dengiz suviga juda yaqin boʻlib chiqdi. Brodskiy bular bir paytlar hozirgi Qoraqumni qoplagan Miosen dengizining qoldiqlari ekanligini taxmin qiladi.

Paxta va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirish zarurati olimni tuproq protozoologiyasi bilan shugʻullanishga majbur qiladi. Tuproq protozoologiyasi boʻyicha ishlar Brodskiyning ilmiy faoliyatida asosiy yoʻnalishi edi. U birinchi boʻlib protozoalarning tuproq unumdorligi va tuproq faolligi koʻrsatkichlari uchun ahamiyati toʻgʻrisida fikr bildirdi. Olim tuproqlarda organik moddalar toʻplanishining eng muhim manbalaridan biri sifatida protozoalarni koʻrsatadi. 1930-yillarning ikkinchi yarmida olim nematodalarga, paxtachilik zararkunandalariga, kauchuk va bogʻdorchilik ekinlariga qarshi kurash bilan shugʻullangan. Urush boshlanishi bilan bu muammo ayniqsa dolzarb boʻlib qoldi. Qizil Armiyani oziq-ovqat bilan taʼminlash uchun minglab gektar yerlarga don ekildi. Brodskiy 50 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi hisoblanadi[5].

U Yelizaveta Grigorevna Grigoreva bilan turmush qurgan. Oʻgʻillari: Aleksandr Abramovich Brodskiy, geolog, Konstantin Abramovich Brodskiy, biolog, dengiz planktonologiyasi va Markaziy Osiyodagi togʻ oqimlari faunasi boʻyicha mutaxassis. Amakivachchasi – nevrolog Aleksandr Mixaylovich Grinshtein.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  1. „Заповедник «Аксу-Джабаглы»“. 2017-yil 2-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 28-aprel.
  2. Lichnoe delo A. L. Brodskogo v Moskovskom universitete: TsIAM: F. 418, op. 315, ed. xr. 101.
  3. „Заповедник «Аксу-Джабаглы»“. 2017-yil 2-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 28-aprel.
  4. „Сквер Кафанова, бывший Александровский“. 2022-yil 21-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 21-iyun.
  5. Korovin Ye. P., Baranov P. A., Pajitnova Z. A. Abram Lvovich Brodskiy kak pedagog i uchyoniy. Sbornik, posvyaщyonniy dvadsatipyatiletiyu nauchnoy i pedagogicheskoy deyatelnosti professora Abrama Lvovicha Brodskogo. / Trudi Sredneaziatskogo Gosudarstvennogo Universiteta. Seriya VII-d, vip. 6. Seriya VIII-a, vip. 30—49. Tashkent: Izdatelstvo Sredneaziatskogo gosudarstvennogo universiteta. 1937. S. 11—22.