Kontent qismiga oʻtish

Baliqchilar

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Chag'alakdan yoʻnaltirildi)

Baliqchilar, chigitchilar, chaykalar (Laridae) — choʻlduqsimonlar turkumiga mansub qushlar oilasi. 45 — 46 turi bor. Bularning ichida eng kattasi (boʻyi 75 sm, ogʻirligi 2,5 kg) Murmansk qirgʻoqlariga uya soluvchi dengiz baliqchisi (Larus marinus), eng kichigi (boʻyi 20 sm, ogʻirligi 50 — 60 g) Boltiq va Oxota dengizlari qirgʻogʻiga uya soluvchi kichik baliqchi (Laras minutus)dip. Baliqchilarning tashqi tuzilishi suv-havo muhitida yashashga moslashgan boʻlib, oyoqlari toʻrt barmoqli, oldingi uchta barmogʻi orasida suzgich pardalari bor. Qanotlari uzun va keng, suv ustida yengil va tez uchishga moslashgan. Boʻyni kalta, tumshugʻi uzun va kuchli boʻlib, ustki qismi ilmoqqa oʻxshab pastga qayrilgan. Patining rangi yoshiga qarab oʻzgaradi. Pati asosan oq, faqat qanotining keyingi qismi, baʼzan boshi qoramtir, kulrang yoki qoʻngʻir boʻladi, yiliga ikki marta — bahor va kuzda tullaydi. Baliqchilar shimoliy va janubiy qutbdan ekvatorga qadar keng tarqalgan. Hayoti suv bilan bogʻliq boʻlsada, suvdan uzoqqa ham uchib ketadi. Baʼzi turlari daryo, koʻl kabi chuchuk suv havzalarida ham yashaydi. Bir dengizdan ikkinchi dengizga daryo va koʻl yoqalab uchib boradi. Koʻp vaqtini havoda oʻtkazadi. Suvda yaxshi suzadi. Koʻp turlari koloniya boʻlib quruqlikka uya soladi. 1—4 dona tuxum qoʻyadi. Balqichilar suv yuzasiga yaqin yuradigan kasallangan va mayda xashaki baliqlar, turli suv va quruklik hasharotlari, qisqichbaqalar va mayda kemiruvchilar bilan oziqlanadi. Zararkunanda hasharotlar va kemiruvchilarni qirib, qishloq xoʻjaligiga foyda yetkazadi. Oʻzbekistonda B.ning 6 turi uchraydi. Bulardan koʻk baliqchi (Larus canus), kumush baliqchi (L. argen-tatus), qorabosh baliqchi (L. iehthyaetus), koʻl baliqchisi (L. ridibundus) degan turlari uya soladi. Qorabosh baliqchi Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil