Kontent qismiga oʻtish

Choʻgirma

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Cho'girmadan yoʻnaltirildi)

Choʻgirma (xorazm shevasida: Choʻrma) – Xorazm erkaklarining an’anaviy bosh kiyimi. Yumaloq shakl berib tikiladigan katta moʻyna telpak[1]. Toʻgalak, sherozi va silkma nomli 3 ta turi mavjud[2]. Xorazm va Qoraqalpogʻistonda rasm boʻlgan[1]. Cho‘girma, soʻzi oʻzbek tilining xorazm shevasiga mansub boʻlib, oʻzbek adabiy tilida ekvivalenti mavjud emas[3].

Xorazmlik musiqachi va hofizlar choʻgirma an’anaviy bosh kiyimini koʻplab yirik tadbirlarda kiygan holda oʻz sanʼatlarini namoyish etishadi[4]. Erkaklar lazgi raqsini ijro etishda ham asosan choʻgirma kiyishadi[5].

Xorazm raqslari ichida choʻgirmadoʻzlarga atalgan „Choʻgirma tikish“ nomli oʻxshatma raqs bor boʻlib, unda choʻgirma tikish jarayoni namoyish etiladi. „Choʻgirma tikish“ oʻxshatma raqsi „Gul ifori“ deb nomlanuvchi hazilomus raqsning „Taqlid ifori“ janriga kiradi. Uni milliy anʼanaviy mazharabozlik teatri artistlari — masxarabozlar ijro etishadi. Bunda artistlar bayram va sayllarda choʻgirma tikuvchilarining choʻgirmadoʻzlikka doir ishlarini kulgili bir tarzda raqsga tushib koʻrsatib berishadi[6]. „Choʻgirma tikish“ raqsi Xorazmda mashhur boʻlgan „Bir aktyor teatri“ nomerlaridan biridir[7].

  1. 1,0 1,1 Ilhomboyeva 2023, s. 219.
  2. „Xorazm vohasi erkaklari anʼanaviy bosh kiyimlarining etnogenetik tahlili“. Xorazmiy.uz (31-may 2013-yil). Qaraldi: 23-avgust 2023-yil.
  3. Ilhomboyeva 2023, s. 220.
  4. Болтаев 2023, s. ?.
  5. Xudayberganova 2022, s. 589.
  6. Fazliyeva 2022, s. 789.
  7. Doʻsanov 2023, s. 3.