Farogʻat Kamolova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Farog'at Kamolovadan yoʻnaltirildi)

Farogʻat Kamolova — 1959-yil 27-martda Jizzax viloyati Jizzax tumanidagi Moʻlkanlik qishlogʻida tugʻilgan. 1981-yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan[1].Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida, „Gulxan“ jurnalida, „Yozuvchi“ nashriyotida faoliyat yuritgan. Farogʻat Kamolova oʻzbek sheʼriyatida oʻz soʻzi, oʻz rangi, oʻz ohangi bilan kirib kelgan shoira. Oʻtgan asrning 80-yillarida oʻsha davr yosh ijodkorlarining juda koʻpchiligini katta adabiyot maydoniga olib kirgan „Guliston“ jurnalida bosilgan shoira sheʼrlari sheʼriyat ixlosmandlari tomonidan qizgʻin olqishlangandi. Oradan oʻtgan vaqt mobaynida Farogʻat Kamolova ularning ishonchini aldamadi, uning sheʼriy toʻplamlari kitob javonlarimizdan munosib oʻrin egalladi. 1985-yilda dastlabki sheʼriy toʻplami — „Osmon parchasi“ chop etildi. Shundan keyin shoiraning „Uzoq safarlar“ (1987), „Bargizub“ (1990), „Holatlar kitobi“ (2000) kabi sheʼriy toʻplamlari nashr qilindi. Farogʻat Kamolovaning har bir satrida ona tabiatga, hayotga boʻlgan samimiy muhabbat ufurib turadi, uning sheʼrlaridagi tiniq tuygʻular, nekbin hayajonlar, eng avvalo, shoira yuragining hamisha, har qanday sharoitda ezgulik va mehru muhabbatga hamnafas yashab ijod qilganidan darak beradi. Shoiraning sheʼrlarida tungi yomgʻirlar shiviri, olislab ketayotgan bolalik turnalarining nolasi, bahor nabadasi silkitib turgan pardalar ortidagi yurakning goh koʻrinib, goh koʻrinmay turgan sirli manzaralari yashirin. Shoira kitoblarining soni koʻp emas, qolaversa, ijodkorning adabiyotdagi oʻrni hech qachon kitoblar soni bilan oʻlchanmaydi. Asl shoirning adabiyotdagi oʻrni, eng avvalo, uning soʻzga boʻlgan masʼuliyati, yangilik izlash matonati bilan belgilanadi. Ayni shu tarafdan baholasak, Farogʻat Kamolova oʻzbek sheʼriyatidagi oʻziga xos ovozga ega shoiralardan biridir. Serb shoirasi Desanka Maksimovich, rumin adabiyoti vakillari Oktavian Goga, Nikita Stenesku, Nikolay Labish, Jorje Bakoviya, Mixay Eminesku, Zaxariya Stanku, Nikita Stenesku, Anna Blandiana sheʼrlarini mahorat bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]