Kontent qismiga oʻtish

Yorugʻlik bilan davolash

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Fototerapiyadan yoʻnaltirildi)

Yorugʻlik bilan davolash, fototerapiya — quyosh nuri yoki sunʼiy manbalar yorugʻligini profilaktika va davolash maqsadida qoʻllash; fizioterapiyanit bir boʻlimi. Sunʼiy manbalarga choʻgʻlanma simi boʻlgan, infraqizil va koʻzga koʻrinadigan nurlar bilan nurlantiradigan apparatlar (infraqizil nurlar bilan nurlantirgich, yorugʻlik issiqligi bilan nurlantirgich — sollyuks. Minin lampasi, mahalliy elektr yorugʻlik vannalari, shuningdek, ultrabinafsha nurlar bilan nurlantirish uchun simobkvarsli lampalar) kiradi. Infraqizil nurlarning fiziologik taʼsiri issiqlikning naf berishiga asoslangan. Ana shu nurlar taʼsirida haroratning koʻtarilishi toʻqimalarda moddalar almashinuvi jarayonining tezlashishiga, tomirlarning reflektor kengayishiga sabab boʻladi, bu esa toʻqimalar oziqlanishining yaxshilanishi, infiltratlarning soʻrilib ketishiga yordam beradi va hokazo. Ultrabinafsha nurlar bilan nurlantirilganda terida biologik faol moddalar (gistamin, D vitamin) hosil boʻladi, ular organizmga umumiy taʼsir koʻrsatib, uning infeksiyalarga chidamliligini oshiradi. Ultrabinafsha nurlar bilan nurlantirish jarayonida issiq sezilmaydi, lekin 2—6 soat oʻtgach, terining nur tekkan joyi qizaradi (eritema). Qizdirish darajasi nurlantirish tezligiga va terining sezuvchanligiga bogʻliq. Yo. b. d.da nur dozasini toʻgʻri tanlash muhim (uni tibbiyot xodimi belgilab beradi). Uy sharoitida vrach koʻrsatmasiga muvofiq faqat Minin lampasidan foydalanish mumkin, bunda nurlantirish tartibi va qoidalariga qatʼiy amal qilish kerak. Kasalxona, poliklinika, sanatoriylar va b. davolashprofilaktika muassasalarida Yo. b. d. apparatlari mavjud. Sovqotish, turli shikastlanishlarda tiklanish hamda infiltratlarning soʻrilib ketish jarayonini tezlatish; furunkulyoz, saramas, nevralgiya, artrit va b.ni davolash, shuningdek, raxitning oldini olish va davolashda Yo. b. d. qoʻllanadi. Silning faol shakli, xavfli oʻsmalar, yuraktomir yetishmovchiligining roʻyrost koʻrinishi, gipertoniya kasalliginint 2, 3bosqichi, ye’rusha karay olmaslik, qalqonsimon bez faoliyatining kuchayishi, buyrak yetishmovchiligi va b. ayrim holatlarda Yo. b. d. tavsiya etilmaydi. [1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil