Kontent qismiga oʻtish

Gʻiyosiddin Pirshoh

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(G'iyosiddin Pirshohdan yoʻnaltirildi)

Gʻiyosiddin Pirshoh (? -1229) — Muhammad Xorazmshohning oʻgʻli. Jaloliddin Manguberdining ukasi. 1217-yil Xorazmshoh Gʻiyosiddin Pirshohga Kermon, Kesh va Makron viloyatlarini bergan. Gʻiyosiddin Pirshoh davlati hududiga moʻgʻullar 10 ming otliq qoʻshin bilan hujum qilganda u qarshilik koʻrsatmay Iroqni talon-toroj etilishiga yoʻl qoʻyib bergan. Moʻgʻullar ketgandan soʻng, ularning oʻrniga mahalliy turkiy amirlar mamlakatni nazorat qila boshlaganlar. Gʻiyosiddin Pirshoh ularni tinchitish uchun turli harbiy darajalar bera boshlagan: amirni malik, malikni esa xon darajasiga koʻtargan. Gʻiyosiddin Pirshoh davlat ishlariga layoqatsiz boʻlib, bu ish bilan onasi Bakluyo shugʻullangan, shu sababli u Turkon xotun kabi Xudovandi Jahon laqabini olgan. Raiyat saltanatdagi beboshlik, adolatsizlikdan norozi edi. Jaloliddin Hindistondan qaytgach, bular barham topgan.

Gʻiyosiddin Pirshoh Jaloliddinning Gruziyaga qilgan yurishida (1225) qatnashib qoʻshinning soʻl qanotini boshqargan. 1227-yil moʻgʻullarning Bayju noʻyon, Taynal noʻyon va boshqa rahbarligidagi qoʻshini bilan Isfahon yaqinida boʻlgan jangda Gʻiyosiddin Pirshoh xiyonatkorona ravishda oʻziga tegishli askarlar va Jaloliddinning Jahon Pahlavon elchi boshchiligidagi harbiy qismi bilan jang maydonini tark etgan. Gʻiyosiddin Pirshoh Hindistonga yoʻl olib, u yerdan xalifaga elchi yuborib akasini tark etgani, xalifalikka qoʻshni boʻlib yashamoqchiligini bildirgan. Huzistondan Alamut, soʻng Kermonga Baroq hojib huzuriga qochgan. Biroq Xorazmshoh Muxammadning yaxshiliklarini unutib zoʻrlik bilan Gʻiyosiddin Pirshohning onasiga uylangan, bir ozdan keyin ularni oʻziga nisbatan suiqasd qilishda ayblab onasini, vazir Karim ash-Sharq va Jahon Pahlavon elchini qatl ettirgan, Gʻiyosiddin Pirshohni esa qalʼaga qamab qoʻygan va keyinchalik oʻldirib boshini mogʻullarga shunday noma bilan yuborgan "Sizlarning ikkita dushmaningiz bor edi, endi esa bitta(yaʼni Jaloliddin) qoldi".